Xavfli kasallik sharpalari

OITS, ya'ni orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi to'g'risidagi dastlabki xabarlar XX asrning oxiriga kelib, Amerika Qo'shma Shtatlarida tarqalgan. Aniqrog'i, 1981 yilda Los-Anjeles va nyu-yorklik gomoseksualistlarda pnevmotsistli pnevmoniya kasalligining 5 holati va Kaposhi sarkomasi kasalligining 26 holati aniqlangan. O'tgan asrning 80-yillarida yangi kasallik sifatida “OITS” nomi bilan kirib kelgan kasallik bugungi kunga kelib dunyoning barcha mamlakatlarida qayd etilgan.

OIV infeksiyasi – odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan, ya'ni klinik belgilarsiz virus tashib yuruvchilikdan immun tizimining og'ir zararlanishigacha olib boradigan, uzoq davom etuvchi surunkali yuqumli kasallikdir. OIV infeksiyasini viruslar chaqiradi. Ushbu virus organizmning immun tizimiga mas'ul bo'lgan oq qon tanachalarini halokatga olib keladi.

Natijada odam organizmi har xil kasalliklarga, shu jumladan, yuqumli kasalliklarga, o'smalarga va odam uchun xavfli bo'lgan kasalliklarga beriluvchan bo'lib qoladi. OIV infeksiyasi uzoq davom etuvchi surunkali yuqumli infeksiyalar qatoriga kiradigan kasallikdir. Insonning virusni yuqtirib olishga moyilligi uning jinsi va yoshidan qat'i nazar bir xil hisoblanadi. Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS) – immunitet tanqisligi virusi odamning immun tizimini shikastlashi natijasida opportunistik infeksiyalar, xavfli o'smalar rivojlanib, asab tizimini izdan chiqaruvchi OIV infeksiyasining so'nggi (terminal) bosqichidir.

OIV retroviruslar oilasiga kiruvchi virus. Retro so'zi “teskari yozuv” ma'nosini anglatadi.

OIV infeksiyasini retroviruslar oilasiga kiruvchi lentiviruslar chaqiradi. Lenti so'zi uzoq davom etuvchi, sekin rivojlanuvchi ma'nosini bildiradi.

Virus bemorning qon hujayralarida, qon zardobida, limfa to'qimalarida, urug' suyuqligida, qin ajratmalarida va ona sutida ko'plab uchraydi.

Ko'z yoshi, so'lak, ter, burun suyuqligi va quloq ajratmasi, peshob, najasda virus miqdori (konsentratsiyasi) kam bo'lganligi sababli kasallikni chaqirmaydi.

Maishiy yuqish yo'li ham inkor etilmaydi. OIV bilan zararlangan shaxslarning ustarasi, pedikyur-manikyur asboblari, tish cho'tkasi orqali yuqishi ham mumkin.

Respublika aholisi orasida OIV tarqalishining dastlabki yillarida giyohvandlar o'rtasida parenteral yo'l orqali tarqalgan bo'lsa, hozirgi kunga kelib OIV infeksiyasi jinsiy yo'l orqali tez-tez yuqishi kuzatilmoqda. Hozirda OIV bilan zararlangan shaxs­larning 70 foizidan ko'prog'i ushbu yo'l orqali kasallikni yuqtirgan.

Jinsiy yo'l orqali infeksiyani yuqtirgan shaxslar orasida besoqolbozlar (erkaklar bilan jinsiy aloqa qiluvchi erkaklar) va biseksualistlar (ham erkaklar, ham ayollar bilan jinsiy aloqa qiluvchi erkaklar) virusning yuqishi va tarqalishida asosiy rol o'ynaydi, betartib va himoyalanmagan intim aloqalar epidemiyani rivojlantiruvchi omil hisoblanadi. Shuning uchun sog'lom turmush tarziga rioya qilish, oilaga sadoqatli bo'lish, betartib jinsiy aloqalardan tiyilish, xavfsiz intim aloqa tamoyillariga amal qilish eng asosiy choralardan biridir.

