Bedor ko'ngil kashfiyotlari

Chirchiq davlat pedagogika universitetida gumanitar fanlar fakulteti o'zbek adabiyotshunosligi kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi, hassos shoira Gulandom Tog'ayevaning “Ishq handasasi” kitobi taqdimotiga bag'ishlangan “Ishq elining ovoziman” nomli ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi. Unda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolari, yozuvchi va shoirlar, universitet rahbariyati, professor-o'qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.
Ko'tarinki ruhda o'tgan adabiy anjumanda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o'rinbosari G'ayrat Majid, O'zbekiston xalq shoiri, senator Mahmud Toir, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, shoir va tarjimon Salim Ashur, “Shuhrat” medali sohibasi, shoira Zilola Xo'janiyozova, va shoir Shodmonqul Salom so'zga chiqib, Gulandom Tog'ayevaning ijodi, ilmiy-pedagogik va jurnalistik faoliyati xususida so'z yuritdilar.
Tadbir mehmonlariga universitet rektori, O'zbekiston Respublikasi fan arbobi, professor G'ofurjon Muhammedov tomonidan esdalik sovg'alari topshirildi. Shuningdek, mazkur oliy ta'lim rahbari G'.Muhammedovga gumanitar fanlar fakulteti dekani, yuridik fanlar nomzodi, dotsent Ravshan Ikramov boshchiligida fakultet jamoasi va ijodiy to'garak nomidan she'riy esdalik sovg'a taqdim etildi.
Ijodiy uchrashuvda to'garak a'zolari shoiraning she'rlaridan namunalarni ifodali o'qishdi. Talabalar tomonidan shoiraning she'rlariga kuy bastalangan qo'shiqlar ijro etildi. Vatan, ota-ona va yaqinlarga bo'lgan muhabbat tuyg'ulari yana bir bor qalblarimizda naqsh kabi sayqallandi.
“Ishq handasasi” kitobining birinchi o'quvchilaridan biri sifatida so'zga chiqib, qariyb 500 nafar kishining munosabatini kuzatdim. Anjumandagilar mubolag'asiz, sahnada o'qilgan she'rlarni jon qulog'i bilan tinglashdi. Zaldagilarning har birining qalbida adabiyotga mehr bor. She'riyatga, Gulandom Tog'ayeva ijodiga shaydolik, oshiqlik bor. Kitob taqdimoti haqiqiy adabiyot bayramiga aylandi.
Gulandom Tog'ayeva haqidagi filmni barcha qiziqish bilan tomosha qildi. Sobiq ittifoq davrida Gulandom Tog'ayevaning o'quvchilik yillari haqida “O'zkinoxronika” ijodkorlari tomonidan bir film ishlangan va u Moskva televideniesida namoyish etilgan. Unda o'zbekistonlik o'quvchi qizning orzulari, so'zga shaydoligi, tabiatga oshnoligi hikoya qilingan edi. Davrada ishtirok etganlar — katta avlod vakillari shu kinoni ko'rib, o'zlarida adabiyotga, she'riyatga qiziqish boshlanganini e'tirof etdilar.
“Ishq handasasi” kitobi adabiyot ixlosmandlari uchun chin ma'nodagi noyob tuhfa bo'ldi. Chunki shoiraning kitobga kiritilgan har bir she'rida ko'ngil bor, hayrat, ishq, oshiqlik bor.
O'rgilay, hovuchi durlarga to'la,
Quyoshga hamsoya dehqonlaringdan.
Tillo ostonasi oyga ashula,
Qaldirg'och in qurgan ayvonlaringdan.
Sevaman, shu so'zda jam bo'ldi dunyo.
Shu so'z yetishmasa kam bo'ldi dunyo.
Yurtim, tabassuming oftobday issiq,
Bu oftob oldida sham bo'ldi dunyo!
Adabiyot anjumanida mana shunday go'zal misralarni talabalar to'lib-toshib aytib berishdi. Bu she'rlar har qanday o'quvchining, har qanday yoshdagi she'riyat ixlosmandining qalbiga jo'shqinlik soladi. Vatanga bo'lgan muhabbatni ustuvor etadi. Bu misralar ruhiyatingizning uzoq puchmoqlarida mudrab yotgan tuyg'ular, hissiyotlarni jonlantiradi.
Yangi nashrdan chiqqan “Ishq handasasi” kitobida ijodkorning turli davrlarda yozgan she'rlari kiritilgan. Bu kitobni olib o'qisangiz, shoiraning ilk ijodi, she'riyatdagi yuksalishlarini birgina shu kitob orqali bilib olasiz. Bu kitobni o'qib, siz… shoira bilan birga oyga ham uchasiz, Suvaydoga ham yo'l olasiz. Demak, “Ishq handasasi” kitobini olish, o'qish, uqish qoldi. Gulandom Tog'ayeva she'rlarini mutolaa qilib, ko'ngillaringizga hayrat, zavq olasiz, she'riyat dunyosiga oshno bo'lasiz.
Uljamol XONNAYEVA,
O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy
kommunikatsiyalar universiteti
xalqaro va audiovizual jurnalistika
kafedrasi katta o'qituvchisi,
“Oltin qalam” milliy
mukofoti sovrindori.