Biz qaysi mamlakatdamiz?

Toshkent shahar hokimi diqqatiga!

TAHRIRIYaTDAN:

Ochig'i, bu haqda juda ko'p yoziladi, juda ko'p fikrlar, mulohazalar o'rtaga tashlanadi. Ona tilimizning sofligi, musaffoligi uchun qayg'urib yozilgan maqolalarga, tanqidiy chiqishlarga kun-kunora matbuotda, OAVda ko'zimiz tushadi. Xususan, o'tgan yillar davomida “Hurriyat” sahifalarida ham poytaxtimiz Toshkent va boshqa shahar-tumanlarda atamalarning tobora ajnabiylashib borayotgani xususida ko'plab tanqidiy-tahliliy chiqishlar qilindi. Ammo ming afsuski, mutasaddilarning bu chiqishlarga munosabati deyarli yo'q hisobi.

“Chiqmagan jondan umid”, deganlaridek, Vatanimiz poytaxtida o'zbek tiliga bo'lgan e'tiborning g'oyatda g'aribligi haqida yana bir bor shahar hokimi e'tiboriga quyidagi maqola havola etilmoqda.

Tungi Toshkent ko'chalarini aylansangiz, turli do'kon, sartaroshxona va yemakxonalar peshtoqlarida yal-yal yonayotgan xorijiy tillardagi yozuvlarga ko'zingiz tushadi: “Mondo family”, “Evos”, “Magnum”, “Green apple market”, “Hookah house”, “Korzinka”…

Internetdan kiyim-bosh do'konlarini izlaysiz. “Brusko”, “Kids Land”, “Podium boutique”, “Gloss”, “Brandroom”, “Edelvace”, “Li Ning”, “Verda premium”…

Sartaroshxona-salonlarning nomlari undan-da g'aroyib: “Krom professional”, “Kimmy lab”, “Jane Air”, “Chocolate”. Ularni nomidan topib olishingiz amrimahol. Bunda bannerlardagi rasmlargina yordam beradi. Agar chet tillardan xabaringiz bo'lmasa, kentda adashib qolishingiz hech gapmas. Xuddi mutafakkir Alisher Navoiyning “Tilga e'tiborsiz — elga e'tiborsiz” degan hikmati zamonamizga mos tushganday.

Xorij brendlari bo'yicha ochilgan tarmoq yemakxona va do'konlarni tushunsa bo'ladi. Bu tarmoqlar chet el firmalaridan ruxsat olib, ma'lum to'lovlar amalga oshirilgach, tashkil etilgan. Masalan, “MaxWay”, “McDonald’s”, “KFC” kafelari shular jumlasidandir.

Biroq qator yemakxonalar borki, ularning nomlaridan bu o'zimiznikimi yoki chet elniki, degan xayolga borasiz. “Bon! Boulangerie”, “Gloria jean’s”, “Coffees Uzbekistan”, “Book cafe”, “Pie Republic”, “Multi mafe” kafelarining nechun inglizcha, fransuzcha nomlanishi ajablanarli.

Oziq-ovqat do'konlarining ham ko'pchiligi ajnabiy tilda. “Magnum”, “Green apple market” va hokazo. Do'kon boshqaruvchilari bilan suhbatlashsangiz, javoblaridan hayratingiz oshadi: “Xorijiy so'zlar odamlarni o'ziga jalb etadi. Xaridorlarning qiziqishiga sabab bo'ladi”.

Turli xizmatlar ko'rsatish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan firmalarning nomlari ham, asosan, ingliz tilidan so'zma-so'z, harfma-harf ko'chirilgan: “Aramex”, “Asmus”, “Akfa build”, “Alpha security services”, “Al sage pharm” va hokazo. Bunday firma nomlarini yuzlab keltirish mumkin. Milliy firmalarning bunday atalishi chet elga mehr ko'yganimizdanmi yoki o'z ona tilimizga hurmatsizlikdan?!

Mazkur holatni poytaxtning markaziy ko'chalarida takror-takror uchratish mumkin. Ayniqsa, Shota Rustaveli ko'chasining bir-biriga tutashgan binolar peshtoqida katta-katta harflar bilan bitilgan ajnabiy so'zlarni yo'l-yo'lakay tushunib-tushunmay o'qib ketasiz.

Toshkent restoranlari kartografiyasiga yuzlanamiz: “Actor restaurant”, “Beer & wine”, “MEATme Grill & Bar”. Shunday restoranlar borki, ular birorta mamlakatning milliy taomlarini tayyorlashga ixtisoslashgan. “Resto Forn Lebnen & Chillax” (Livan restorani), “Ember & Embar” (Osiyo restorani), “Kaizen” (yapon restorani) kabi. Turk tilidagi yuzlab restoran va kafelarni sanasa bo'ladi.