OIV bilan zararlangan shaxsning qon qoldig'i bo'lgan tibbiy va notibbiy asbob va jihozlar infeksiyaning yuqishida muhim omil hisoblanadi. OIV bilan zararlangan qon va qon mahsulotlari virusning yuqishida muhim o'rin tutadi.

Shu munosabat bilan tibbiy va maishiy xizmat muassasalariga murojaat qilganda, sizga ishlatiladigan tibbiy va notibbiy asboblarning sofligiga ishonch hosil qiling.

Sog'liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi muassasalarda tibbiy muolajalarga ishlatiladigan bir martalik tibbiy jihozlar bemorning yoki unga qarovchi shaxsning ko'z o'ngida ochilishi belgilab qo'yilgan. Shuningdek, bemorlarga ko'p marta ishlatiladigan tibbiy asbob-uskunalar va tibbiy jihozlarning sofligini ta'minlashni tashkil etish muassasa rahbari zimmasiga yuklatilgan.

Har bir inson tomonidan gigiena qoidalariga rioya qilinishi qon orqali yuqadigan kasalliklarning oldini olishda muhimdir. Ustara, tish cho'tkasi, manikyur va pedikyur jamlamalari har bir kishi uchun alohida bo'lishi lozim. Barcha fuqarolar tasodifan boshqalar ishlatgan o'tkir kesuvchi jihozlar bilan jarohat olganda, darhol tibbiy muassasalarga murojaat qilishi va OIV yuqishining oldini olish maqsadida muloqotdan keyingi profilaktika kursini olishi lozimdir.

Keyingi 10 yilda antiretrovirus profilaktika kursini olgan OIV infeksiyali homiladorlardan tug'ilgan bolalar o'rtasida OIV infeksiyasi qayd etilmagan, ya'ni bu profilaktika kursining samaradorligini ko'rsatmoqda.

OIV infeksiyali onalar tabiiy yo'l bilan emas, balki kesarcha usulda kesish orqali tug'ishi maqsadga muvofiqdir. Ular tug'ilgan farzandini ko'krak suti bilan emizmasliklari lozim. Chunki ko'krak sutida virus yuqori miqdorda bo'ladi. Bugungi kunda viruslar tajovuzini bosib turadigan o'ta faol antiretrovirus terapiya kursi mavjud. Bu preparatlar organizmdagi viruslar miqdorini kamaytiradi, yondosh va hayot uchun xavfli bo'lgan kasalliklar rivojlanishining oldini oladi.

Kasallikni erta aniqlash, uni o'z vaqtida davolash hayot sifatini oshiradi va bemor umrini uzaytiradi.

Eng avvalo, infeksiya yuqishining oldini olish kasallikni davolashdan ko'ra afzalligini unutmasligimiz lozim. Sog'lom turmush tarzini yuritish, shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilish salomatligimizni saqlashning asosiy garovidir.

Harakatdagi barcha direktiv hujjatlarda OIV infeksiyasi pandemiyasiga qarshi kurashish faqatgina tibbiyot xodimlarining burchi emas, balki butun jamiyatimizning asosiy burchi ekanligi belgilab qo'yilganligini unutmasligimiz lozim. Zero, tibbiyotning otasi Gippokrat “Inson sog'lig'i uning xulqiga bog'liqdir” deb bejizga aytmagan.

Samarqand viloyati OITSga qarshi kurash markazi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 5 yanvardagi 1-sonli “OITSga qarshi kurash markazlarining tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq faoliyat ko'rsatib kelmoqda.

Samarqand viloyati OITSga qarshi kurash markazi hozirgi kunda Samarqand shahrining Beruniy ko'chasidagi 12-uyda faoliyat ko'rsatmoqda. Markazda uslubiy, profilaktik va epidemiyaga qarshi ishlarni tashkillashtirish, epidemiologiya-monitoring, poliklinika bo'limlari, laboratoriya majmuasi va anonim hamda ishonch xonalari faoliyat ko'rsatmoqda. Undan tashqari, Samarqand, Kattaqo'rg'on shaharlararo, Urgut, Narpay va Ishtixon tumanlararo OIV laboratoriyalari aholiga xizmat ko'rsatadi. Markazdagi barcha bo'limlarning faoliyati Markaz nizomi asosida tashkillashtirilgan.

