Farg'onaning ikki chinori edi

O'zbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimov va taniqli adib Yo'ldosh Sulaymon xotirasiga bag'ishlangan ilmiy-amaliy anjuman Farg'ona shahrida bo'lib o'tdi
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg'ona viloyati bo'limi tashabbusi bilan o'zbek adabiyoti va jurnalistikasi rivojiga munosib hissa qo'shgan taniqli adiblar – O'zbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimov hamda shoir va yozuvchi Yo'ldosh Sulaymon tavalludining 90 yilligiga bag'ishlab ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Unda viloyat hokimligi mas'ul xodimlari, respublikamizning taniqli adabiyotshunos olimlari, yozuvchi-shoirlar, jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, yosh ijodkorlar, ustozlarning oila a'zolari ishtirok etdi.
— Farg'onaning katta ikki chinoriga qiyos bo'lgan mashhur adiblar garchi nasr va nazmda o'lmas asarlar yaratgan bo'lsalar-da, umrlarini matbuot bilan bog'lashgan, “Kommuna” (hozirgi “Farg'ona haqiqati”) gazetasi tahririyati ijodiy muhitida kamol topganlar. Yo'ldosh Sulaymon adabiyot bo'limini boshqargan. O'nlab yosh yozuvchi, shoir, iste'dod egalarining birinchi asarlari aynan uning tahriri ostida gazeta sahifalarida chop etilgan. “Dardim sig'mas dunyoga” she'riy to'plami, “Subhidam”, “Vafo” romanlari o'z vaqtida adabiyot olamida ulkan voqelik bo'lgan.
Oxunjon Hakimov ham “Farg'ona haqiqati” va mamlakatning yetakchi gazetasida bir necha yillar fidoyilik bilan mehnat qildi. Uning felyetonlari o'sha zamon korchalon, poraxo'r, korrupsionerlarini ayovsiz fosh qilgan. Tahliliy maqolalari hamon yosh jurnalistlarning mahorat maktablarida o'rganiladi. Yozuvchiga katta shuhrat keltirgan yirik she'rlari, qissa va romanlari, qator pyesa va publitsistik maqolalarida ko'tarilgan muammolar bugun ham dolzarb, — dedi O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg'ona viloyati bo'limi raisi Muhammadjon Obidov adabiy kechani ochar ekan.
Anjuman avvalida esa Oxunjon Hakimovning hayoti va ijodi aks ettirilgan videolavha namoyish etildi. Adib siymosi, uning teran fikrlari barchani uzoq va yaqin o'tmishga chorladi. Yig'ilganlar ko'z oldida ijodkor bilan bog'liq xotiralar qayta jonlandi.
“Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev Oxunjon Hakimovning hayot va ijodi, inson sifatidagi fazilatlari, shoirning so'nggi tarixiy romani — “Xiva bosqini”ning yozilish tarixi bilan bog'liq voqeliklar, Yo'ldosh Sulaymon romanlaridagi o'ziga xoslik, adibning ijodiy faoliyati haqida fikr yuritdi.
— Ikki buyuk ijodkor haqiqiy ma'noda o'zbek jurnalistikasining darg'alari edi. Ular bir davrda yashashdi, birga ijod qildi. Yaqin do'st sifatida davrning pastu balandidan bir-birini suyab o'tishdi, og'iru yengilini yelkama-elka ko'tarishdi, — dedi Ahmadjon Meliboyev. — Esimda, Yo'ldosh Sulaymon poytaxtda bir muddat xizmat qilib yurganida, uni nazm orqali Farg'onaga chorlagan Oxunjon Hakimov dilidagi do'stona kalomlarini she'riy satrlarga ko'chirgandi.
Tadbirda so'z olgan O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o'rinbosari, taniqli shoira Farida Afro'z, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalistlar — “Yangi O'zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalari bosh muharriri, senator Husan Ermatov, “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri Farmon Toshev, “Saodat” jurnali bosh muharriri, shoira Munavvara Usmonova, adabiyotshunos olim, Farg'ona davlat universiteti professori Yo'ldosh Solijonov, yozuvchi va dramaturg Saydali Odilov, “Quva hayoti” gazetasi bosh muharriri, shoira Zuhra Aliyeva va boshqa ziyolilar Oxunjon Hakimov va Yo'ldosh Sulaymonning ijodkor sifatidagi ulkan adabiy merosi, asarlarining o'ziga xos tomonlari hamda insoniy fazilatlari haqida gapirdilar. Birga kechgan davrlarni eslab, xotiralarini o'rtoqlashdilar.
— Biz yangi avlod vakillari farg'onalik adiblar Oxunjon Hakimov va Yo'ldosh Sulaymon haqida, ularning o'ziga xos ijod maktablari xususida ustoz adiblardan ko'p eshitganmiz, — dedi “Yangi O'zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Salim Doniyorov. — Oxunjon Hakimovni haqiqat va sadoqat kuychisi, zabardast yozuvchi, mohir publitsist sifatida bilsak, Yo'ldosh Sulaymon bolalar adabiyotining ko'zga ko'ringan adibi, chin ma'nodagi xalq jurnalisti bo'lganligi yodimizda qolgan. U xonada emas, xalq orasida yurib ijod qilishni xush ko'rgan. Uning qalamida xalqning og'rig'i ham, orzu-umidi ham ro'yi rost ifodalangan.
