Eng qadrdon gazeta

Saksoninchi yillarning oxiri – to'qsoninchi yillarning boshlarida ertalab nonushta oldidan kioskadan bir dasta gazeta sotib olish, yangiliklarni birinchi bo'lib o'qish, qiziqarli mavzudagi “bomba” maqolalarni yutoqib o'qib, telefon orqali o'qimaganlarning yuragiga cho'g' tashlash odatiy holat edi. Mustaqillik arafasida “uxlab” yotgan ziyolilarni uyg'otish matbuotning zimmasiga tushgandi.
Sobiq tuzumning tushovlari yechilib, hur fikrga yo'l ochilganida ijodkor ziyolilar, jurnalistlar bu vazifani kutilganidan ham ziyoda qilib bajarishdi. “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi bu jarayonda matbuotimizning jasoratli karvonboshisiga aylandi. O'sha yillari “Turkiston” nomi bilan chiqqan yoshlar gazetasi ham jonbozlik ko'rsatdi.
1996 yildan boshlab ular safiga “Hurriyat” ham qo'shildi. Qo'shilganda ham avjni juda balanddan oldi. Shu uch gazeta sahifalarida e'lon qilinayotgan maqolalar jamiyatda ijtimoiy faollikning oshishiga jiddiy turtki berdi. Muhimi – endi matbuot avvalgidek quruq hamdu sano, haybarakallachilik bilan shug'ullanmasligi, ko'zbo'yamachilikdan qochishi, haqiqatlarni ochib, millatni uyg'otishga bel bog'lagan ekan, uning so'zi hamisha xolis, ishonchli, keskin va ayovsiz bo'lishi o'z-o'zidan ravshan bo'ldi.
U yillar o'tdi, faqat avvalgi yutuqlar bilan faxrlanib yuradigan zamon emas hozir. Chunki el-yurt yangilandi, odamlarning dunyoqarashi, tafakkuri, turmush tarzi o'zgardi. To'qsoninchi yillarning boshlarida “O'zboshimchalik bilan mustaqillik e'lon qilganlar erta-indin uzr so'rab qaytib kelishadi”, deya pisanda qilganlar bugun yangi O'zbekistonning dunyo siyosatidagi salmoqli o'rnini, o'zlari uchun biroz o'ng'aysiz bo'lsa-da, e'tirof etishmoqda. Bunday sharoitda milliy matbuot zimmasiga yanada mas'uliyatli vazifa yuklanadi. OAV bugungi davr shiddatiga dosh berishi, dunyoda, mintaqada, yaqin qo'shnilar va mamlakatimizda yuz berayotgan o'zgarishlarni yoritishda va qiyosiy tahlil etishda faol bo'lishlari, har bir nashr o'z yo'li va ovoziga ega bo'lishi talab etiladi. Men “Hurriyat”ni shu ma'noda hamon o'qiyman, uning birinchi soniga imzo chekkanim uchun ham har bir sonini e'tiborsiz qoldirmayman, yutuqlaridan quvonaman.
Albatta, to'qsoninchi yillar boshidagi “Hurriyat” bilan bugungi “Hurriyat” o'rtasida ma'lum farq bor. Shunga qaramay, o'ttiz yoshga yaqinlashayotgan gazetaning ovozi hayotning katta sinovlariga dosh berish uchun olis safarga otlangan yigitning so'ziday qat'iylashib borayotgani meni quvontiradi. Ko'p maqolalar xolis tahlil, qiyosiy mushohada, jurnalistik kuzatuvga boyligini sezmaslik mumkin emas. Yana bir jihati – gazeta yosh hamkasblarimizga o'ziga xos mahorat maktabini o'tab, ularga imkon bermoqda, shu bois mavzulari kengayib, mualliflari safi ortib borayotir.
Gazetaning har bir sonida yangi fikr aytish, zarur taklif yoki tashabbusni jamoatchilikka havola qilish oson ish emas. Ana shunday qiyin, ammo sharafli yo'lni tanlagani uchun “Hurriyat”chilardan mamnunman.
Hech bir mubolag'asiz ayta olamiz: “Hurriyat” — o'z ovoziga ega sevimli gazeta. Unga obuna bo'lmaslik esa aslo mumkin emas!
Ahmadjon MELIBOYEV,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist,
“Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri.