Biz kutgan kunlar

(Yuraklarni sog'intirgan hayot)

Har oilaning o'z tutumi, odat-ko'nikmalari, yo'l-yo'rig'i bor. Bu o'ziga xoslik el-yurt turmushi, qadriyatlari, urf-odatlaridan sayqallanadi, ko'rku tarovat kasb etadi. Bizning oilamizda ham men hali bola paytimda, balki undan-da avvalroq paydo bo'lgan udum mavjud. Bu nafaqat o'tkinchi udum, balki doimiy an'anaga aylangan.

Hali maktab o'quvchisi ekan chog'larimdanoq, galdagi o'quv yili yakun topib, yozgi ta'tilga navbat yetishi bilan qishloqqa, bobom bilan momomning uyiga otlanamiz. Bu taraddud shundan iborat bo'ladiki, biz qariyb bir oy oldindan yo'l tadorigini ko'ramiz. Issiq yoz bo'yi yetadigan bir necha sidra ust-bosh, bosh kiyim, oyoq kiyimlar, bobomlarning uyi oldidan o'tgan, loyqa suv oqadigan ariqda cho'milish uchun alohida mos kiyimlarni olvolamiz.

Mana, bu yil ham qadrdon qishloqqa qarab yo'lga tushdik. Tong. Hamma yoq boshqacha… Yop-yorug'. Yo'l yurganimiz sari yoz kuni o'z kuchi – issig'ini ayon eta boradi.  Hademay jazirama boshlanadi.

Uzoq safar oldidan —  olisdagi manzilga eson-omon yetishni niyat qilib duo o'qildi: “…Yo'limiz oq, hamrohimiz haq bo'lsin!..” Mashinada otam, onam, men va turmush o'rtog'im, yana ota-onamning suyukli nabiralari — qizim Mubinaxon hamda o'g'lim Usmonboy.

Keng, katta yo'lda mashina qanot chiqargandek yelib boradi. Yon-atrofda goh olmazor, o'rikzor, shaftolizor bog'lar, goh paxtazor, g'allazor yoki boshqa manzaralar kino tasmasi kabi lipillab o'taveradi. Mashinada xushchaqchaq, ko'tarinki kayfiyat hukmron. Bolalik, yoshlikdagi voqealar esga olinadi. Xotiralar hangomalarga ulanadi.

— Dada, esingizdami, kichikligimizda — bola paytimizda qishloqqa borib kelgunimizcha, shu yerda bir oyoq ilib, dam olib ketardik, — deyman quyuq daraxtzorni ko'rsatib. Qir etagidagi manzarali daraxtlar o'rmon kabi guvillaydi. Shox-shabba-yu barglari quyuqligidan tagiga tangadek ham quyosh nuri tushmaydi.

Dadam gapimni tasdiqlaydi. Bu gal ham shu yerda bir zumga to'xtadik. Mashinadan tushib, salqin shabadadan to'yib-to'yib nafas olamiz. Go'yoki butun vujudimiz toza havodan to'yinadi. Yoz bo'lsa-da quyuq daraxt soyasida qarg'alar, mayna qushlar qag'illab uchib-qo'nadi, maysalar orasini tez-tez cho'qilab titkilaydi.

Yana yo'lda davom etamiz. Yo'l chetida daraxtzorlar daraxtzorga ulanib ketgan. Bog'larda gilos, o'rik, olcha, olma yaltirab tovlanadi. Hozir shu mevalarning g'arq pishgan payti. Ko'rgan kishining bahri-dili ochilib, ko'ngli ko'tariladi.

Ana-mana deguncha Sirdaryodan o'tib, Jizzaxga kirib bordik. Zamonaviy mashinalar dovondan g'izillab o'tib boradi. Ana, yaqinlashdik o'sha joyga, o'rganib qolganmiz, doim havas bilan ko'rib o'tamiz — yo'l chetida qator-qator yashiklarda yal-yal tovlangan cho'g'dek qip-qizil olmalar, bankalarga ko'rimli etib joylangan asal, bolga duch kelamiz. Shunda dadam:

— Onasi, olmalardan olamizmi? — deydi.

