Zo'ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakat

Joriy yilning 25 noyabridan Toshkentda “Zo'ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakat” global kampaniyasi boshlandi. Bu tashabbus Xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonlikka barham berish xalqaro kuni munosabati bilan o'tkazilmoqda. Mazkur kampaniya ayollar va bolalarga nisbatan zo'ravonlikka barham berish uchun jamiyatning barcha qatlamlari sa'y-harakatlarini birlashtirish zarurligini eslatadi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan davra suhbatida Oliy Majlis Senati Raisi, Oila va xotin-qizlar qo'mitasi, BMT, UNFPA, UNICEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish, jumladan, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini ta'minlash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri ekanligiga alohida urg'u berilib, ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash borasidagi islohotlarning ahamiyati borasida fikr yuritildi.

— Davlatimiz rahbarining qat'iy siyosiy irodasi tufayli “Inson qadri uchun” tamoyili asosida zo'ravonlikning har qanday ko'rinishiga qarshi tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Qonunlarimiz takomillashtirildi, jazo choralari qat'iylashtirildi, ushbu illatga qarshi ishlaydigan aniq tizim — Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyati yo'lga qo'yildi.

Lekin qisqa muddatda amalga oshirilgan ishlar va bugungi natijalarimiz — bu borada qilinishi zarur bo'lgan haqiqiy faoliyatga dastlabki qadamdir. Bu yo'nalishda hali muammolar yetarlicha. Buning uchun barchamiz mas'ul bo'lishimiz darkor. Butun jamiyatimiz zo'ravonlikka qarshi kurashish uchun yagona kuchga aylanishi kerak. Befarq bo'lmaslik, zo'ravonlik aniqlanishi va to'xtatilishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish orqali barbod bo'lgan taqdirlar, yo'qolgan umidlarga najot berishimiz mumkin — dedi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva.

 * * *

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi ushbu muhim tashabbusni qo'llab-quvvatlash maqsadida o'z logotipini olov rangga o'zgartirgan.

Olov rang — umid, yorug'lik va zo'ravonliksiz kelajak ramzidir.

Tashabbusni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ham qo'llab-quvvatlagan holda ushbu kampaniyaga qo'shilgan.

Aytish joizki, “Gender asosidagi zo'ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” jahonning 187 ta mamlakatida o'tkaziladi. Bugungi kunda kampaniya 6 mingdan ziyod tashkilot hamda 300 mln kishini qamrab olmoqda.

Aslida, zo'ravonlik — jamiyat uchun katta tahdid bo'lib, u insonning ruhiy va jismoniy salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi. Bu hodisa jamiyatning barcha qatlamlari va barcha yoshdagi insonlar orasida uchraydi.

Zo'ravonlik nafaqat jismoniy, balki psixologik, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan ham kuchli ta'sir ko'rsatadi. Shu sababli, zo'ravonlikka qarshi kurashish va uning oldini olish har birimizning burchimiz hisoblanadi.

Afsuski, ayollar va qizlarga nisbatan zo'ravonlik dunyodagi eng keng tarqalgan va barcha joyda mavjud inson huquqlari buzilishlaridan biri bo'lib qolmoqda. Hisob-kitoblarga ko'ra, dunyoda deyarli har uchinchi ayol hayoti davomida kamida bir marta yaqin sherigi tomonidan jismoniy yoki ruhiy zo'ravonlik va notanish shaxs tomonidan jinsiy zo'ravonlik holatlaridan birini yoki ikkalasini ham boshdan kechiradi.

BMT ayollar va BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi tomonidan Ayollarga nisbatan zo'ravonlikka barham berish uchun kurashish kuni — 25 noyabrda e'lon qilingan xalqaro hisobotga ko'ra, 2023 yilda 85 ming ayol va qiz qasddan odam o'ldirish qurboni bo'lgan. Bundan tashqari, ushbu jinoyatlarning 60 foizi — 51, 1 ming nafari yaqin umr yo'ldoshlari yoki boshqa oila a'zolari tomonidan sodir etilgan.