Profilaktika va epidemiyaga qarshi ishlarni tashkillashtirish bo'limi markazdagi barcha bo'limlarning ish faoliyatlarini jamlab, tegishli va yuqori tashkilotlarga umumiy ma'lumotlar taqdim etadi, markazning ish rejalarini tayyorlaydi, nazorat qiladi, ma'lumotlarni Respublika OITS markaziga va boshqa yuqori turuvchi tashkilotlarga taqdim etib boradi, markaz faoliyatiga bog'liq va direktiv hujjatlar ijrosi yuzasidan buyruq loyihalarini tayyorlaydi, OIV bilan zararlangan onadan bolaga OIV infeksiyasi yuqishining oldini olish profilaktik tadbirlarini olib boradi, direktiv hujjatlar, xatlar, ariza va shikoyatlarning ijrosini ta'minlaydi, joriy va arxiv hujjatlarni yuritish ishlarini olib boradi, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda OIV/OITS kasalligining oldini olish bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishda, uning ijrosini ta'minlashda ishtirok etadi.

Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi qonunlari, mamlakat Prezidenti Farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi va viloyat hokimining qarorlari, Sog'liqni saqlash vazirligining amaldagi Hay'at yig'ilishi qarorlari, ko'rsatmalari, yuqori sog'liqni saqlash tashkilotlari rahbarlari hujjatlari ijrosini ta'minlash bo'yicha tegishli ishlarni tashkil etadi. SEO va JXM va DPM mutaxassislariga OIV infeksiyasining etiologiyasi, epidemiologiyasi, patogenezi, profilaktikasi va epidemiyaga qarshi tadbirlarni tashkil etish bo'yicha amaliy va metodik yordam ko'rsatadi. Tibbiyot xodimlarining OIV infeksiyasi bo'yicha bilim darajasini oshirish maqsadida tashkil etilgan konferensiyalar, seminarlar, trening­larni tashkil etishda qatnashadi va ularning o'tkazilishida ishtirok etadi. OIV infeksiyasi bo'yicha uslubiy qo'llanmalar va yo'riqnomalar, plakatlar, bukletlar ishlab chiqishda qatnashadi. OIV infeksiyasining parenteral yuqish holatlari aniqlangan hollarda DPMlarda OIV infeksiyasining shifoxonada yuqishi gumon qilingan hollarda epidemiologik surishturuv o'tkazishda qatnashadi. Aholi o'rtasida OIV infeksiyasining oldini olish bo'yicha muassasa, tashkilot va idoralarda ma'ruza, suhbat, konferensiya, aksiya va ommaviy tadbirlarni tashkil etishda ishtirok etadi. Xavfli guruhlar (infeksion giyohvandlar, tijorat seks xodimlari, mehnat migrantlari va homiladorlar) orasida OIV infeksiyasining tarqalish darajasini o'rganish maqsadida o'tkaziladigan dozorli epidemiologik nazorat tadqiqotlarida ishtirok etadi. OIV/OITSning oldini olish maqsadida Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlar olib boradi. Shahar va tuman tibbiyot birlashmalari, viloyat davolash profilaktika muassasalarida OIV infeksiyasi yuqishining oldini olish va profilaktika tadbirlari bajarilishi ustidan monitoring o'tkazadi.

Immunoferment tahlil umumiy qon tahlilini aniqlash qon zardobi yoki qon plazmasida OIV antitelolarini aniqlashga asoslangan. Bugungi kunda IFA usulida tekshirish uchun test-sistemalarining 3- hamda 4-avlodidan foydalanilmoqda.

