Matonat

Paralimpiya chempionlariga

Rustam MUSURMON,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi,

Qoraqalpog'iston xalq shoiri.

Mushtdek birlashmoqni istadi jahon,

Olimpiadaga intildi olam.

Parij — “Barcha uchun keng ochiq maydon!”  —

Kenglikka chorladi olamni birdam.

 

Tenglik va erkinlik kerak insonga,

Ona Yerning mehri daryo, bag'ri keng.

Zamin egnidagi bitta choponga

Bir xalq yoqa bo'lar,

Bir xalq bo'lar yeng.

 

Chempionlar zafar qozongan chog'i

Yog'ildi millatlar faxriyalari,

Ko'kka ko'tarildi xalqlar bayrog'i,

Yangradi davlatlar madhiyalari.

 

Bahodirlarimning qonida daho,

Faxr etaman, mening millatim ilg'or.

Oltin yulduz sochdi necha bor samo,

Bayrog'imni o'pdi osmon necha bor.

 

Kim ham shon-shuhratga, axir, o'ch emas?!

Adolatli hakam bo'ldi diyonat.

Yuzma-yuz kurashda yovuz kuch emas,

G'alaba qozondi mardlik, matonat.

 

Botirlar maydonga tushdi or uchun,

Sezdim matonatning zo'r nafasini.

Shonu shavkat uchun, iftixor uchun

Qutlayman matonat g'alabasini!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 5 =