2008 yildan buyon butun dunyoda, jumladan, O'zbekistonda ham Xalqaro inson huquqlari kuni nishonlanadigan 25 noyabrdan 10 dekabrgacha “16 kunlik faol harakatlar” aksiyasi o'tkazib kelinmoqda.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ayollar va qizlarga nisbatan “zo'ravonlik epidemiyasi”ni “insoniyat uchun sharmandalik” deb atagan.

BMT ayollar tashkiloti rahbari Sima Baxus ayollar va qizlarga nisbatan zo'ravonlikning oldini olish mumkinligini ta'kidlagan: “Bizga kuchli qonunchilik, ma'lumotlar to'plamini yaxshilash, hukumatning mas'uliyatini oshirish, bag'rikenglik madaniyatini yuksaltirish va ayollar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari va institutlarini ko'paytirish kerak”.

Mavjud ma'lumotlar shuni tasdiqlaydiki, vahshiylik qurboni bo'lgan ayollarning katta qismi (22% dan 37% gacha) ilgari sherigi tomonidan jismoniy, jinsiy yoki ruhiy zo'ravonlikka uchragani haqida xabar bergan. Bu shuni ko'rsatadiki, ko'plab qotilliklarning oldini olish mumkin bo'lgan.

Oliy sud Jamoatchilik bilan aloqalar markazi mas'ulining ma'lum qilishicha, O'zbekistonda joriy yilning 10 oyi davomida Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 59-2-moddasi (oilaviy (maishiy) zo'ravonlik) bilan 15 427 nafar shaxs ma'muriy javobgarlikka tortilib, ularning 9 210 nafariga jarima jazosi, 6 217 nafariga esa ma'muriy qamoq jazosi qo'llanilgan.

Xo'sh, bu holatlarning oldini olish va unga qarshi kurashish yo'llari bormi?

Zo'ravonlikka qarshi kurashishda jamiyatning har bir a'zosi faol ishtirok etishi zarur. Bunda nafaqat davlat va huquqni muhofaza qilish organlari, balki har bir insonning mas'uliyati bor.

Zo'ravonlikka qarshi kurashishda eng muhim qadam — xabardorlikni oshirishdir. Jamiyatda zo'ravonlikning zararli ta'sirlarini tushuntirish, oila va maktablarda bolalarni zo'ravonlikning oldini olishga o'rgatish muhimdir.

Shuningdek, davlat organlari tomonidan huquqiy chora-tadbirlar kuchaytirilishi zarur. Zo'ravonlik qilgan shaxslar qonun oldida javobgarlikka tortilishi, jabrlanuvchilarga esa zaruriy yordam va himoya ko'rsatilishi kerak.

Zo'ravonlik qurbonlariga ruhiy va ijtimoiy yordam ko'rsatish ularning travmadan tezroq tiklanishiga yordam beradi. Jabrlanuvchilar atrofidagilarning qo'llab-quvvatlovini his etib, ruhiy xotirjamlikka erishishida psixologlar, ijtimoiy xodimlar va maslahatchilar muhim rol o'ynaydilar.

Zo'ravonlikning oldini olish uchun jamiyatda tenglik va o'zaro hurmatni rivojlantirish kerak. Har qanday tabaqaga mansub insonlar bir-birini hurmat qilishi zarur. Bu esa zo'ravonlikni kamaytirishga katta hissa qo'shadi.

Xulosa qiladigan bo'lsak, zo'ravonlik — jamiyatimizning rivojlanishi va farovonligi yo'lidagi katta to'siqdir. Har birimiz zo'ravonlikka qarshi turish, uning oldini olish va uni kamaytirishga hissa qo'shishimiz lozim. Zo'ravonlikning hech qanday shakli oqlanishi yoki qabul qilinishi mumkin emas. Biz barcha turdagi zo'ravonlikka qarshimiz va jamiyatda tinchlik, hamjihatlik va hurmatni targ'ib qilishda birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Islom ASILBEKOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − two =