Immunoferment tahlilda soxta manfiy natijalar ham kuzatilishi mumkin. Bunda organizmda OIV virusi mavjud bo'lgan holda tahlilda aniqlanmasligi mumkin. Organizmda “immunologik darcha” davrida, ya'ni OIV bilan zararlangan shaxsda kasallikning erta davrida spetsifik antitelolar paydo bo'lmagan davrda aniqlanadi. OIV bilan zararlanganlarning 90-95 foizida OIV antitelosi 3 oydan keyin; 5-9 foizida 6 oygacha bo'lgan muddatda; 0,5-1 foizida 6 oydan keyin ham aniqlanadi. Immun tizimining buzilishi bilan kechadigan somatik kasallik­larda, autoimmun buzilishlarda, onkologik kasalliklarda, yuqumli bakterial va virusli kasallik­larda, homiladorlikda kuzatiladi.

Ekspress (tezkor) test usuli so'lak, qon zardobi va plazmadagi OIV infeksiyasiga qarshi ishlab chiqarilgan antitelolarni tezkorlik bilan aniqlashga qaratilgan. Ekspress test sinamalarining qulayligi shundaki, bu sinamalar qo'llanilishi uchun alohida o'lchov apparatlari hamda alohida o'qitilgan tibbiyot xodimi talab etilmaydi. Shuningdek, tahlil natijalari immunoferment analiziga nisbatan qisqa vaqt ichida tayyor bo'ladi.

Immunoblot (vestern-blot) usuli faqatgina OIVning maxsus oqsillariga nisbatan paydo bo'ladigan spetsifik antitelolarni aniqlashga asoslangan. Immunoblot usuli IFA musbat natijalarni tasdiqlash usuli bo'lib, yakuniy tashxis qo'yishda ishlatiladi

Polimeraza zanjir reaksiyasi PZR – bu o'ta yuqori sezuvchanlik reaksiyasi bo'lib, qonda OIV bilan zararlangan hujayralardagi provirus DNKsini topish yoki qon plazmasida OIVning genom RNKsini topish maqsadida qo'llaniladi

Laboratoriya namunalari maxsus kiyimda bo'lgan va maxsus tayyorgarlikdan o'tgan mas'ul tibbiy xodim tomonidan maxsus transport vositasi orqali amalga oshiriladi. Biomateriallarni haydovchi yoki tibbiy xodim bo'lmagan shaxslar va jamoat transporti orqali yuborish qat'iyan taqiqlanadi.

Agarda quyidagilarga amal qilinsa, sog'lom turmush tarzi kechirilsa:

— notanish, tartibsiz jinsiy hayot kechiruvchi shaxs­lar bilan pala-partish jinsiy aloqaga kirishishdan saqlanilsa;

— notanish shaxslar bilan jinsiy aloqa qilganda himoya vositalaridan (prezervativdan) foydalanilsa;

— jinsiy aloqa orqali yuqadigan kasalliklardan o'z vaqtida va to'liq davolansa;

— parenteral muolajalar olganda faqat bir marta ishlatiladigan instrumentlar-shprislar va ignalardan foydalanilsa;

— faqat OIVga tekshirilgan qon va qon mahsulotlari ishlatilsa;

— operativ-rejimli tadbirlar chog'ida rezina qo'lqoplardan foydalanilsa;

— boshqa kishining qoni bilan bevosita aloqada bo'lishiga yo'l qo'yilmasa;

— terining ochiq joylari qon va biologik suyuqlik­lar bilan ifloslanganda mo'l suv va sovun bilan yaxshilab yuvilsa;

— steril bo'lmagan igna, o'tkir asboblar bilan teri butunligi buzilganda, qonagan joydan qon oqib chiqishiga imkon berib, zudlik bilan tibbiy xodimlarga murojaat etilsa;

— shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilinsa – birovning soqol olish asbobidan, tish cho'tkasidan foydalanilmasa, OITSga chalinish xavfi yo'qoladi.

Samarqand viloyati OITSga qarshi kurash markazi OITSga chalingan shaxslarning bevosita markazda yotib davolanishini amalga oshirmaydi va davolash uchun o'rinlar mavjud emas.

Xullas, xavfli xastalik sharpalaridan hamisha ogoh bo'lmoq lozim. Unutmang, sog'lig'ingiz o'z qo'lingizdadir.

Zakir UMIRZAQOV,

Samarqand viloyat OITSga qarshi kurashish

markazining bosh shifokori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 − two =