Olis ketma, sensiz qanday uxlayman…
Abdurazzoq OBRO'Y
Muallif haqida: Abdurazzoq OBRO'Y — 1956 yilda Pastdarg'om tumanida tug'ilgan.
Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetida o'qigan. O'zA, “Mushtum” jurnali, “Vatanparvar” gazetasi tahririyatlarida faoliyat yuritgan. Harbiy unvoni — podpolkovnik. O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist. O'ndan ziyod hazil she'rlar va parodiyalardan iborat kitoblari chop etilgan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
KALLAGA YaRAShA ALLA
Chapdan borsang qiz bo'lar,
O'ngdan o'g'il tez bo'lar.
Yo umuman bormasang,
Xotining ham bez bo'lar.
Alla bolam alla-la,
Boshqa gap yo'q kallada.
Murod Ali O'TAMALIning
“Erkakcha alla” she'ridan.
Bilmam, nima ichgansan sen,
Zo'r botqoqqa kechgansan sen.
Murod Ali yaxshi emas,
Ishton bog'ing … sen.
Bo'ldi, bas qil, allang qursin,
Shu gap chiqqan kallang qursin!
Xohlasang, xo'p, gapdan kelgil,
Mayli, o'ng yo chapdan kelgil.
Alloh ishi qizmi, o'g'il,
Bilmasang gar, shuni bilgil.
Bo'ldi, bas qil, allang qursin,
Shu gap chiqqan kallang qursin!
Tilning jo'ra, suyagi yo'q,
Lab ko'p, ammo bo'yog'i yo'q.
Bunaqangi alla aytma,
Bolalarga keragi yo'q.
Bo'ldi, bas qil, allang qursin,
Shu gap chiqqan kallang qursin!
BALOGARDON
Kecha bag'rimda eding,
Yana sog'indim, yana.
Ahad QAYuM.
Tortib qo'ydim burnimni,
Yana sog'indim, yana.
Yiqqanim yo'q o'rnimni,
Yana sog'indim, yana.
Ko'rsam edi onangni,
Yana sog'indim, yana.
Yasharingan shu tanangni,
Yana sog'indim, yana.
Bu tuyg'uni demanglar,
Xonandaga doirdir.
Hammasiga aybdor
Ahad degan shoirdir.
Bo'ldi, bas, nuqta qo'yay,
Balogardon xotin-da,
Aytaverdi xonanda
Nima bo'lsa matn-da!
2010 yil 1 iyun.
DAVOSI BOR
Tegaman!
Tegaman!
Tegaman!
Qo'shiqdan.
Qaysi hofiz yuribdi,
Shoirlardan she'r so'rab.
Hozir hamma xonanda,
Qo'shiq aytar ersirab.
Tinglab turib qo'shig'in,
Men boshimni egaman.
U-chi rosa baqirar,
Deb: -Tegaman, tegaman!
Kelsa movga mushuk ham,
Bezor qilar miyov deb.
Uyat nima bilmaydi,
O'sha bitta “kuyov” deb.
Aytgin yoqar kimga ham,
Sigir qolsa mo-molab.
Bitta axir chorasi,
Ho'kiz qo'yar “davolab”.
2015 yil 18 fevral.
ETTI QADAM KETSANG…
Magar o'lsam, o,
bag'ringda o'lgim kelar,
Olis ketma,
sensiz bo'zlab qolmasin dil.
Sadoqat QURBONOVAning
“Olis ketma” she'ridan.
Olis ketma, men sigaret chekaman,
Olis ketma, men hattoki ichaman.
Olis ketma, sensiz qanday uchaman,
Olis ketma, boshqasini quchaman.
Olis ketma,
chin yurakdan uflayman,
Olis ketma,
sensiz qanday uxlayman.
Olis ketma, men-chi kimni topaman,
Olis ketma, men-chi kimni o'paman.
Olis ketma, nima bo'lsam bo'layin,
Olis ketma, she'r yozmayin o'layin.
2021 yil 18 noyabr.
BILMADIM…
Bilmadim…
Nafsgami,
Orzugami,
Vosvosgami,
Devonalikkami,
Xullas,
bir narsaga ergashib yuribman.
Baraka BOQIYning
“G'urur” deb nomlangan she'ridan.
Bilmadim…
Allam bormi,
Yallam bormi,
Sallam bormi,
Kallam bormi,
Xullas,
dumaloq narsani ko'tarib yuribman!
Bilmadim…
So'zim bormi,
Ko'zim bormi,
Tuzim bormi,
O'zim bormi,
Xullas,
baqaloq narsani ko'tarib yuribman!
Bilmadim…
Izim bormi,
Bezim bormi,
Sezim bormi,
Esim bormi,
Xullas,
shunaqa narsani ko'tarib yuribman!
Torim bormi,
Orim bormi,
Qorin bormi,
Borim bormi,
Xullas,
anaqa narsani ko'tarib yuribman!
2021 yil 8 noyabr.
OShGA KETGAN O'ShA XULIGAN
Zekrikarli o'tadi hayot,
Erkak zoti bo'lmagan joyda.
Ro'zimurod MAHMUDOVning
“Erkak bo'lmagan joyda” she'ridan.