Yo'ldosh Sulaymon va Oxunjon Hakimovdek adiblar nafaqat farg'onaliklar, balki mamlakat ijodkorlarining hurmat va e'tiborida bo'lgan, desak, yanglishmaymiz. Ikki shoir, yozuvchi va jurnalist yaratgan badiiy asarlar, publitsistik maqolalar, drama, pyesalar o'zbek adabiyoti va jurnalistikasida yorqin iz qoldirgani haqiqat.
— Ustoz Oxunjon aka har bir insondagi fidokorlikni, ezgulikni ko'ra bilish qobiliyatiga ega edi. U shunchaki she'r yozmasdi, yurakdan chiqarib qog'oz qoralardi. Shu bois uning yuzlab she'r va g'azallari qo'shiqqa aylanib, mashhur xonandalar ijrosida kuylanadi. Yo'ldosh Sulaymonning asarlari xalqona, tili sodda va ravon edi, ularni o'qib, o'zingizni qahramonlar bilan birga his qilasiz. Ikki adib Farg'ona adabiyotining mashhur namoyandalari bo'lgan, — dedi “XXI asr” gazetasi bosh muharriri, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Norqobil Jalil.
Tadbirda Oxunjon Hakimov bilan hamnafas o'tgan onlarini yodga olarkan, shoira Munavvara Usmonova shunday dedi:
— Oxunjon aka halim inson edi. Kamtarlik va insoniy odob uning hayot yo'lini bir umr bezadi. Yo'ldosh Sulaymon yomonga ham yaxshi ko'z bilan boqa oladigan haqiqiy ochiqko'ngil inson sifatida ko'plab shogirdlar uchun hayot maktabini yaratib ketdi. Ular bu olamni tark etsalar-da, qoldirgan adabiy xazinalari hamon kitobxonlar bilan so'zlashmoqda.
Oxunjon Hakimovning qizi Dildora opa ushbu xotira kechasini tashkil etganlarga minnatdorlik bildirgan holda dadasining sermazmun va ibratli umr yo'li, yozgan asarlarining yaratilish tarixi haqida so'z yuritdi.
— Hayotda dadamning o'z qat'iy tamoyillari bo'lib, bir umr ularga amal qilib yashadi. Bular: halollik, to'g'rilik, haqiqatning ko'ziga tik qarash, mehnatsevarlik edi, — dedi u. — Tartib-intizomni, rejali ishni yaxshi ko'rardilar, boshqalardan ham shuni talab qilardi. Hozir o'ylab, o'zimga o'zim aytaman: shuning uchun ham barcha ishlarida katta unum, samara bo'lgan.
Shu o'rinda ta'kidlash joizki, shoir yashagan ko'chaga “Oxunjon Hakimov” nomi berilgan, u yashagan xonadonga esa “Bu uyda O'zbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimov yashagan” degan lavha o'rnatilgan.
Ishonchimiz komil, ikki ijodkorning nomi, ular yaratgan badiiy asarlar yana uzoq yillar o'zbek jurnalistikasi va adabiyotida, navqiron avlod qalbida ehtirom bilan yodga olinadi.
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg'ona viloyati bo'limi Oxunjon Hakimov va Yo'ldosh Sulaymon xotirasiga bag'ishlangan bu kabi adabiy kechalarni viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham o'tkazishni belgilagan.
O'z muxbirimiz.
BAG'IShLOV
Kim-kimlar o'tmagan qadim diyorda,
To'lqinday jo'sh urib ikki qadrdon.
Bir kelib ketdilar erka bahorday –
Oxunjon Hakimu Yo'ldosh Sulaymon.
Yuragi buloqday qaynoq va toza,
Baland cho'qqilardek g'ururli, shoyon.
So'zlari bulbulga havas, andoza –
Oxunjon Hakimu Yo'ldosh Sulaymon.
Ularga yot edi “dedi-dedi”lar,
Ko'ksi osmon edi – yulduzli osmon.
Kamtarin, kamsuqum inson edilar
Oxunjon Hakimu Yo'ldosh Sulaymon.
Derlarki, shoirlar qalbining rangi
Zaminu davronni titratar hamon.
Million dillarga nur sochgay mangu –
Oxunjon Hakimu Yo'ldosh Sulaymon.
Vatan volidadir – doim parvona,
Mehru muhabbati dunyoi jahon.
Bugun yodlayotir sizni Farg'ona –
Oxunjon Hakimu Yo'ldosh Sulaymon.
Yurakdan to'kilgan har so'z, har kalom,
O'chmagay o'tsa ham evrilish, zamon.
Sizga mangu ta'zim, mangu ehtirom –
Oxunjon Hakimu Yo'ldosh Sulaymon.
Abdusaid KO'ChIMOV,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi.