“Uddaburon”larga aldanib qolmang

Qadrli yurtdoshlar!

Yer, mulk, uy-joy bilan bog'liq munosabatlar tarixan qadriyatimizga aylangan. 2024 yilning 5 avgust sanasida Davlatimiz rahbari vatandoshlarimiz uchun muhim bo'lgan yana bir tarixiy Qonunni imzoladi.

Joriy yil 8 noyabrdan millionlab yurtdoshlarimiz kutgan “O'zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo'lgan huquqlarni e'tirof etish to'g'risida”gi qonun kuchga kirdi. Unga ko'ra 2024-2025 yillar uchun tasdiqlangan reja-grafik (https://kadastr.uz/uz/etirof-etish-reja-jadvali) asosida mahallalarda kadastr xodimlari tomonidan xatlov ishlari boshlanadi.

Sizga murojaat qilishimdan maqsad esa ogohlikka chaqirishdir!

Uzoq yillar davomida o'zi yashab kelayotgan uyini qonuniy rasmiylashtirib olishni niyat qilib yurgan insonlar ko'p, ammo vaziyatdan foydalanib, noqonuniy yo'llar bilan daromad qilishni reja qilib yurgan “uddaburon”lar ham yo'q emas. Sizlarni bunday kimsalarning har qanday so'zlari va va'dalariga ishonmaslikka chaqiramiz.

Birinchidan, mahallalar aniq tasdiqlangan reja-grafik asosida xatlovdan o'tkaziladi. Biri qolib, ikkinchisiga o'tilmaydi, ya'ni xalq tili bilan aytganda, “tezlashtirib berishning imkoni yo'q!”

Ikkinchidan, xatlovdan keyin “E'TIROF” dasturi (https://etirof.kadastr.uz/)ga kiritilgan har bir holat bo'yicha 15 dan ortiq vazirlik va idoralar xulosalarini beradi hamda turar joylar kosmik suratlar yordamida tahlil qilinadi.

Uchinchidan, xatlov jarayonida qonun bilan aniq belgilab berilgan 8 ta toifaga kiruvchi holatlar o'rganiladi. Hozirda egallab olib, qurilish qilib qonuniylashtirib olishni reja qilayotganlarga keskin choralar ko'riladi va bu ishlar ham axborot tizimlari orqali nazorat qilinadi. Ishonavering, “tanish-bilish o'tmaydi!”

Hurmatli yurtdoshlar, har qanday holatda ham firibgarlik, tamagirlik yoki korrupsiya holatlariga duch kelsangiz, huquqni muhofaza qilish organlariga xabar bering.

Mazkur Qonunning adolatli va samarali ijro etilishi barchamizga birdek bog'liq ekanligini yoddan chiqarmaylik.

Farrux PO'LATOV,

Kadastr agentligi direktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 4 =