Firibgarning tuzog'i

Ota-bobolarimiz firibgar va yolg'onchi odamni ko'rishsa, o'zlarini ko'rmaganga olib o'tganlar, unaqalar o'tirgan davrada o'tirmaganlar. Ajab, buni bilmaydigan yoki bilsa ham o'zini bilmaslikka oladigan hamyurtlarimiz ham bor ekan.

Barot firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun uch marta sudning qora kursisiga o'tirdi — uch bora jazolandi. Birinchi bor jinoyat ishlari bo'­yicha Sho'rchi tuman sudi uning firibgarlik jinoyatini ko'rib chiqib, o'zgarib qolar, deya yengilroq jazo tayinladi. U yaxshi tomonga o'zgarish o'rniga, “o'z kasbi”ning boshqa qirralarini ko'rsatdi. Ikkinchi safar u jinoyat joyini o'zgartirdi. Ammo qilmishi tezda fosh bo'lib, Qumqo'rg'on tuman sudi tomonidan jazoga tortildi.

Eldoshlari ikki marta qamalgan, bir necha yil ozodlikdan mahrum etilgan, eng ayanchlisi el orasida obro'yi qolmagan Barot Hurramovni qattiq pushaymonda deb o'ylashdi. Endi ko'p qatori yashaydi — boshqalarga ziyon keltirmaydi, deb unga ishonch bildirganlar ham bo'ldi. Ammo ana shu ishonch uning navbatdagi jinoyati uchun qo'l kelishi hech kimning xayoliga kelmadi.   U bir necha hafta davomida, dam olgan kishi bo'lib, uyidan chiqmadi. Qo'ni-qo'shnilarga xushmuomalada bo'lishga harakat qildi. Lekin…

O'rgangan ko'ngil o'rtansa qo'ymas, deganlaridek, bir kuni to'y-hashamlarga kiya­digan kiyimini kiyib, bo'yinbog' taqdi, egniga kastyumini ilib, ko'chaga chiqdi. Ko'zga ko'ringan oshxonalarning biriga ovqatlangani kirdi. Ko'pchilikning unga qiziqayotganlarini sezib, mazkur yemakxonaga kun ora keladigan odat chiqardi. Aslida u xo'rak izlab, to'lg'onib suzayotgan laqqa baliqqa o'xshardi. Nihoyat, ko'zlagan xo'ragini topdi. Shahar chorrahasida eski tanishi Husanni uchratdi. Ular avval qo'l tashlashib, keyin boshlarini qo'chqorlarday to'qishtirdilar.

— E, Barot aka, ko'rinmay qoldingiz? – hol-ahvol so'radi Husan.

— Ishga sho'ng'ib ketganmiz, uka! —o'zini bemalol tutdi u. O'z korxonamni ochsam mazza qilib yuraman, derdim. Qaytaga ishga ko'milib qoldim. Deyarli har hafta Toshkentga boraman, xorijga boradiganlarning hujjatlarini rasmiylashtiraman. Ularni jo'natish, o'zlariga mos ish topib berish. Xullas, shunday ishlar bilan bandman-da!

— Yuring Barot aka, ko'chada emas, biror oshxonada o'tirib gurunglashaylik, — deya taklif bildirdi Husan bu gaplarga qiziqib.

Shunday gapni kutib turgan Barot unga rozilik bildirib, o'ylandi: “Men to'g'rimda hech narsani bilmagan, eshitmagan chog'i, yo'qsa bunday muomala qilmasdi?!”.

Husanboy oshxona xizmatchisiga o'n six kabob buyurib, yaxshilab pishirib kelishini tayinladi.

— So'ramoqning aybi yo'q, haligidan ham olib turasizmi? — so'radi u.

— Sizga o'xshagan yaqinlar bilan bir qo'l, ikki qo'l olib turaman, — o'zini jiddiy tutishga urindi Barot.

Husan oldilariga choy-non keltirib qo'ygan xizmatchiga salat, qatiq shunga o'xshash gazaklar hamda bufetdan bir shisha “tozasi”dan olib kelishini aytdi.

Ular kabob pishguncha bir qo'ldan olishdi. Bir-birlariga sog'liq va omad tilashdi. Birinchisi va ikkinchisi tugul ke­yingi qadahlar orasidan ham “pashsha” uchib o'tolmadi. Gurung qizigandan qizidi. Gap o'rtasida Husanboy o'g'lini Koreyaga ishga yuborish niyatida ekanligini aytib qoldi.

