Chempionlar yurti

Jahondagi eng mashhur sportchilar ham payti kelib O'zbekistonga yo'l olganlarida, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta'biri bilan aytganda: “Biz chempionlar yurtiga boryapmiz”, deyishadi”.

Chempionlik so'zi qadimdan-qadim,

Taqaladi ko'hna Yunonistonga.

Bugun ishg'ol etgan shohsupalarni –

Dunyo ko'zi boqmish O'zbekistonga!

G'arbiy mintaqaning sara yurtlari,

Dunyo mo''jizasi bo'lgan Xitoy ham,

Ortga olazarak qarab qo'ymoqda:

Quvib yetmoqdasan poygada o'ktam!

 

* * *

Barcha sohalarda o'tkazilsa gar,

Dunyo tanlovlari, chempionati.

Yangi O'zbekiston bo'lardi albat,

G'oliblar supasin oltin qanoti!

Tarixiy shaharlar ro'yxatin tuzsak,

Samarqand, Buxoro, Xiva peshqadam.

Buyuk allomalar nomin qayd etsak,

Yuzlab ajdodlarni bilurmiz hamdam.

Bu dunyo azaldan ko'pkari maydon,

Kimdadir aqcha mo'l, kimdadir ori.

Qancha o'lkalarni ayladi hayron

Turkiston – Temurning asov tulpori!

Olimp o'lkasidan chiqqan jahongir

Iskandar yo'liga solingan to'g'on.

Qonli qilichlarda qo'zg'ab xavotir,

Chiqib turar shunday yuvoshdan yo'g'on.

Pichoqning sopini chiqarib o'zdan,

“Ustodi soniy”san ilm bobida.

Sahih hadislaru “Tib qonunlari”,

“Ko'ragon jadvali” – o'lmas obida!

Alisher Navoiy – “Malik ul-kalom”

Nizomiy ilkiga panja urgan sher.

Sarkardalar ichra hamon batamom

Tanho qolmoqdadir Bobur otlig' er!

Muqaddas suralar etganday takror

Neki yaxshi, yomon suyak surgaydir.

Buyuklik ko'rilsa magar kim, qachon,

Uni yana takror olam ko'rgaydir.

Palagimiz toza ekankim, mana

Bizlarda namoyon ko'ringay bari.

Har bir o'g'il-qizda bo'lmoqda oshkor

Tafakkur ahlining noyob gavhari.

Elimiz peshqadam mirishkorlikda,

Paxtayu sholisi, mevasi bilan.

Olamga mashhurdir qoraqalpog'im

Sersutu tezchopar tuyasi bilan.

Jahon shohsupasin etgaymiz ishg'ol,

Ilmu ma'rifatda, ma'naviyatda.

Bunday g'alabalar poydevori shul:

Toza qalbing ila ezgu niyatda!

 

* * *

“Parijni bir ko'rib o'lsam – armon yo'q!”

Aylanib yuradi shunday bir naql,

Mana sakkiz yilkim O'zbek diyori

Ilg'orlar qatori – hayrondir aql!

Riodan boshlangan zafarli qadam

Parij olimpida cho'qqiga chiqdi.

Barchinoy izdoshi bo'lgan Diyora

Besh yillik g'olibu mutlaqdan g'olib.

Ikki bor chempion bo'lgan ham bizdan,

Nom olmoq boshqadir, saqlash bir boshqa:

Elkangga yurtingning bayrog'in yopib,

Dafna chambarini kiymoqlik boshga!

 

* * *

Shaxmat ustalari bellashgan chog'da,

Rustam Qosimjonov izdoshlari ko'p.

Nodirbek, Jahongir dunyoga mashhur,

Oltin medallari ko'ksida to'p-to'p!

Iste'dodli yoshlar Shaxmat maktabi

Kamolga yetkazar chempionlarni.

Dunyoni hayratga solganda ular,

Qudratin ko'ringiz O'zbekistonni!

 

* * *

Muso Xorazmiy “Al-Jabr” kitobi –

Matematikaning oltin asosi.

Xalqaro ilm kurashlarida,

O'zbek yoshlarining yo'qdir qasosi!..

Oqqan daryo mudom oqqani misol,

Alloma izidan boradi yoshlar.

Ilmu ma'rifatda chempion ular,

Xazina kitoblar abad yo'ldoshlar.

 

* * *

Soflikka andoza o'zbek oltini,

Zarafshon, Muruntov, Olmaliq zari.

Olimpchilarimiz qo'lga kiritgan

Oltinlar sof chiqdi haddan tashqari.

G'irromlikka yotdir azaldan o'zbek,

Aldanib qolmasa, aldamas zinhor.

Abadiy do'stlikda qosh ila ko'zdek,

Bergan salomidan bo'ladi izhor.

“Yurtim sharafini ko'kka ko'targum!”

Bahodir Jalolning ichgan onti bu.

Tosh otganga mudom tutib kelgan osh,

Qanday javonmard el, qanday tanti bu!

Aslida xalqimiz yuragi oltin,

Tutgani zar bo'lgay buning boisi.

Kiftingga tashlaydi bir olam zalvor

Shunday elu yurtga farzandlik hissi!

 

* * *

Deydilar niyating bo'lgaydir yoring,

O'zganing rizqiga bo'lmas daxlimiz.

O'ttiz yilda kuchi ortdi diyorning,

Bir yarim barobar o'sdi ahlimiz.

Ettidan birini Xizr deb olsak,

Sanoqsiz duoga ochilgan qo'llar,

Haqlimiz dunyoga tik nazar solsak,

Tutashtirsak moviy ummonga yo'llar.

Bugungi orzular erta cho'zar bo'y,

Mos erur chinorning bo'yi, ildizi.

Iloho, boshingdan arimasin to'y,

Ona O'zbekiston – ey, Sharq yulduzi!

To'lqin EShBEK

12.08.2024 yil.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + 17 =