Kitob ko'targan qiz

Agar musavvir bo'lganimda, Lola Norovaning qo'lida kitob qo'ltiqlagan holdagi suratini chizgan bo'lardim. Nega shunday deysizmi? U kishi nafaqat kitobxon, balki kitoblarning ashaddiy targ'ibotchisi hamdir. Balki, bu hol tanlagan kasbi bilan ham bog'liqdir.

Lola Norova Guliston davlat universitetining pedagogika fakultetini tugatgan. Psixologiya yo'nalishida magistrlik sabog'ini olgan. Ayni paytda ishlab chiqarishdan ajralmagan holda “Beshikdan qabrgacha ilm izla”, hikmatiga amal qilib, Nukus davlat universitetining yuridik fakultetida o'qimoqda. Ish joyi ta'lim sohasi bilan bog'liq. Guliston shahar Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limining darsliklar bo'yicha metodisti lavozimida faoliyat olib bormoqda.

Atoqli rus adibi Maksim Gorkiyning: “Har qanday inson haqida kitob yozsa bo'ladi”, degan hikmati bor. Biz, jurnalistlar gohida maqolalarimizga qahramon qidirib tengsalib qolamiz. Vaholanki, ular yon-atrofimizda bo'ladi. Lolaxonni shunday fidoyi insonlar sirasiga kiritsa bo'ladi. U kishining kitobga oshuftaligini ko'rib, tug'ilganida doyalar tanglayini kitob bilan ko'tarishganmikin, deya o'ylab qolasiz. Talabalik yillaridayoq sevimli adiblarini yo'qlab borib gurunglarini olgani, kitoblariga dastxatlar yozdirgani Lolaning ko'ngil ishiga aylangan edi. Qahramonimiz 2016 yil yozuvchilarning Do'rmondagi ijod bog'ida O'zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov xonadonida mehmon bo'lganini hali-hamon esidan chiqarmaydi. Sirdaryodan tashrif buyurgan soddagina, lekin zukko qizginaning adabiyot va kitob haqidagi teran mulohazalarini tinglagan hassos shoir “Tutash dunyolar” she'riy kitobchasiga “Jasur fikrli Lola qizga”, deya imzo chekib dastxat qo'yib bergandi.

— O'shanda Abdulla og'am bilan suratga tushmaganimga haligacha afsuslanaman, – dedi u.

Talabalik yillarida Lola Norovaning ikkita kitobi bosmadan chiqqan. 2018 yilda chop etilgan “Gul ifori” kitobidan Lola Norovaning she'r va aforizmlari joy olgan. O'sha yili u falsafa fanlari doktori, professor Viktor Alimasov bilan tanishdi. Katta olimdan aforizmlari haqida bildirgan fikrlarni jon qulog'i bilan tingladi. Shu-shu olim va shogird o'rtasida sim orqali ma'rifiy suhbatlar yo'lga qo'yildi.

Kitobga cheksiz muhabbat Lola Norovaga 2021 yilda Guliston shahar Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limiga metodist bo'lib ishga o'tganida juda-juda asqotdi. U maktab kutubxonalari fondini badiiy kitoblar bilan boyitish, o'quvchi, o'qituvchi va ota-onalarni kitobxonlikka jalb etish bo'yicha turli-tuman loyihalarni hayotga joriy qildi. Har yili shahardagi 18 ta umumta'lim maktabida ikki marta — kuzgi-qishki va bahorgi-yozgi mavsumlarda kitob yarmarkalari tashkil etishga bosh bo'ldi. Bu yumushni risoladagidek amalga oshirish uchun tadbirkor Lola Ibragimova bilan shartnoma bog'ladi. Uning shartlari ham ajoyib: yarmarkaga olib kelingan kitoblar bozor narxlaridan arzon va adabiy davralarda tan olingan sara asarlar bo'lishi, bolalarning yoshiga munosib kelishi raqam etilgan. Boz ustiga, tadbirkor savdodan tushgan tushumning 10 foiziga maktab kutubxonalariga tekin kitoblar sovg'a qilishiga kelishilgandi. Ana shu tariqa to'rt yildirki, maktab kutubxonalari kitob yarmarkalaridan tushgan 3600 jilddan iborat badiiy adabiyotlar hisobiga boyib bormoqda.

— Kitob yarmarkalarida ota-onalarning ham faol ishtirok etishiga alohida ahamiyat berayapmiz, – dedi Lola Norova. — Oilada ota-ona kitob o'qisagina farzandlari ham ularga taassub qilib mutolaaga yopishadi. Yarmarkalar bois oilalarda ham mo''jazgina kutubxonalar paydo bo'lishiga hissa qo'shayapmiz.

