Ehtirom

Shukur QURBON

Muallif haqida:

Shukur QURBON — 1951 yilda Baliqchi tumanida tug'ilgan. ToshDU (hozirgi O'zMU)ning filologiya fakultetini bitirgan.

Uning “Oqqushlar ko'li” (1978), “Nafas” (1982), “Yoz kunlari” (1986), “Yori jonim” (1986), “Bayram — bolalarniki” (2006), “Bir qalb manzarasi” (1990), “Sizni Xudo yetkazdi” (1995), “Arba'in” (2002), “Ozoringni sog'indim” (2011) va boshqa 30 dan ziyod she'riy va nasriy kitoblari chop etilgan.

F.Petrarka, A.Pushkin, R.Hamzatov, J.Prever singari shoirlarning asarlarini o'zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

(Parij-2024. Olimpiada taassurotlari)

1

Olis Farangistonda, kuzatdingizmi,

O'zbek o'g'il-qizlari nelar qilishdi?

Afsonaviy Olimp cho'qqilariga

Vatanimiz bayroqlarin ilib kelishdi.

 

Xayolan maydonga tusholdingizmi,

Birgalashib, yurak yutib, jim?

Jo'shishganda siz ham jo'sholdingizmi,

Bildingizmi, ularning raqiblari kim?

 

Zafar qozonganda, xursandchilikdan —

Ko'z yosh qilishganda, yig'ladingizmi?

Faxrlanib o'zbek ekaningizdan,

Sezdingizmi baxtiyor inson, deb o'zni?

 

Balli! Men ham tushdim shunday holatga,

Ko'rdim yutoqqancha hamma-hammasin.

Boshqalarga xalal bermaslik uchun

Hattoki ichimga yutdim nafasim.

 

Ular orasida mening bolam yo'q,

Bolam kabi aziz bildim har birin.

Har birin ashaddiy muxlisi bo'ldim,

Qo'ydim baholarin hakamdan burun.

 

Boshqacha bo'lishi mumkinmasdi ham,

Aks holda, men — loqayd, befarq, begona,

Beta'sir bo'lardim, basir bo'lardim,

Aks holda, ne derdi meni yurt — ona!

 

2

Dunyo xalqlarining shan namoyishi —

Olimpiadada bunday qatnashmoq —

Nasib etavermas hamma xalqqa ham…

Yangi O'zbekiston sabab bunga. Oh!

 

Binobarin, Alloh qo'lladi bizni,

Aks holda, buncha fayz bo'lmasdi sira.

Har bir ishtirokchi quchgan zafarin

Allohdan, deb, ko'kka qildi ishora.

 

Bahodir Jalol-chi? Ringga maykasin

Yoyib, sajdaga bosh qo'ydi, cho'kib tiz.

Mo'min-musulmonning ishin qildi u,

O'zbekning ishini qildi u, shaksiz.

3

Hammamizdan oldin, xabardormisiz,

Qutladi ularni Prezidentimiz.

Qaysi yurt rahbari yo'l tutar shunday,

Axir, yumushi ko'p, vaqti ham tig'iz.

 

Davlat ishlaridan, demak, muhimroq

Ular qilgan ishlar, anglayapsizmi?

Saylab va ishonib ulus nomidan

Yuborgandi el-yurt bu o'g'il-qizni.

 

4

Bilamiz: ba'zi bir sportchilarga

O'xshamas bu yoshlar — aqlli ancha.

Holbuki, do'st-yorlar orasida ham

Hasadgo'ylar qancha, dushmanlar qancha!

 

Barchasiga chidab, barchasin yengib,

Olamshumul zafar quchib keldilar.

Samolyotda emas, Humo qushida,

Shodlik qanotida uchib keldilar.

 

5

Berilajak sovg'a-salomni emas,

Yurtimiz sharafin o'ylashdi ular.

Vatan madhiyasi yangragani chog',

Ko'zda yosh, jo'r bo'lib kuylashdi ular.

 

Kaltak bu — uni yod bilmaganlarga,

Vatan uchun amal qilmaganlarga,

Baxtidan shod-xurram kulmaganlarga,

Dardlarin nazarga ilmaganlarga.

 

6

YPX xodimlari, “Prezident sovg'asi”

Yozuvli moshinlar o'tsa, yo'l bering!

Mingandir ularni Vatanning asl

Farzandlari, to'smang, bo'lmasin garang!

 

7

Va nihoyat, imkon berildi bizga

Bilmoq uchun qanday o'stirmoqdamiz

Farzandlarimizni — qora ko'zlarni.

Bugun, mana, shodon o'y surmoqdamiz.

 

Sport saroylari va maktablari

Bejiz qurilmabdi bu yurtda, demak.

Demak, Alpomishlar va Go'ro'g'lilar

Shunchaki cho'pchakmas, bor gaplar, beshak.

 

Bizlar o'shalarning avlodlarimiz,

Osmondan osilib tushganimiz yo'q.

Buning isboti, bas, olimpiada,

Qanday dalil kerak, xo'sh, bundan ortiq?!

 

8

Dunyo tan olmoqda O'zbekistonni,

Mening Vatanimni — jannat makonni.

Hayratga solmoqda yangilanib u

Eskirgan, shalag'i chiqqan jahonni.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 − three =