— Ha, har biri ikki kilodan, uch paket olishimiz kerak, — deya javob qaytaradi oyim.

Shunda qizim Mubina banka – shisha idishdagi qurutni ko'rib:

— Buvijon, qurut yeyman, ukamga ham olaylik, — deydi.

Shubhasizki, suyukli nabiraning iltimosi bajarildi. Yana manzil tomon ketayapmiz-u, barchamizning yuragimizni his-hayajon qurshab olgan. Sababi, tug'ilgan yurtga borayapmiz-da!

Mashinadagi hangomalar qizg'in davom etadi. Bir necha daqiqadan so'ng yo'l chetidagi oshxonalarning birida tamaddi qilishni rejalashtirganmiz. Ko'nglimizga yoqqan, ko'rinishidan ozoda va sarishta oshxonaga to'xtadik. Suvlar sepilgan shinamgina oshxona ekan. Bizni kutib olgan yigit bo'sh tapchanni ko'rsatdi. Qo'llarni yuvdik-da, birin-ketin joylashdik. Bizga qaragan xizmatchi taomnomani olib keldi.

— Kim nima xohlaydi, tanlanglar? — dedi dadam.

Hammamiz hovuri chiqib turgan, bu yerlarning “obro'li” yemagi “jiz”ni ma'qul topdik. Kilosi — to'qson ming so'm. Biz ikki kilogramm buyurtma qildik. Issiq choy va shu taomga mos turli xil shakarob-salatlar aytildi. Azaldan yosh bola shirinliklarga, gazli va rangli ichimliklarga o'ch bo'ladi. Qizim oshxonada qator terib qo'yilgan yarim litrlik “Coca-sola”ni ushladi va “olib beringlar”, deb iltimos ohangida mo'ltirab qaradi. Shunda otam va onam bu holatga kulishdi. Qizim esa o'ylagan niyati amalga oshganidan xursand. Yaxshi taom bezagan yaxshi dasturxon atrofida, tabiiyki, suhbat ham shirin bo'ladi.

Biz yana yo'lni davom ettirdik.

Ketayapmiz. Soat uchlarga yaqinlashganda Samarqandga yetdik. Samarqand — boqiy va muqaddas maskan. Har o'tgan-qaytganda Samarqandning ma'lum va mashhur nonlaridan olish biz uchun odatga aylangan. Mana, hozir ham shu urf, shu an'anaga sodiq qolgan holda qarindoshlarga har xil — katta-kichik bo'rsildoq, og'ir nonlardan tanlab olamiz…

Hamma charchagan, kimdir uxlab kelayapti, yana kimdir atrofni tomosha qilmoqda. Shunda qizim:

— Dadajon, “uzoq momom”ning uyiga boryapmiz, — deya o'ziga sig'may xursand bo'ladi, dam-badam kuladi.

“Uzoq momo” deb oyisining onasini aytadi. Yoshligidan shunday deb katta bo'lgan. “Uzoq momo — uzoqdagi momo”.

Soat kechki oltiga yaqinlashdi. Chiroqchi yo'llaridan o'tayapmiz. Bolalarning ko'ngli rosa ham qishloq tomon oshiqadi. Bir necha daqiqalardan so'ng olisda qishloq ko'rindi. Yana yo'l tanobi tortilavergach, uzoqdan yaqin kelayotgan — biz yaqinlashib borayotgan uy oldida tanish chehralarni ko'rdik. Telefonda xabar topib, bizni kutib olishga chiqishgan. Darvoza oldida turgan ayolni tanib:

— Uzoq momom… — deb qizalog'im baqirib yubordi.

Hol-ahvol so'rashishlar uzoq davom etadi.

Qadrdon qishloqda kechgan yetti kun mazmunli va maroqli o'tadi. U yerdagi qiziqarli hangomalar, maroqli suhbatlarni yozsak, o'zi bir katta doston.

Tug'ilib o'sgan yurt, xeshu aqrabolar bilan ko'rishish ana shunday fayzli, unutilmas bo'ladi hamisha. Ha, diydorga ne yetsin!

Muhammadsodiq TO'RAYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 − 5 =