— Boya e'tibor bermagan ko'rinasiz, men xuddi shu ish bilan shug'ullanaman, — dedi Barot o'zini haqiqatan ham shunday vakolatli korxonasi bo'lgan kishiday tutib, — o'tgan hafta ikkitasining hujjatini Toshkentdan o'tkazib keldim.

— Endi… bizga ham bir xizmat qilasiz-da, — ikki qo'lini ko'ksiga qo'ydi Husanboy. — Bizdan nima xizmat, e, qanday xarajat talab qilinadi, demoqchi edim…

— To'qqiz ming AQSh dollari bersangiz, uzog'i bilan uch oy ichida Ko­reyaga jo'naydi.

— Menda uncha pul yo'q, lekin Toshkentda o'g'limda bir oz bor. Qolganini ham topamiz. Xohlasangiz borib, olib kelaman.

— Nima qilasiz ovora bo'lib, —   jonlandi Barot, — shunday ham haftada-ikki haftada Toshkentga borib-qaytaman. O'g'lingiz bilan telefonda gaplashtiring, bo'ldi! Siz uchun ertagayoq yo'lga tushaman.

Husanboy o'g'liga qo'ng'iroq qildi.

Barot Hurramov Husanboyning o'g'li bilan Toshkentda uchrashadigan bo'ldi. Oshxonadagi suhbat-kelishuv anchagacha davom etdi, oxirida bir-birlari bilan o'pishib xayrlashdilar.

Ertasiga Barotboy poezdga chiqmadi, Toshkentga ketayotgan taksiga o'tirdi. Manzilga yetishi bilan Husanning o'g'liga qo'ng'iroq qildi. O'zini tanitdi. Ular kelishilgan joyda uchrashishdi. Otasining gapiga ishongan Xalil hujjatlari bilan 1100 AQSh dollarni unga berdi.

— Amaki, hisobli do'st ayrilmas, deganlar. Keling, notarius orqali qarz shartnomasi tuzaylik, — dedi Xalil ehtiyot chorasini ko'rib.

Shunday qilishdi. Hujjatga ko'ra Barot Husanboyning o'g'li Xalildan shuncha miqdorda “qarz” olgan bo'ldi. Ikkinchi marta yana shuncha pul “oldi-berdi”si haqida shartnoma tuman markazidagi notarius idorasida imzolandi va avvalgi oshxonada qahramonimizga ziyofat berildi.

O'tgan yilning oxirgi oyi   Barot Husanboyga qo'ng'iroq qilib, 200 ko'kidan kerakligini bildirdi. Xom sut emgan “xo'rak” ishonib, o'z qo'li bilan so'ralgan miqdordagi pulni berdi. Barotdan, “O'g'lingiz tayyor tursin, yangi yilning boshida birinchilardan bo'lib Koreyaga uchadi”, — degan va'dani oldi. Afsuski, va'da berilgan yangi yilning ikkitasi o'tib ketdi. Barotboy esa Husanga tutqich bermay qo'shni tumanlardan yana xo'rak topish bilan band bo'ldi. “Buzoqning yugurgani somonxonagacha” deganlaridek, oxiri qo'lga tushdi.

Firibgar Husan bilan yuzlashtirilganda, olgan pulimni qaytarib berganman, deb turib oldi. Ammo uning yolg'oni ish bermadi. Sud Barot Hurramovning fuqaro Husan Tilloyevga 2400 AQSh dollari, ya'ni 25144608 so'm firibgarlik yo'li bilan ziyon yetkazganlikda aybdor deb topdi va u uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Shu o'rinda bir mulohaza. Bu dunyoda harom luqmadan, o'zgalarni chuv tushirib, aldab pulini, molini yeyishdan hazar qilmaydigan kimsalar ham kam emas. Shu bois bugun eng ko'p uchraydigan jinoyatlardan biri tovlamachilik, firibgarlik bo'lib, bundaylardan jabr ko'rganlar soni ortib bormoqda. Xalqimiz orasida ularga aldanib qolayotgan, tayyor “xo'rak”ka aylanayotgan yurtdoshlarimizga aytar so'zimiz shu: har bir ishni qonuniy hal qilishni o'rganing, huquqiy bilim, saviyangizni oshiring. Ogoh bo'ling!

M. HAKIMOV,

jinoyat ishlari bo'yicha

Sho'rchi tuman sudi raisi.

Ch.QORAQULOV,

sud maslahatchisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − fifteen =