Oybek abadiyati

Adib tavalludining 120 yilligi
Shu kunlarda mamlakatimiz adabiy jamoatchiligi ulug' o'zbek adibi, akademik Muso Toshmuhammad o'g'li Oybek tavalludining 120 yilligini keng nishonlamoqda. Sana munosabati bilan yozuvchining nevarasi, Toshkentdagi Oybek davlat memorial uy-muzeyi direktori Oynur Toshmuhammedova bilan muloqotda bo'ldik.
— Oynur opa, mazkur muzeyning tashkil etilishida kimlar bosh-qosh bo'lishgan?
— Oybek uy-muzeyi 1985 yilda adibning 80 yilligi munosabati bilan ochilgan. Muzeyning tashkil etilishida yozuvchining turmush o'rtog'i, kimyogar olima Zarifa Saidnosirova katta xizmat qilganlar. Bu dargohda 1940 yildan 1968 yilgacha, ya'ni hayotining so'nggi daqiqalariga qadar buyuk o'zbek adibi va jamoat arbobi Muso Toshmuhammad o'g'li Oybek yashab, ijod qilganlar. Oybek hali hayot chog'idayoq el-yurt o'rtasida nafaqat buyuk adib, balki buyuk inson sifatida mashhur bo'lgani uchun ham, xalqona ibora bilan aytganda, yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo'lgan toshkentliklar, poytaxtimizga yaqin va olis yurtlardan kelgan adabiyot muxlislari shu xonadonga kelib, o'zbek adabiyotining bu porloq siymosini ziyorat qilishni o'zlari uchun faxr deb hisoblaganlar. Moskva va Kiyev, Tbilisi va Boku, Olmaota va Ashxobod singari shaharlardan kelgan atoqli yozuvchilar, tarjimonlar va adabiyotshunos olimlar esa bu xonadonda Oybek bilan bo'lib o'tgan suhbatlarni hayotlarining unutilmas daqiqalari sifatida yod etishgan.
— Adib, aslida, bu yerda tug'ilmagan shekilli, shundaymi?
— Ha, shunday. Aslida, Oybek 1905 yil 10 yanvarda Toshkent shahrining Gavkush mahallasida dunyoga kelgan. Bu mahalla hozirgi O'zbek Milliy akademik drama teatrining binosi o'rnida joylashgan edi. Bo'lajak adib tor va ilon izi yanglig' egri-bugri ko'chalardan iborat mahalladagi g'arib bir oilada tug'ilganligi uchun ta'lim va tarbiya texnikumining yotoqxonasida yashab o'qigan. Oila qurganidan keyin esa Toshkentning to'rtinchi dahasida, ijara uylarda umr kechirgan. Nihoyat, 1940 yili davlat fan va madaniyat xodimlariga ham yer taqsimlab bera boshlaganida, unga-da 600 kvadrat metrlik yer olish nasib etgan. Uy qad ko'targan mashaqqatli yillarda hali hamma imoratlar qurilib, yo'lu yo'laklar aniq qiyofa kasb etmagan edi. Shu tufayli ko'cha “Proektnaya” — “Loyiha” ko'chasi deb atalgan. Hozir shu ko'chaga “Iftixor-1” nomi berilgan. Agar shu ko'cha bo'ylab uch-to'rt daqiqa yursangiz, 26-uy keladi. Katta darvozaning so'l tarafidagi devorga buyuk o'zbek adibi Oybekning 1940-1968 yillarda shu uyda istiqomat qilganligi haqida lavha osilgan.
— Keling, endi bizni muzey haqidagi ayrim ma'lumotlar bilan tanishtirsangiz.
— 1940-1941 yillarda qurilgan 5 xonali binodan adibning hayot va ijod yo'lini aks ettiruvchi ekspozitsiya o'rin olgan. Tashrif buyuruvchilar katta darvozadan o'tib, ichkariga kirganlaridan so'ng, so'l tomondagi bir zamonlar ayvon bo'lib xizmat qilgan xonada Oybek uy-muzeyining ekspozitsiyasi bilan tanishadilar. 5 xonadan iborat bu qismga kiraverishda, o'ng tomonda mo''jazgina bir xona bor. U adibning rafiqasi, birinchi o'zbek rassom qizi va birinchi o'zbek kimyogar olimasi Zarifa Saidnosirova va uning otasi — mashhur ma'rifatparvar va tadbirkor Saidnosir Mirjalilovga bag'ishlangan. Bu xonadan chiqqaningizdan keyin, nazarimizda, Zarifaxonim sizni Oybekning bolalik va yoshlik davri bilan tanishtiruvchi xonaga boshlagandek bo'ladi. Mana, XX asr boshlaridagi Toshkent ko'rinishi, adibning o'sha davrga oid suratlari, u tahsil olgan bilim yurtining domla va talabalari, ilk she'rlarining qo'lyozma va bosma nusxalari; Oybek ijodining shakllanishiga ta'sir ko'rsatgan shoirlar va ularning kitoblari. Xona derazasidagi vitrajdan esa Oybekning ilhom parisi Oy Toshkent osmonidan mo'ralab turadi.
