Hayitlikka kitob

Xalqimizda yaxshi udum bor. Hayit kunlarida oila a'zolari, yaqinlari, qo'ni-qo'shnilariga hayitliklar ulashadilar. Sirdaryo viloyati, Oqoltin tumanidagi “Saxovat” mahallasi raisasi Shiringul To'rayeva bu udumga yangicha yondashdi. Qurbon hayiti kunlari mahalladoshlariga o'z hisobidan 3 million so'mlik 200 jild badiiy kitoblarni hayitlik sifatida tarqatib chiqdi.

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev millatimizning kitobxon millatga aylanishi borasida ko'p qayg'urmoqdalar, — dedi Sh.To'rayeva. — Zero, mamlakatimiz kelajagini ilmli, bilimli fuqarolar belgilaydi. Kitoblarni tarqatar ekanman, nafaqat maktab o'quvchilari, balki onaxonlar, yosh kelinlar ham juda quvondilar. Jarayonni kuzatib, biz ko'proq ma'naviy ehsonlarni kuchaytirishimiz kerak, degan qat'iy xulosaga keldim. Bu tashabbusni kelgusida an'anaga aylantirishni ko'nglimga tugib qo'ydim. Boisi, ilm yo'lidagi mashaqqatni ta'lim xodimlari bilan bir qatorda mahalla fuqarolar yig'inlari mas'ullari hamda keng jamoatchilik vakillari birday olib borishlari maqsadga muvofiqdir.

Ushbu mahallada oilaviy kutubxonalarni rivojlantirishga ham alohida e'tibor qaratilyapti. Chunki har bir xonadonda kitob bo'lsa, ota-onalar kitob o'qib tursa, farzandlar ham kattalardan taassub olishadi. Ayniqsa, onalar, ayollar kitobxonligiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Zero, millat ayolidan baland bo'lolmaydi, degan hikmat mavjud. Qolaversa, xalqimizda: “Onasi o'qiganning bari o'qiydi”, degan naql bor.

— Yaxshi niyatda boshlagan ishimizni elga ovoza qilmoqchi emasdik, — dedi biz bilan suhbatda Sh.To'rayeva. — Biroq oilamiz a'zolari xayrli tashabbusni keng yoyishimni, ma'naviyatimizni yuksaltirish yo'lidagi qadamimizni odamlar bilishlarini, o'rnak olishlarini istadilar. Zero, biz o'qirmanlar safini kengaytirib, “Kitobsevar millat”ga aylanishimiz lozimligini bot-bot eslatdilar. Shu imdoddan keyin bu haqda keng ommaga oshkor qilishga rozilik berdim…

Xayrli tashabbus, albatta, elimiz uzra qanot bog'lab uchishi kerak. Chunki uning zamirida millat ravnaqi, taraqqiyoti kabi ezgu g'oyalar mujassam. Zamon taraqqiyotining jilovi, shak-shubhasiz, o'qirmanlar qo'lida bo'ladi. Bu isbot talab qilmaydigan haqiqat.

Muhammadali AHMAD

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − seven =