U-17 Osiyo chempionati: O'zbeklar o'zligini ko'rsatdi

Bahs nafaqat maydondagi o'yinchilar, tomoshabinlar uchun ham oson kechmadi. Bu sport, lekin Vatan va Xalq obro'sini yuksakka ko'tarish, o'z yurtini dunyoga ko'z-ko'z qilish, bo'y-bastini yanada ko'rsatib qo'yish uchun chinakam bahs edi. Nazarimda, katta sportning dovrug'i shundaki, Vatan nomi bilan maydonga chiqiladi. Stadiondagi har bir futbolchi Vatanga, undan ilhaq bo'lib zafar kutayotgan Xalqqa aylanadi.
Eng hayajonli dramatik o'yinni kuzatish muxlis yuragiga nechog'liq hayajon va iztirob solishini futbol ishqibozlari bir necha bor his qilishgan. Bu galgi o'yin esa boshqacha kechdi. Birinchi taym so'nggi daqiqalarida ikkita o'yinchimizga “qizil” ko'rsatildi. Biznikilar to'qqiz nafar qoldi. O'zganing maydonida, raqib muxlislari bilan deyarli liq to'lgan stadionda, qarshilik bosimi tomoshabinlar tomonidan ham, mezbon jamoaning o'zi tarafdan ham kuchli ta'sir qilayotgan bir paytda, safdoshlari kamayib qolganiga qaramay, o'zini o'nglab olgan o'zbek o'g'lonlarining dadil to'p surishi menga xuddi parvozdagi burgutlar shiddatiday tuyuldi. O'yinning hayot-mamot pallasida ikki abjir jamoadoshidan ajralib turgan o'g'lonlarimizning dovdirab qolmagani, lahzada o'zlarini o'nglab maqsad sari otilishi, albatta, raqib jamoani ham tashvishlantirib qo'ydi. Botinida g'alabaga ishtiyoqi baland, butun borlig'i bilan zafar sari intilgan yigitlarimiz ruhan sinmadi. Birdamlik va bir dillik tuyg'usi bilan bog'langan futbolchilarimiz tarixiy g'alabani qo'lga kiritishdi. O'zbekiston yoshlari futbolda chinnakam jasorat ko'rsatishdi va tarixiy g'alaba muallifi sifatida futbol kitobining oltin varag'iga bu yil o'z nomi — O'zbekiston nomini muhrladilar. Finalda O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi Saudiya Arabistoni jamoasini 2:0 hisobida mag'lub etib, qit'a chempionligini qo'lga kiritdi.
Futbol bu sport, albatta, lekin ayrim lahzalarda uning zamirida xalqlar va millatlar qalbini zirqiratadigan yo cheksiz shodiyona hislari bilan alanga oldiradigan bir sirli kuch borki, kechagi o'yinda ana shu kuch ta'sirini barcha o'zbekistonliklar botinan his qildilar. Barcha o'zbekistonlik muxlislar go'yo futbolchilarimiz bilan birga arablar maydonida to'p surishdi. Ochig'i, millat birligi va bir dilligi namoyon bo'ldi. Bunday paytda ko'zing ekranga qadalishi mumkin, lekin qalbing, borlig'ing o'z jamoang bilan birga bo'ladi. Ha, shu o'yinda butun O'zbekiston o'g'lonlarimiz yonida edi… Maydondan chiqarib yuborilgan ikki o'yinchimizning o'rnini chinakam muxlislar, deyarli barcha o'zbekistonliklarning umid va ishonchi to'ldirib turdi, deb o'ylayman. Men mana shunday mehr va birdamlikni tuydim! Biroq futbol tarixida esa eng dramatik va qat'iyatli o'yinlardan biri sifatida e'tirof etilishi ham shubhasiz. Shunday ekan, finaldagi g'alabamiz ham chin ma'noda tarixiydir!
Bu ulkan tarixiy g'alaba o'zbekning nelarga qodirligini dunyoga namoyon etdi. Bu Yangi O'zbekistonni yana bir bor jahonga tanitdi.
Kuni kecha O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Futbol bo'yicha 17 yoshgacha bo'lgan o'smirlar o'rtasidagi Osiyo kubogi o'yinlari g'oliblari va ishtirokchilarini mukofotlash to'g'risida”gi Farmoni e'lon qilindi.
Prezidentimizning 17 yoshgacha bo'lgan O'zbekiston terma jamoasi a'zolariga tabrigi yo'llandi. Unda Yurtboshimizning “Aziz farzandlarim!” deya mehr ko'rsatganligi butun xalqimizni yanada g'ururlantirib yubordi.
Muzaffar sportchilarimiz, ularning murabbiylari Vatanimiz ostonasi — aeroportda ko'tarinki ruhda kutib olindi. So'ng ularga davlatimiz, hukumatimizning yuksak mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
Bularning barini hammamiz ko'rdik, guvohi bo'ldik, suyundik.
Beixtiyor yurakdan quyidagi so'zlar she'r bo'lib, satrlarga jo bo'lib qog'ozga tushdi:
G'ALABA MUBORAK!
Alining maydoni… Mardlar o'yini —
Futbol halollikni sevadi, ukam!
Ruhingni tushirma, bosh hakam, mayli,
Raqibingning yaqin do'sti bo'lsa ham!
Hovuchimda yurak, bo'g'zimda nafas…
Iltijom, o't olsin ko'ksingdagi or!
Jon bolam, jon ukam, bo'sh kelma birpas…
Darvoza ortida O'zbekiston bor!
Safingiz kamaydi. Afsus… Chekma g'am —
To'qqiz alp shaxtida so'nmasa bas o't.
Parvozda qanoti shikast yesa ham,
Cho'qqiga yetguncha uchadi Burgut.
Bu dunyo zo'rniki. Ortda qolma, o'z!
Tomiringda g'oliblik shaxti ila qalq!
Qara, qanday sharaf! Senga tikar ko'z
G'alabangga intiq o'zbek degan Xalq!
Yurtning tuzi haqqi Sen yutding halol!
G'oliblik shavqidan titraydi yurak.
Jasorat ramzisan, topmagin zavol,
Vatan nomin tutgan zafar muborak!
Matonat sinmagay kuch bersa o'zlik,
Har joyda mardlik naqd… G'irrom nasiya.
Shohsupangga oyoq qo'ymoqda O'zbek,
Seni ham qutlayman, bugun Osiyo!
Qo'chqor NORQOBIL