Baqir-chaqir va mushtlashish yo'q,
Xuddi itday hech tishlashish yo'q,
Asov otday xo'b kishnashish yo'q,
Erkak zoti bo'lmagan joyda.
O'chib yotar bir chetda sotka,
Qadahlarga quyilmas vodka,
Cho'kib ketar dengizga lodka,
Erkak zoti bo'lmagan joyda.
Suhbat bo'lmas xayol haqida,
Par to'shaklar, adyol haqida
Eng muhimi, ayol haqida,
Erkak zoti bo'lmagan joyda.
Hamma joyda ro'mol o'ragan,
Erkak bormi, deya so'ragan,
Oshga ketgan o'sha xuligan,
Erkak zoti bo'lmagan joyda.
2021 yil 21 noyabr.
REKLAMANING ShOIRONA TURI
Turgan edi sumkamda shundoq,
Tilla uzuk, brilliant, boldoq,
Hammasi bor, kitob yo'q , biroq.
“Marhabo”ni kim o'g'irladi?
MARHABOning
“Navoiyni kim o'g'irladi?”she'ridan.
Ho'kiz sotmang juvi bilan-da,
Maymun chaqqon dumi bilan-da,
Yolg'on yozish evi bilan-da,
Kim ham suvni o'g'irlar edi?!
Men bilaman balli, ballisiz,
Shakalod yo tolli, tollisiz,
Yozganlari olli ollisiz,
Kim ham uvni o'g'rilar edi?!
Mayliga, xo'pmi, o'zingiz-ku,
Juda o'tkir ko'zingiz-ku,
Qup-quruq skelet so'zingiz-ku,
Kim ham chuvni o'g'irlar edi?!
Boshni qotirmang, kitob yo'q deb,
Do'konda yotar, go'yo o'q yeb.
Bo'ldi-da, bas-da, qolmang do'q yeb,
Kim ham quvni o'g'irlar edi?!
2022 yil 2 may.
KO'ZLARIMNING OShNASI
Ko'zlarimning ichi to'la dard,
Kipriklarim namlangan ona.
Mirzo OZODning
sarlavhasiz she'ridan.
Ko'zlarimning qorachig'i yo'q,
Ichi to'la qop-qora ko'mir.
Kipriklarim qurib qolganda,
Kipriklarim metallom, temir.
Ko'zlarimning ichiga qarang,
To'lib ketgan chiqindilarga.
Kipriklarim qaramay qo'ygan,
Bunaqangi yig'indilarga.
Ko'zlarimning ichidan chiqdi,
Talay qizning tufli, poshnasi.
Yorim tashlab ketgandan buyon,
Ko'zlarimning shular oshnasi.
2020 yil 18 sentyabr.
SOG'INISh
Men seni sog'inib yashayman,
Sen esa o'zgalar qo'ynida.
Masihullohning
“Daraxtdan to'kildi yaproqlar”
she'ridan.
Turgan edim ko'chada,
Do'stim bilan chekishib.
Ko'chadan o'tib qolding,
Bir yigit-la o'pishib.
Darhol dedim do'stimga:
“Sog'ingandim tozayam.
Yaxshiyam o'tib qoldi,
Bezovtaydim rosayam” .
TANTI ShOIR BOYVAChChA
Balki u kimningdir parisi,
So'rasa jonimni beraman.
Hasan ALMATning
“So'rasa jonimni beraman”
she'ridan.
Mening esim joyida-ku,
Menda shunday qoida-ku,
Bo'lmasa ham bir foyda-ku,
Yot pariga qo'l beraman.
Bu gaplarni qo'ygil dema,
O'z yoringni suygil dema,
Bundoq o'zing tiygil dema,
Yot pariga gul beraman!
Yig'ishtirib orimni men,
Ichib olib dorimni men,
Sarflab butkul borimni men,
Yot pariga pul beraman!
2021 yil 6 noyabr.
O'ZIMGA
Abdurazzoq Obro'yning doim
obro'yi baland,
O'zi o'rtabo'y, lekin so'zining bo'yi baland.
Parodiya g'aznasin paroli unda bordir,
Kulgusi achchiqrog'u, fikriyu o'yi baland.
Eshqobil ShUKUR.
Ne'mat Amin bo'lmoqchiydim,
Boshimda bir oq soch yo'q.
Said Ahmad bo'lmoqchiydim,
Unikiday burun yo'q.
Ergash Karim bo'lmoqchiydim,
Ekranda hech o'rin yo'q.
Shukur aka bo'lmoqchiydim,
Qayda uning shlyapasi?!
Bosh kiyimi g'alatiroq,
Yoqmaydi Ovro'pasi.
Topilibdi qaerdandir
Erkin Vohid kepkasi.
Hech yerda yo'q qo'lyozma bor
Shayxzodaning papkasi.
Muzeyda deb berishmadi
G'afur G'ulom qalpog'in.
She'r yozishda izlayapman
Abdullaning barmog'in.
Tohir Malik bo'lmoqchiydim,
Menda unday toqat yo'q.
Yo maddohlik qilay desam,
Yuragimda xitob yo'q.
Bo'ldi endi sanayverma,
Uraverma menga do'q.
Men-chi, o'zim bo'la qolay,
Boshqa Abdurazzoq yo'q!
2020 yil 21 dekabr.