Yangi imkoniyatlar eshigi

Joriy yilning 1-2 may kunlari Xorazm viloyati muhim voqealarga boy kunlarni boshdan kechirdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Xorazmga tashrif buyurib, bir qator muhim tadbirlarda ishtirok etdilar. Ushbu tashrif doirasida turistik markaz — “Arda Xiva”ning ochilish marosimi, yoshlar bilan uchrashuv hamda markaziy studiyada yig'ilish bo'lib o'tdi.
Mazkur tashrif nafaqat infratuzilma va turizm rivoji, balki yoshlar bilan muloqot nuqtai nazaridan ham alohida ahamiyatga ega bo'ldi. Ayniqsa, davlatimiz rahbari bilan bo'lib o'tgan ochiq va samimiy uchrashuv yoshlar qalbida katta taassurot qoldirdi.
Men ham ushbu uchrashuvda faol ishtirok etdim va Prezidentimiz huzurida so'zga chiqish baxtiga muyassar bo'ldim. O'z so'zimda yoshlarning o'z ustida ishlashi, bilim va innovatsiyalar sari intilishi, shuningdek, davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarni to'g'ri baholab, ulardan samarali foydalanish zarurligi haqida fikr bildirdim. Bundan tashqari, aynan tibbiyot sohasiga taalluqli yangiliklar, qulayliklar va imkoniyatlar uchun Prezidentimizga tashakkur aytarkanman, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti tanlovida tibbiyot sohasida ta'lim olayotgan qizlar fan yo'nalishida adabiyotchilar bilan birga ishtirok etayotgani bois tibbiyot sohasi uchun axborot texnologiyalari, sport singari alohida yo'nalish qilib berishni taklif qildim. Hurmatli Prezidentimiz bu taklifimni qo'llab-quvvatladilar va tez orada amalga oshirilishini aytdilar.
Prezidentimizning yoshlar masalasiga alohida e'tibor bilan yondashayotganliklari, har bir murojaat va taklifni e'tibor bilan tinglaganlari biz, yoshlar uchun kuchli rag'bat bo'ldi. Bu kabi muloqotlar yurtimiz kelajagiga ishonchni yanada mustahkamlaydi. Bundan tashqari, Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali kuni kecha Prezidentimizning qarori bilan Urganch davlat tibbiyot instituti bo'lib alohida tashkil etilgani barcha talaba-yoshlarga ham o'zgacha ruh bag'ishladi.
Yurtboshimiz bilan bo'lgan uchrashuvdan so'ng, yoshlar bilan ishlashga qaratilgan yangi loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirishga intilishimiz yanada oshdi. Prezidentimiz tashrifi biz uchun yangi bosqich, yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
Dilrabo KOMILOVA,
Toshkent tibbiyot akademiyasi
Urganch filiali 5-bosqich talabasi.