— Oybekni nima uchun qoralashgan, ishdan haydashgan?
— Bu savolingizga muzeyning ikkinchi xonasidan javob topasiz. Chunki u sizni Oybekning 30-40 yillardagi hayoti va ijodi bilan oshno etadi. U shu yillarda Navoiy va Pushkin ijod buloqlaridan hovuchlab suv ichdi. Navoiyga bag'ishlab she'r va ilmiy maqolalar yozdi, Pushkinning “Evgeniy Onegin” she'riy romanini birinchi bo'lib O'rta Osiyo xalqlaridan birining tiliga tarjima qildi. 1937 yilning dahshatli qatag'on bo'roni gurlaganda, u Turkiston Muxtoriyati hukumatining xazinachisi S.Mirjalilovning kuyovi sifatida qoralanib, Yozuvchilar uyushmasidan ham, Til va adabiyot institutidan ham haydaldi. Shunday xatarli zamonda, oilasi bilan goho-goho bir burda nonga zor bo'lib yashaganiga qaramay, “Qutlug' qon” romanini yaratdi.
— Bu yerda adibga sovg'a qilingan suratlar, kitoblar ham bor ekan…
— Darhaqiqat, shunday. Mana, misol uchun, devordagi rasmlardan biridan o'zbek snayperi sizga qarab turadi. Bu rangli rasmni jangchi rassom ishlagan. Oybek 1942 yil oxiri — 1943 yil boshlarida Moskva bo'sag'alarida jon olib, jon berayotgan o'zbek jangchilari huzuriga borganida, bu suratni unga 96 nafar nemisni yer tishlatgan azamat o'zbek yigiti sovg'a qilgan. Snayperlik miltig'iga “100” raqamini yozishga ulgurmay halok bo'lgan bu jangchi adibning “Quyosh qoraymas” romanidagi Bektemir obrazini yaratishiga turtki bergan. Oilasini xavotirga solib, front so'qmoqlarida bexat-benishon qolib ketgan adib 1943 yil martining so'nggi kunlarida yarim kechasi ozib-to'zib kelganida, “Bemahalda bolalarimni uyg'otib, bezovta qilib qo'ymay”, deb shu surat yonidagi derazani asta chertgan… “Front bo'ylab”, “Olovli yo'llar” kitoblari bilan birga lyax tilida yozilgan mana bu she'rlar kitobi chexoslovakiyalik shoir Ondra Lisagorskiyning urushdan keyin Oybekka minnatdorlik his-tuyg'ularini izg'or qilib yuborgan sovg'asi. Urush yillarida o'zbek yurtidan panoh topgan Anna Axmatova, Aleksey Tolstoy, Aleksandr Deych, Solomon Mixoels, Vladimir Lugovskoy singari o'nlab rus yozuvchilari va san'atkorlari qatori, u ham Oybekning mehr-muhabbatidan bahramand bo'lgan. Oybek shu yillarda ularning asarlarini o'zbek tiliga tarjima qilish va ularga bir piyola choy berish bilan kifoyalanib qolmay, Deych bilan birga Navoiy to'g'risida rus tilida kitob yozdi, Mixoels bilan birga “Mahmud Torobiy” operasini yaratdi. Bu operaga ukrain kompozitori Oles Chishko musiqa bastaladi. Ana shu ijodiy hamkorlik mevalari ham shu xonada o'z bo'yini taratib turibdi.
