Abdurazzoq OBRO'Y parodiyalari
Abdurazzoq OBRO'Y
Muallif haqida:
Abdurazzoq OBRO'Y — 1956 yilda Pastdarg'om tumanida tug'ilgan.
Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetida o'qigan. O'zA, “Mushtum” jurnali, “Vatanparvar” gazetasi tahririyatlarida faoliyat yuritgan. O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist. O'ndan ziyod hazil she'rlar va parodiyalardan iborat kitoblari chop etilgan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
BIRGA YoTAMAN
Seni yomon ko'raman, yolg'on,
Ammo eng ko'p ko'rinuvchi sen.
Musfira MUNAVVAR,
“Bag'rimning erk yeri”
kitobidan.
Sen yomon ko'raman, avg'on,
Doim sendan cho'chib yuraman.
Seni yomon ko'raman, yovg'on,
Ammo doim ichib yuraman.
Sen yomon ko'raman, qozon,
Biroq har kun suv qaynataman.
Seni yomon ko'raman, somon,
Lek molimga xo'b chaynataman.
Sen yomon ko'raman, moshin,
Gaz yo'q axir, bo'ldi, sotaman.
Seni yomon ko'raman, xotin,
Biroq har tun birga yotaman!
NEGA YoLG'IZ AYoL UYIGA KIRDING?
Uyqu kelmay to'lg'onasan,
Ko'z ilinmay uyg'onasan.
Kunduz xayol bilan yashab,
Kechalari qiynolasan.
Qayumjon ISMATULLAYEV,
“Yolg'iz ayol”.
Boshqa ishing yo'qmi, Qayumjon,
Yolg'iz ayol uyiga kirding!
Yolg'iz ayol ekanmi nimjon,
Yotganini qanaqa ko'rding?!
Yaxshimas-da poylash bevani,
Sog'indingmi yoki “leva”ni?!
Qo'y, yozmagin bunday temani,
O'zga uyga nimaga kirding?!
HAMMASI BIR
Bitta boshqa-bittagina go'r,
Odil Ikrom,
“Xayol maqbarasi” kitobi, 18-bet.
Olloh huzuri deb bilmasman go'rni.
O'sha kitob, 20-bet.
Qo'y, yolg'iz yig'lasin qismat go'rida
O'sha kitob, 24-bet.
Nigohing go'rida saqlagayman jon
O'sha kitob, 37-bet.
Shunda charaqlaydi nurga to'la go'r
O'sha kitob, 38-bet.
Bir so'zni chaynamoq shuncha bo'lama,
Jiddiyroq ishlasa, shoir o'lama?!
Semiz kitoblarni suv bosib ketgan,
Men shoirman degan quv bosib ketgan.
Ishonma, do'stginam, o'zing o'qib ko'r,
Shoir yozganlaring nega buncha g'o'r?!
O'RGATAYMI?
Qo'llarim tutmading, seni kutganda.
Shirina ZIYo.
Silamading sochlarimni,
Ko'rmadingda qoshlarimni,
Chelak-chelak yoshlarimni,
O'rgataymi, hammasini?
Mayli, to'yib ichib olgin,
Keyin rosa chekib olgin,
Asta kelib quchib olgan,
O'rgataymi, hammasini?!
Uzoq kutdim, qaytayapman,
Yolg'iz o'zim yotayapman,
Dardim she'r qib aytayapman,
O'rgataymi, hammasini?!
BO'LAK
Ko'chalarda shod yurgan menmas,
Ishxonada ter to'kkan bo'lak.
Zokir XUDOYShUKUR.
Ko'chalarda mast yurgan menmas,
Loyga botib uxlagan bo'lak.
Senga rosa ko'z qisgan menmas,
Qo'lin musht qib do'q qilgan bo'lak.
Mendan qochib yurgan qiz senmas,
Cho'lpillatib o'pishgan bo'lak.
Menga boqmas o'sha bez senmas,
Bir-birila tepishgan bo'lak.
KALLAGA YaRAShA ALLA
Chapdan borsang, qiz bo'lar,
O'ngdan o'g'il tez bo'lar.
Yo, umuman bormasang,
Xotining ham bez bo'lar.
Alla bolam alla-la,
Boshqa gap yo'q kallada.
Murod Ali O'TAMALI,
“Erkakcha alla”
Bilmam nima ichgansan sen,
Nima yechsang, yechgansan sen.
Bo'ldi, bas qil, allang qursin!
Shu gap chiqqan kallang qursin!
Xohlasang, xo'p, gapdan kelgil,
Menga desa, chapdan kelgil.
Alloh ishi qizmi, o'g'il,
Bilmasang gar, shuni bilgil.
Bo'ldi, bas qil, allang qursin,
Shu gap chiqqan kallang qursin!
ChA-ChA-ChA
Vatan ichra Vatan degandek,
Shahar ichra shaharchalar ko'p.
To'lqin EShBEK,
“Olmazor qasidasi”
Eshik ichra eshik degandek,
Darcha ichra darchachalar ko'p.
Teshik ichra teshik degandek,
Parcha ichra parchachalar ko'p.
Qo'shiq ichra qo'shiq degandek,
Hofiz ichra hofizchalar ko'p.
Qiziq ichra qiziq degandek,
Otarchilar eh, shunchalar ko'p.
Taqlid ichra taqlid degandek,
Kavkaz yurtda kavkazchalar ko'p.
Yaxlit ichra yaxlit degandek,
Tovuqlar oz, xo'rozchalar ko'p.
Kalla ichra kalla degandek,
Do'ppili kam, shapkachalar ko'p.
Salla ichra salla degandek,
Shig'ir to'la papkachalar ko'p.
Doir ichra doir degandek,
Qancha ichra qanchachalar ko'p.
Shoir ichra shoir degandek,
Ko'chirmachi chachachalar ko'p!
KIM BILADI?
Dilda dardim limmo-limdir, kim bilur, kim bilmagay,
Ishq yo'li-mangu yo'ldimdir, kim bilur, kim bilmagay.
Zikrillo NE'MAT VAFOIY,
“Kim bilur, kim bilmagay”.
Qornim to'la norin, shashlik, kim bilur, kim bilmagay,
Birga bo'ldi qalamqoshlik, kim bilur, kim bilmagay.
Uyga kelsam bir paypoq yo'q, kim bilur, kim bilmagay,
Qarg'almagan xesh, aymoq yo'q, kim bilur, kim bilmagay.
Boshga tushdi rosa kavush, kim bilur, kim bilmagay,
Chiqarmadim biror tovush, kim bilur, kim bilmagay.
Xotin menga o'qlov otdi, kim bilur, kim bilmagay,
Shoir yerda uxlovotdi, kim bilur, kim bilmagay.
Zikrilla-chi rosa ozgan, kim bilur, kim bilmagay,
Abdurazzoq, buni yozgan, kim bilur, kim bilmagay.