Go'zal shahrim

Mustaqillik sharofati tufayli yurtimizda juda ko'p o'zgarishlar yuz berdi. Ushbu yillar mobaynida O'zbekistonimiz yuksalib, rivojlanib bordi. Yurtimizdagi bunyodkorlik ishlari Vatanimiz chiroyiga yanada ko'rk qo'shdi.
Azim shahrim Angrenda ham so'nggi yillarda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Shahrimizga ko'pdan buyon kelmagan mehmon hozir kelsa, hayratlanishi tayin.
Ko'p qavatli binolar ta'mirlanib, shahrimiz ko'rkiga ko'rk qo'shib turibdi. Ko'chalar obodonlashtirilib, ekilgan rango-rang gullar ifori dillarni yayratadi. Yashil tabiati ko'ngillarni quvnatadi. Albatta, Angren shahriga juda ko'p mehmonlar tashrif buyuradi. Bu joyning toza havosi, so'lim go'shalari barchani o'ziga chorlaydi. Bir marta tashrif buyurgan odam yana shu yerga kelishni istaydi.
Angren shahri tog'li hudud bo'lgani sabablimi, yoz faslida ham nisbatan havo salqin, tog'laridan oqib tushuvchi zilol suvlari tomchilari havoni yanada salqinlashtiradi. Tog' yon bag'irlarida sihatgohlar va mehmonxonalar barpo etilgan bo'lib, hamisha mehmonlar bilan gavjum.
Angren shahrida turli millat vakillari yashaydi. Ularning bari mehnatsevar.
Shahar markazida “Delfin” nomli dam olish maskanining qurilishi uning yanada ko'rkamlashishiga zamin bo'ldi. Tog' yonbag'ridagi sihatgohlar, dam olish maskanlari har mavsumda mehmonlar bilan gavjum. Angrenning odamlari mehnatsevar bo'lganligi bois, bozorlari turli xil noz-ne'matlarga boy. Angren shahrida yana bir e'tiborga sazovor maskan — Ma'naviyat xiyoboni barpo etilgan. Ma'naviyat xiyobonidagi alvon gullar va manzarali daraxtlar, dam olish uchun mo'ljallangan o'rindiqlar, rango-rang nur taratuvchi favvoralar kattayu kichikni o'ziga jalb etadi. Mehnatkash xalq ish va yumushlardan so'ng sokin oqshomda maroqli hordiq chiqaradi.
“Afsona” nomi bilan ataluvchi afsonaviy maydonda oqshomlari nafaqat Angren aholisi, balki boshqa hududlardan ham odamlar kelib dam olishadi. Maftunkor manzara kasb etgan ushbu maskandagi o'yingohlar bolalar kulgisi va shodligi bilan to'lgan. Musiqa sadolari ostidagi rangli nurlar yog'dusida maydon markazidagi favvoraning suvi mavjlanib turadi. Favvora atrofidagi o'rindiqlarda odamlar madaniy hordiq chiqarishadi.
Angren shahar hokimi Alisher Raimov xalq orasida yurib, odamlarning dardini tinglaydi, muammolariga yechim topadi. Shahar yanada chiroy ochishi uchun jon kuydirmoqda. Obod ko'chalar, qad ko'targan ko'rkam binolar shaharning chiroyiga chiroy qo'shganligidan zavqlanadi.
Shaharda ta'lim sohasiga ham alohida ahamiyat berilmoqda. Bu yerda universitet, IDUM, kasb-hunar maktablarida o'qib, ta'lim olayotgan yoshlarimiz respublika tanlovlarida, sport musobaqalarida nufuzli o'rinlarni egallab, yurtimiz bayrog'ini baland ko'tarmoqdalar.
Xullasi kalom, Angren shahrida yashayotganimdan faxrlanaman. Yanada ko'rkamlashaver, jonajon shahrim!
Gulsunoy JAMOLOVA,
Angren shahar MMTBga qarashli
34-IDUM ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari.