Mahallaga kitob keldi!

— Kitob keldi! Kitob keldi!

Tong saharda “Ulug'obod” mahallasi aholisini mana shu kutilmagan chorlov hush­yor torttirdi. Chunki har saharda ularni: “Sut, qatiq keldi; shirin-shakar tarvuz-qovun oling!” degan ovozlar uyg'otib yuborardi-g'da.

Aslida, tashabbusning tug'ilishi mana bunday bo'lgandi. Guliston shahar Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limining darsliklar bo'yicha metodisti Lola Xushvaqtzoda rahbari oldiga yangi g'oya bilan kirdi.

— Prezidentimiz tashabbuslari bilan yozgi ta'til payti “Dolzarb 90 kun” loyihasi e'lon qilindi. Menga ulov ajratsangiz. Mahallama-mahalla yurib, kunning salqin payti kitoblar sotuvini yo'lga qo'ysak. Ota-onalar, o'quvchilar xarid qilardi. Qo'llarida kitob bo'lsa, bo'sh vaqtlarida mutolaa qilishlariga ishonaman.

Xodimining g'oyasidan Guliston shahar Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi boshlig'i Samandar Artikov mutaassir bo'ldi.

— Taklifingiz jo'yali. Faqat sotuvga olib boriladigan badiiy kitoblarni sinchkov ko'zdan kechiring. Ota-onalar va bolalar uchun manfaatli, qiziqishlarini oshiradigan adabiyotlar bo'lsin. Bo'limimiz tasarrufidagi yangi “Damas” sizning ixtiyoringizda, — dedi S.Artikov.

Fikri qo'llab-quvvatlanganidan xursand bo'lgan L.Xushvaqtzoda kitob savdosi bilan shug'ullanadigan tadbirkor Begzod Bahrom o'g'liga sim qoqdi.

— Qanaqa kitoblar bo'lsin?, – dedi tadbirkor.

— “Kichkina shahzoda”dan tortib, ertagu topishmoqlar bitilgan zo'r adabiyotlardan keltiring. Ayniqsa, bolalar yaxshi ko'radigan suratli ertak kitoblar ko'proq bo'lsin! — dedi L.Xushvaqtzoda.

Sayyor savdoga ajratilgan kitoblarni mutaxassislar nazardan o'tkazishdi. Bari risoladagidek.

Kitoblar ortilgan “Damas” mashinasi shanba kuni tongda Guliston shahrining eng chekka mahallasi — “Ulug'obod” tomon yo'l oldi. Mahallaning qoq markazida to'xtab: “Kitob keldi!” deya ovoza qilindi. Shu payt darvozasining oldini supurayotgan bir ayol mashina tomon peshvoz kela boshladi.

— Opajon, farzandlaringiz uchun yaxshi kitoblar bor, bir ko'z tashlamaysizmi? — deya manzirat qildi L.Xushvaqtzoda.

Onaxon ergashib kelgan qizalog'iga “Alifbo harflari” to'plamini xarid qildi. Biroq qizaloq chiroyli ertak kitobni bag'riga bosib: “Shu kitobni ham olib berasiz!” deb oyoq tirab turib oldi. Kitobxon qizchaga tadbirkor ertak kitobni hadya qildi.

O'zini Flyura opa deb tanishtirgan ayol esa hayratini yashira olmadi:

— Har kuni mahallamizga oziq-ovqat mahsulotlari sotadigan tadbirkorlar kelib turishadi, kitob savdosini yetti uxlab tushimizda ham ko'rmagandik.

Ertalabki salqinda 1-2 soat mahallani aylangan kitob to'la “Damas” anchagina oilalarga ziyo tarqatdi. 1 million so'mga yaqin savdo bo'ldi.

— Bu tashabbusimizning boshlanishi, — dedi Lola Xushvaqtzoda. — Maqsadimiz — “Dolzarb 90 kun” davrida yoshlarimizni kitobga yanada oshno qilish. Har shanba, yakshanba kunlari shahrimizning barcha mahallalarida sayyor kitoblar savdosini yo'lga qo'yishni rejalashtirib oldik. Istardikki, bizning tashabbusimiz butun viloyat, respublikaga yoyilsa. Chunonchi, markazlardan uzoqlarda joylashgan mahallalardagi yoshlar yangi badiiy adabiyotlarga juda tashna.

Muhammadali AHMAD,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 + 6 =