Havoyi she'r kerakmas
Abdurazzoq OBRO'Y
Muallif haqida:
Abdurazzoq OBRO'EV (Abdurazzoq OBRO'Y) — 1956 yil Pastdarg'om tumanida tug'ilgan. 1985 yilda Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.
O'zbekiston milliy axborot agentligi (O'zA), “Mushtum” jurnali, “Vatanparvar” gazetasi tahririyatlarida ishlagan. Harbiy unvoni podpolkovnik. Hozirgi kunda nafaqada.
Hajvchi shoirning “Ho'plam-to'plam”, “Hiring-hiring”, “Bo'ydoq askar”, “Tuxumning qudrati”, “Ayolning qulog'i”, “Ruxsat eting, she'r o'qiyman”, “Sev, avayla, asra O'zbekistonni”, “Uch nuqta”, “Men o'sha o'r, men o'sha zo'rman”, “Adi-badi” singari 15ga yaqin kitoblari nashr etilgan.
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist va “1- darajali mehnat faxriysi” ko'krak nishoni sohibi.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
ERTAGA BIR GAP BO'LAR
G'alatiroq taqdirning ishi,
Tushma sira o'rtaga, do'stim.
Tugarmidi dunyo tashvishi,
Bir gap bo'lar ertaga, do'stim!
O'lmasbek SAMARQANDIYning
“Ertaga bir gap bo'lar” she'ridan.
Xotiningiz tunda bo'lak yotdimi,
Maza qilib yo nosdan otdimi,
Yo boshingiz rosa qotdimi?
Mayli-da, ertaga bir gap bo'lar.
Birov sizga gap otsa… naqaroq,
Bo'lmang, do'stim, hech xafaroq,
Esangiz hamki hatto shapaloq,
Mayli-da, ertaga bir gap bo'lar.
Iching to'yib xo'p yovg'on sho'rvani,
Biroq tashlamang teshik to'rvani,
Tortolmasangiz ham hech aravani,
Mayli-da, ertaga bir gap bo'lar.
Mang'laydan arting achchiq terini,
Payhon qilmang hech o'zga yerini,
O'qing O'lmasbek yozgan shig'irini,
Mayli-da, ertaga bir gap bo'lar.
SEVGILIMNING TO'YIGAChA…
Yig'lab-yig'lab yashay olay,
Sevgilimning to'yigacha.
Sardor RASULOV qo'shig'idan.
So'ng rosa izza qilaman,
So'ng rosa maza qilaman,
Men shunaqa oshiq bolaman.
Yig'lab-yig'lab yashab olay,
Sevgilimning to'yigacha.
Bas, endi o'zim bilaman,
Qo'y, endi so'zing bo'laman,
Majburlab bo'sa olaman.
Yig'lab-yig'lab yashab olay,
Sevgilimning to'yigacha.
Uloqning zotin olaman,
Keyin-chi moshin olaman,
Keyin-chi xotin olaman,
Yig'lab-yig'lab yashab olay,
Sevgilimning to'yigacha.
NIMA ZO'R?
Bu dunyoda nima zo'r?
Sharob to'la ko'za zo'r.
Nozi yo'q qiz boladan
Erdan chiqqan beva zo'r.
Shamsiddin SADOIYning
“Nima zo'r?” she'ridan
Bu dunyoda nima zo'r?
Har kun ichsang bo'za zo'r,
Bu dunyoda nima zo'r?
Har kun olsang bo'sa zo'r.
Bu dunyoda nima zo'r?
Tog'dan tushsa ko'chki zo'r,
Gapdan qaytar echki zo'r,
Tekin bo'lsa muchchi zo'r.
Bu dunyoda nima zo'r?
Marja degan sho'x qiz zo'r,
Ko'zin qisgan ko'k ko'z zo'r,
Ipin uzgan ho'kiz zo'r.
Bu dunyoda nima zo'r?
Tegsa agar toshim zo'r,
Nahor yegan oshim zo'r,
Yana katta boshim zo'r.
Bu dunyoda nima zo'r?
Kirillchadan lotin zo'r,
Ushlab ko'rdim, oltin zo'r,
Mushtlab ko'rdim, xotin zo'r.
Bu dunyoda nima zo'r?
Men erk berdim og'zimga,
Shira yo'qdir she'rimda,
Bir kep qoldi yozdim-da.