Maktab kutubxonalarini badiiy kitoblar bilan boyitish o'z yo'liga, biroq ularning o'qilishini ta'minlash katta mehnatni talab qiladi. Hassos adibimiz Asqad Muxtorning bir purma'no hikmati bor: “Kitob — boylik. Lekin sotib olingani emas, o'qilgani”. Lola maktablarda kitobxonlikni izchil yo'lga qo'yish maqsadida qator loyihalarni ishlab chiqqan. “Zakovatli kitobxon” loyihasi shular sirasiga kiradi. Bunda maktab jamoalari rahbarlar va kitobxon o'quvchilar bir guruh bo'lib o'zaro bahsga kirishadilar. Yutgan maktab boshqa g'olib jamoa bilan bellashadi. Eng oxirida kitobxon maktab nomi aniqlanadi. Bundan tashqari, “Eng kitobxon maktab direktori”, “Eng kitobxon ma'naviyatchi”, “Eng kitobxon kutubxonachi” kabi tanlovlar muntazam o'tkazib kelinmoqda.

Albatta, bunday tanlovlarni o'tkazish uchun g'olib jamoalarni taqdirlashga sovg'alar kerak. Bu mablag' bilan bog'liq masala. Zero, bozor iqtisodiyoti davrida mushuk ham bekorga oftobga chiqmaydi. Lola Norova yelib-yuguradi. Kattani aka, kichikni uka, deb ko'ngliga qo'l soladi, obrazli qilib aytganda, muammo yechimining jigini topadi. Ba'zan rahbarlarga so'rovlar bilan murojaat qiladi. Oxiri maqsad-murodiga erishadi. Birgina misol. Qahramonimiz shahar hokimining navbatdagi qabuliga yoziladi. Qabul kuni zal to'la arizachilar hokimga dardini dasturxon qilishadi. Navbat Lola Norovaga kelganda, hokim:

— Sizning nima shikoyatingiz bor? – deya yuzlandi.

— Mening hech qanday shikoyatim yo'q. Bir iltimosim bor, xolos. “Kitobxon o'quvchi” tanlovini o'tkazayotgandim. Shunga kitobdan yordam berib yuborsangiz, – dedi u.

Hokimning chehrasi ochilib ketdi. Tanlovga 40 jild badiiy kitob hadya qildi… Bunday misollar Lola Norovaning faoliyatida ko'p bo'lgan.

Kitobxonlikning sifatini oshirish maqsadida Lola Norova o'tgan yili ijodiy ta'til olib, “Kitobsevar maktab” degan metodik qo'llanma yozdi. Mazkur to'plam yaqinda “Ziyo” nashriyotida bosilib chiqdi. Kitob anchagina katta — 8,75 bosma taboq. Bir necha boblardan iborat. O'quvchilarning qishki ta'tili paytida mana shu metodik kitobning bir bobi bo'yicha onlayn tanlov tashkil etildi. Tanlov nizomiga ko'ra, har bir maktab birorta badiiy asar hamda o'zlari tanlagan kitobdan muxtasar sahna ko'rinishi asosida 2 daqiqalik videorolik tayyorlashi kerak edi. Tanlov qizg'in kurashlarga boy o'tdi. Pirovardida maktab jamoalaridan 61 ta videorolik kelib tushdi. 20 dan ziyod o'zbek, qardosh xalqlar va jahon adabiyotining sara namunalaridan ko'rinishlar tayyorlandi. Barcha roliklar shahar Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limining “Ta'lim va kitob” kanaliga joylashtirib borildi. Eng asosiysi, mazkur tanlovda o'quvchilar bilan birga maktab rahbarlari, o'qituvchilar, hatto ota-onalar ishtirok etishdi. Birinchi o'rinni olgan 16-umumta'lim maktabi kutubxonasiga 100 jild badiiy asarlar sovg'a qilindi.

— Bu juda katta loyiha, – dedi Lola Norova. — Uni faqat o'quvchilarning kuzgi, qishki, bahorgi va yozgi ta'tillarida amalga oshiramiz. Maqsadimiz o'quvchilarning bekor yurmasligi, kitobga oshno bo'lishlarini ta'minlashdir.

Lola Norova bilan turli tanlovlar, tadbirlarda ro'baro' kelamiz. Doim qo'lida qandaydir kitob bo'ladi. Suhbatlashib qolgudek bo'lsak, gap orasida, albatta, yangi chop etilgan kitoblardan so'z ochadi. Uning tiniq, teran fikrlarini eshitarkanman, quloqlarim ostida Prezidentimizning yoshlar kitobxonligi haqidagi purma'no fikrlari jaranglaganday bo'ladi: “Yoshlarning kitob o'qishga bo'lgan qiziqishini kuchaytirishga, ularning kitob bilan do'st bo'lishiga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e'tibor qaratish lozim”. Bunday vazifani reallikka aylantirishda Lola Norova kabi yosh, tashabbuskor fidoyilarning alohida o'rni bor.

Muhammadali AHMAD,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − 10 =