Hokim kubogi

Urganch tuman hokimining tuman maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi bilan hamkorlikda “Hokim kubogi” musobaqasi bo'lib o'tdi.

Urganch tumani hokimi G'ayratjon Sultonov yoshlar bilan suhbatlashish maqsadida uchrashgan paytida o'quvchilardan biri hokimning ixtisosligi huquq fani bo'yicha ekanligidan xabar topib, tuman rahbariga qarata: “Ustoz, bizga “Mahorat darsi” o'tib berishingizni istar edik”, dedi.

Ushbu o'quvchining taklifi ko'plab yoshlar tomonidan ma'qullandi. Tuman hokimi bu taklifga rozi bo'ldi va “Mahorat darsi” o'tishga qaror qildi.

Shunday qilib, huquq faniga qiziquvchi yoshlar bu boradagi bilimlarini yanada mustahkamlashga kirishdilar. Bu darsga qiziquvchilar juda ko'payib ketganligi bois G'.Sultonov “Hokim kubogi” musobaqasini o'tkazishni taklif qildi. Taklif tashabbusga aylandi. Hokimning tashabbusi bilan tumandagi 44 ta maktabda “Hokim kubogi” musobaqasi uchun bellashuvlar boshlandi. Mazkur jarayonda o'quvchilar huquq faniga bo'lgan qiziqishlarini namoyon etishdi. Har bir o'g'il-qiz o'z huquqini bilib oldi. Bundan tashqari, jamiyatda yurish-turish, o'zini tutish, jamoat joylarida odob saqlash borasida birmuncha tushunchaga ega bo'lib, huquq borasidagi ko'pgina savollarga javob izlandi. Yoshlar o'zlarining bilimlarini musobaqaning maktab bosqichida sinovdan o'tkazdilar.

Joriy yilning 30 oktyabr kuni ushbu bellashuvning maktab bosqichlari yakuniga yetdi. Mazkur hududdagi 44 ta maktabning iqtidorli o'quvchilari — birinchi bosqichda g'olib bo'lganlar yakuniy bosqichda ishtirok etdilar.

Birinchi o'rinni tumandagi 5-sonli maktabning 10-sinf o'quvchisi Diana Bekbayeva, ikkinchi va uchinchi o'rinlarni 1-sonli maktabning 11-sinf o'quvchisi Mohira Latipova va 42-sonli maktabning bitiruvchisi Husinboy Matnazarovlar egalladi.

Urganch tumani hokimi yoshlarning ilm-fanga bo'lgan muhabbatini ko'rib, huquq fanini o'qitishga bo'lgan e'tiborni kuchaytirish bo'yicha topshiriq berdi, bu borada o'zlarining mehnatlarini ayamayotgan fidoyi ustozlarga minnatdorlik bildirdi.

O'quvchi yoshlar “Hokim kubogi” musobaqasi natijasida o'zlarining huquqiy bilimlarini yanada oshirib olishmoqda.

Feruza TANGRIBERGANOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five − 2 =