EHTIYoT BO'L!
Ayollar bor, yo'q narsani bor qilar,
Ayollar bor, borini ham yo'q qilar.
Himmatbaxshi MUSULMONOVning
“Ayollar bor” she'ridan
Ayollar bor: xohlagancha otadi,
Ayollar bor: pul berganla yotadi.
Ayollar bor: chet ellarda yuradi,
Ayollar bor: hatto erin uradi.
Ayollar bor: taglarida moshina,
Ayollar bor: deysiz misli ajina.
Ayollar bor: o'qib qolsa she'ringni,
Himmatbaxshi shilib olar teringni!
SAXIY ER
Bergan bir bo'sasiga,
Men beraman dunyoni.
Abdul RAHMONning
“Men ham dildor vasfida” she'ridan
Bergan bir bo'sasiga,
Moshinimni beraman.
Bergan bir bo'sasiga,
Oltinimni beraman.
Bergan bir bo'sasiga,
Xotinimni beraman.
O'ZINGDIRSAN SEVGILIM
Suvga tashla, xohi o'tda yoq,
O'zingdirsan sevgilim, iymonim.
Oqiljon HUSANning
“Sevgi satrlari” she'ridan.
Sochimdan tort, qulog'im cho'z,
Mushtla mayli yuzimga.
Qo'llaringni bigiz qilib,
Tiqib olgin ko'zimga.
Basharamga qum soch mayli,
Kesak otgin, tosh otgin.
Agar olma topolmasang,
Kartoshka ot, mosh otgin.
Bir kam bo'lib yurmayin men,
Sensiz to'qson to'qqizday.
Oyog'imga arqon bog'lab,
So'yib tashla ho'kizday.
So'ng qonimdan sharob qilgin,
Solib katta bo'chkaga.
Hech bo'lmasa siyoh bo'lsin,
Sening uchun ruchkaga.
Qurbon qilay sen uchun men
Molu mulkim, bor pulim.
Chidayman-da hammasiga,
O'zingdirsan sevgilim.
IChIMDA IT O'LGAN EKAN
Xayolimga sen kelganda,
Ichimda “qars” etgan nadur?
Ilhom SALIMOVning she'ridan.
Xayolimga sen kelganda,
Ichimda dodlagan nadur?
Xayolimga sen kelganda
Ichimda portlagan nadur?
Xayolimga sen kelganda,
Nega ichim damga to'ldi?
Xayolimda sen kelganda
Eh, ichimda itim o'ldi!
Men burnimni topib oldim,
Teshigini yopib oldim,
Sotib olish uchun paxta
Dorixona tomon bordim.
Ichim katta, zo'r qasr ekan,
O'lik yomon sasir ekan.
Hech kelmaysan, bir yonimga,
Nahotki hid ta'sir etgan!
ShE'RNING YoZILIShI
(O'zimga hazil)
Erkinlikka ishonch yo'q,
Ichimda she'r yozdim men.
Boshqa joyda iloj yo'q,
Ichimda she'r yozdim men.
Ammo-lekin, biroq bor,
Hamma joyda quloq bor,
Hozir kimda yurak bor,
Ichimda she'r yozdim men.
Qog'oz kerak bo'lmadi,
Biror kimsa ko'rmadi,
Ko'nglim uncha to'lmadi,
Ichimda she'r yozdim men.
Bahor o'tdi, yoz o'tdi,
Kuz o'ziga xos o'tdi,
Yolg'on o'tdi, rost o'tdi,
Ichimda she'r yozdim men.
E'tiqod ketib, rosti,
Ishtiyoq kelib, rosti,
Ehtiyot bo'lib, rosti,
Ichimda she'r yozdim men.
Kalta qil sen niyatni,
Kerakmas ziddiyatni,
Qo'yaver “Hurriyat”ni,
Ichimda she'r yozdim men.
She'r o'zida nima bor,
Xalq ko'zida nima bor,
“Xalq so'zi”da nima bor,
Ichimda she'r yozdim men.
She'riyat invalid-da,
Yashayapman tahdid-da.
Chiqmaydi -ku, “Jadid”da,
Ichimda she'r yozdim men.
Hosilsiz yer kerakmas,
Xotinsiz er kerakmas,
Havoyi she'r kerakmas,
Qachon o'zi yozdim men?!