— “Navoiy” romanining yirtilgan bir nusxasiga ko'zim tushdi. Shu haqda ikki og'iz…
— Uchinchi zaldagi ekspozitsiya markazida Navoiy mavzui turadi. Oybekning ulug' shoir haqidagi o'lmas asari garchand urush yillarida yozib tugallangan bo'lsa-da, uning xalqaro e'tibor va shuhrat qozonishi urushdan keyingi davrga oid. Nufuzli davlat mukofotiga sazovor bo'lgan bu asar turli xorijiy tillarga tarjima qilinib, jahon xalqlarining ulug' o'zbek yozuvchisi bilan yaqindan tanishishlarida muhim ahamiyatga molik bo'ldi. Shu xonaga kirgan tashrifchi “Navoiy” romanining tikanli simlar ortida turgan yirtilgan-yamalgan bir nusxasiga e'tibor bermay qolmaydi. Bu — sobiq o'zbek harbiy asirlarining Oybek uy-muzeyiga sovg'asi. Sovet davlati rahbarlarining qo'pol xatosi bilan zaiflashtirilgan qizil armiya urushning dastlabki yillarida ko'plab shaharlar bilan birga butun boshli diviziyalarni ham dushmanga boy bergan. Urush tugashi bilan kechagi asirlar endi sovetlar tomonidan qamoqqa olinib, “Vatan xoinlari” deb e'lon qilingan. Urushning so'nggi kunlarida “Navoiy” romanini o'qib, uni ko'ziga surtgan sobiq asirlardan biri kitobni o'zi bilan birga lagerma-lager olib yurgan, nazoratchilar kitobni otib-uloqtirib tashlaganlariga qaramay, uni do'stlari bilan birga ko'z qorachig'idek saqlagan. Hayotbaxsh g'oyalar bilan sug'orilgan, har bir lavhasidan o'zbek diyori shabadalari esib turgan bu roman ularga ruhiy madad va kuch bergan.
— Mazkur asar tufayli ulug' adib insultga yo'liqqan deyishadi. Shu rostmi?
— Afsuski, shunday. 50-yillar avvalida boshlangan qatag'onning yangi to'lqini Oybekni ham o'z girdobiga torta boshladi. “Tanqidchilar” hatto “Navoiy” romanidan ham siyosiy xatolarni izlab topadilar. Ekspozitsiyadagi gazeta maqolalari, suratlar, hujjatlar sizga shu haqda naql qiladi. Buyuk adibning oyoqlari ostidagi zamin kundan-kunga o'pirila boshlaydi. Shunday iztirobli, azob-uqubatli kunlarning birida u insult xastaligiga duchor bo'ladi. Tili so'zlash, qo'li ishlash quvvatini yo'qotadi. Zarifaxonim shu yillarda butun kuchini Oybekni qayta oyoqqa qo'yishga qaratdi. Oybek Xitoyga davolanish uchun borganida mana bu yog'och qilichlarni xitoy shifokorlari berishgan. U shu qilichlar bilan qo'l muskullarini harakatga keltirishga uringan. Oybek 1951 yil aprelidan 1968 yilda vafot etguniga qadar qariyb o'z qo'li bilan yoza olmadi. Ammo u qiynalib bo'lsa-da, bir oz gapira boshlagach, Zarifaxonim ishdan qaytganidan keyin unga aytib turish yo'li bilan “Quyosh qoraymas”, “Ulug' yo'l” romanlari, “Nur qidirib”, “Bolalik xotiralarim”, “Bola Alisher” qissalarini, “Davrim jarohati”, “Guli va Navoiy” va boshqa dostonu she'rlarini yaratdi.
— Zarifa Saidnosirova kimyogar olima bo'lishdan tashqari yaxshigina suratlar ham chizgan ekanlar…
— Mana, nihoyat, “Oybek abadiyati” deb atalgan to'rtinchi zal. Bu yerda adibning o'zbek va rus tillaridagi ko'p jildlik nashrlari, shuningdek, ayrim asarlarining so'nggi yillarda xorijda nashr qilingan nusxalaridan tashqari siz qiziqqan savolga ham javob bor. Bundan tashqari, adibning tasviri tushirilgan, go'zal misralari bitilgan sopol va chinni idishlar, misdan ishlangan buyumlar… Oybekka bag'ishlangan badiiy, ilmiy va ilmiy-ommabop asarlar… Hovlining shimoliy tarafidagi binoda esa memorial xonalar: mehmonxona, ijodxona (birinchi qavatda), Zarifa Saidnosirovaning xonasi va yotoqxona (ikkinchi qavatda) joylashgan. Ikkinchi qavatga dahlizdagi yog'och zinalar osha, devorlardagi A.Siglinsev ishlagan gravyuralarni tomosha qilib, chiqiladi. Xonaning bir chekkasida — molbert. U O'zbekiston xalq rassomi O'rol Tansiqboyevdan yodgorlik. Shu xona devorlaridagi moybo'yoq bilan ishlangan tabiat manzaralarini Zarifaxonim umrining so'nggi yillarida o'z qo'llari bilan ishlaganlar. Oybek adabiy merosini o'rganish ishini yangi bosqichga ko'tarish maqsadida oybekshunos olimlar va yosh adabiyotshunoslarning adib arxivida ishlashlari uchun bu yerda hamma sharoit yaratilgan.
— Mazmunli va qiziqarli suhbatingiz uchun tashakkur!
Suhbatdosh:
Yormamat RUSTAMOV