Parodiyalar
TORTINISh
Ne-ne sanamlarga duch kelganda ham,
O'tib bormoqdaman sevaman demay.
ERNAZARning
“Sevaman demay” she'ridan.
Anovisi ko'zin qisdi,
Manovisi labin burdi.
Og'zin ochib turgan shoir
Tasodifan barin ko'rdi.
Bitta sanam qoshin qoqdi,
Bittasi-chi bejo boqdi.
Ne bo'lsa ham bunday — holat
Er Nazarga juda yoqdi.
Uyaldimi, tortindimi,
Aytishmadi bevaman deb.
Shu bois ham shoir akam
Aytolmadi sevaman deb.
MENDA VA SENDA
Menda halovat yo'q, senda saodat,
Menda farog'at yo'q, senda farosat.
Bahrom G'OYIBning
“G'anim g'animat” she'ridan.
Menda qalpoq yo'q, senda ro'mol,
Menda soch ham yo'q, senda soqol.
Menda quchoq yo'q, senda qo'ltiq,
Menda suyak yo'q, senda qiltiq.
Menda iyak yo'q, senda tirtiq,
Menda yamoq yo'q, senda yirtiq.
Menda pichoq yo'q, senda miltiq,
Menda eshik yo'q, senda teshik.
Menda tarvuz yo'q, senda qovun,
Menda shampun yo'q, senda sovun.
Menda qo'shiq yo'q, senda rubob,
Menda bulbul yo'q, senda asbob.
Menda yo'q yozishga ishtiyoq,
Senda yo'q o'qishga ehtiyoj.
ShE'RNING TUG'ILIShI
Kuylar baqiroq xo'roz
Qu-qu.
Musichalar jo'rovoz
Ku-ku.
Dilshod RAJABning,
“Tanish tovushlar” she'ridan.
Darvozaga tosh otib ko'r,
“Taq” etadi.
Yong'oqni yong'oqqa ur,
“Shaq” etadi.
Yigit qiz-la o'pishsa,
“Cho'lp” etadi.
Dilshod RAJAB eshitsa,
She'r bitadi.
SABRNI KO'RING!
Yo'l boqib sarg'ayib yuzlarim,
Kutyapman, men seni kutyapman.
Komila HILOLning
“Kutyapman” she'ridan.
Do'qlasang ham kutyapman,
Uxlasang ham kutyapman.
Qorangni ko'rsatmaysan,
Tupigimni yutayapman.
U yoq, bu yoq yuraman,
Qachon seni ko'raman
O'z-o'zimga gapirib,
Jinnidayin kulaman.
Xayolimni bo'laman,
Shartta yuzga uraman.
Charchamam kutaverib,
Xo'p, mayliga, o'laman.
Istasayam kutyapman,
Qistasayam kutyapman.
KEChIRISh
Men seni kechirdim, tonggacha yig'lab
Qizargan nigohlar haqqi-hurmati.
Shahriyor ShAVKATning
“Begunoh” she'ridan.
Men seni kechirdim, uzilmadi-yu,
Cho'zilgan qulog'im haqqi-hurmati.
Meni seni kechirdim, shu sinmadi-yu,
Lat yegan oyog'im haqqi-hurmati.
Men seni kechirdim, buzulmadi-yu,
Qizargan basharam haqqi-hurmati.
Men seni kechirdim, yaxshi boylangan
Lek qon oqqan yaram haqqi-hurmati.
Men seni kechirdim, yaxshiyam onang,
Meni ko'rmagani haqqi-hurmati.
Men seni kechirdim, ushlab ob otang,
Mushtlab urmagani haqqi-hurmati.
Men seni kechirdim, uchrashuv menga
Juda yoqqanligi haqqi-hurmati.
Men seni kechirdim, uyda xotinim
Uxlab yotganligi haqqi-hurmati…
MUNChA ARZON SEVASIZ…
Muncha oz sevasiz, yomon sevasiz,
Muncha oz sevasiz, yolg'on sevasiz.
Sanobar MEHMONning
“Sevasiz…” she'ridan.
Muncha kam sevasiz, omon sevasiz,
Muncha kam sevasiz, hamon sevasiz.
Allaqachon men tushinib bo'lganman,
Hamisha manfaat tomon sevasiz.
Muncha sal sevasiz, oson sevasiz,
Muncha sal sevasiz, sarson sevasiz.
Hammani-ku sevib bo'ldingiz rostan,
Meni, ayting, o'zi qachon sevasiz?!
Muncha oz sevasiz, cho'chib sevasiz,
Muncha oz sevasiz, chekib sevasiz.
Martishka degani dugona menga,
Ayting, meni qachon ichib sevasiz?
Muncha oz sevasiz, yomon sevasiz,
Muncha oz sevasiz, yolg'on sevasiz.
Chet ellarda ko'p bo'lganman axir,
Nega meni muncha arzon sevasiz?!
MENI DERMIDING?!
Bir kun g'arib qolsam men gulim,
Cho'ntagimda qolmay bir pulim,
Yuzlaringni burmay shunda ham
Sevarmiding meni sevgilim?
Xurshid KARIMning
“Sevarmiding meni?” she'ridan.
Peshonam ikkiga bo'linsa,
Ko'zimga ajina ko'rinsa,
Kamina bir o'lib tirilsa,
Aytgil, jonim, meni dermiding?!
Boshim bo'lsa xuddi tuxumday,
Qornim bo'lsa go'yoki xumday,
Ovqat yeyish sendan muhimday,
Aytgil, jonim, meni dermiding?!
Oqib tursa suvi burnimdan,
Zo'rg'a tursam men-chi o'rnimdan,
Gaplar otsam men chin ko'nglimdan,
Aytgil, jonim, meni dermiding?!
AFGOR BO'LAYoTGAN ShE'R
Taqdirda shunday bir bozor bo'lsaydi,
Sog'inch hissiyotin sotib olaman.
Gulnoza JO'RAYEVAning she'ridan.
Menga katta burun bozori kerak,
Atrofimda ko'tarilgan burunlar.
Hokim buva aslo solmaydi quloq,
Yaratmoqchi edim-da ish o'rinlar!
Menga katta quloq bozori lozim,
Hokim buva eshitmas hech gaplarim.
Kambag'alga berar edim lavozim,
Uncha og'ir emas mening shartlarim.
Menga katta ishqning bozori darkor,
Ancha hissiyotni sotib olaman.
Sevgi deya qancha so'z qilgan afgor,
Barcha “shig'irlar”ni tortib olaman!
Abdurazzoq Obro'y
Muallif haqida:
Abdurazzoq Obro'y — taniqli hajvchi, shoir va jurnalist. U 1956 yili Pastdarg'om tumanida tug'ilgan. 1985 yilda Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetini bitirgan. O'zbekiston Milliy axborot agentligida, “Mushtum” jurnali, “Vatanparvar” gazetasi tahririyatlarida xizmat qilgan. Nafaqadagi podpolkovnik. “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist” unvoni sohibi. Uning “Xo'plam-to'plam”, “Huring-hiring”, “Tuxumning qudrati”, “Ayolning qulog'i”, “Ruxsat bering she'r o'qiyman”, “Sen avayla, asra O'zbekistonni” singari kitoblari nashr etilgan.