Amir Temur jangovar bayrog'i

O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 33 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bo'lib o'tgan harbiy muassasalar o'rtasidagi musobaqada Janubi-G'arbiy maxsus harbiy okrugi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondoni tomonidan ta'sis etilgan “Amir Temur jangovar bayrog'i” bilan taqdirlandi.

 

Yurtboshim farmoni bu,

Bu — Jangovar bayrog'i!

Hilpiraydi ulug'vor —

Shahri Keshning armoni!

 

Jasorat, matonatning

Timsolidir bu yalov!

Vatan posbonlarining

Mayog'i, yal-yal olov!

 

Jangovar qadam tashlab,

Harbiylar kelar mag'rur.

Qashqadaryo ahliga

Bu bayroq faxr, g'urur!

 

Yurtboshim ishonchini

Oqlar zobit-askarlar!

Surxonu Qashqadaryo,

Buxorolik navkarlar!

 

Vatan bittadir, Vatan,

Shonu shavkat yagona!

Biz xalq bo'lsak, o, xalqim,

Qadam qo'ymas begona!

 

Temur tug'rosini biz

Ko'targaymiz boshlarda.

G'ururli xalq hech o'lmas,

Matonat, bardoshlarda.

 

Amir Temurning qoni —

Shiddat tomirimizda.

Vatan — ona, Vatan — yor

Nomusu orimizda…

 

Uch qit'ani zabt etgan

O'sha bayroq — bu bayroq!

Baland-baland hilpirar,

Boy bormi bizdan boyroq?!

 

Yurtboshim farmoni bu,

Bu — Jangovar bayrog'i —

Amir Temur bayrog'i!

Sohibqiron bayrog'i!..

G'ulom EGAMShUKUR

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + 15 =