Savdo va ko'ngilochar markazlarining aksariyati ajnabiy tillarda nomlangan. Masalan, “Compass Mall”, “Yangiobod Weekend flea market”, “Mega planet”, “Vega centre” kabi. Bular qatorida “Chorsu”, “Poytaxt”, “Samarqand” savdo markazlarining borligidan ko'ngil bir oz taskin topadi.

O'z ona tiliga hurmati baland mamlakatlardan biri Turkiyada yo'l ko'rsatkichlari, e'lonlar avvalo turk tilida, so'ngra ingliz tilidagi tarjimasi bilan beriladi. Hatto yo'l belgisi bo'lgan xalqaro “STOP” so'zi “DUR” deya turkcha yozilgan. Do'kon va yemakxonalarning nomlari, asosan, turk tilida bitilgan. Masalan, “Kapalıçarşı” (Kapali Charshi) savdo markazi, “Gizia” (qizlar) ayollar do'koni, shuningdek, “Osmanli”, “Tawook” grill-kafe, eng mashhur restoranlardan biri esa “Turk Fatih Tutak” (Turk Fotih Tutak) deya nomlanadi. Ona tiliga bunday e'tibor va mehr kishida havas uyg'otadi.

Qo'shni mamlakatlardan Turkmanistonda yirik savdo markazlarining nomlari “Berqaror”, “Ashxobod”, “Gul zamin”, “Poytaxt”, “Charvador”, “Baxtiyorlik” bo'lsa, mashhur restoranlari “Safgon”, “Ammor”, “Talxar” deya atalgan.

Qirg'iziston Respublikasi mashhur kafe-restoranlarni o'z lahjasida “Barsok”, “Narvana”, “Uzum”, “Navat”, “Borsak”, “Osh orda” “Atabek” deya nomlashgan. Eng yirik dam olish va savdo markazlari “Ramazon”, “Ak kema”, “Taatan”, “Tinchtik” deya o'z ona tilida faxr bilan tilga olinadi.

Ona tiliga mehri baland tadbirkor yurtdoshlarimiz bor ekanki, so'nggi paytlarda “Besh qozon”, “Chirs-chirs somsa”, “Milliy taomlar” tarmoq ovqatlanish korxonalari, shuningdek, “Olma”, “Ishonch”, “Havas” savdo belgili do'konlar ochilib, o'zbek ekanimizni eslatgandek bo'ldi. “Afsona”, “Navvat”, “Yalpiz”, “Rayhon” nomli kafe-restoranlarning faoliyat yuritayotgani ham quvonarlidir.

Firmalarning nomlanishi Adliya vazirligining ruxsati bilan amalga oshiriladi. Ma'lumki, 2006 yil 18 sentyabrda “Firma nomlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan.

“Amaldagi qonunning 4-moddasi bo'yicha firmalarga nom berilishi amalga oshiriladi, — deydi Adliya vazirligi tizimi mas'ul xodimi Azizbek Rahmatov. — Bunda, asosan, firma nomlarining takrorlanmasligiga amal qilinadi. Respublikada ikkita firma bitta nom bilan yuritilmasligi kerak. Masalan, “Nodir MChJ” ikkita firma nomi bo'lolmaydi”.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o'zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni bilan “2020 — 2030 yillarda o'zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi” tasdiqlanib, unda “mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to'liq va to'g'ri foydalanishga erishish” ta'minlanishi nazarda tutilgan.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 16 martdagi “Savdo, ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish ob'yektlariga nom berishni takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga ko'ra, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o'qitish va malaka oshirish markazi ob'yektlarga davlat tilida nom berish (neyming) xizmatini ko'rsatish belgilangan. Unga ko'ra, markaz va uning hududiy bo'linmalariga davlat tili qoida va me'yorlariga muvofiq keladigan, milliy qadriyatlarga mos hamda ob'yektlarga qo'yish tavsiya etiladigan nomlar zaxirasini onlayn rejimda shakllantirish hamda uni doimiy yangilab borish; tashqi yozuv, peshlavha, reklama va e'lonlar matnini tayyorlash, shuningdek, ularning davlat tili qoida va me'yorlariga muvofiqligi, nomlarning bir xil yoki o'xshashlik darajasi yuzasidan lingvistik ekspertiza o'tkazish; nomlash, nom yaratish faoliyati bilan shug'ullanayotgan tadbirkorlik sub'yektlari bilan hamkorlik qilish, ularga maslahat yordamlari ko'rsatish; jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga ko'ra ob'yektlar uchun davlat tili qoida va me'yorlariga, qonunchilik hujjatlariga va milliy qadriyatlarga mos bo'lgan davlat tilida nomlar yaratish va tanlash bo'yicha shartnoma asosida xizmatlar ko'rsatish vazifasi yuklatilgan. Amalda-chi… Qonun hujjatlari bir yonda, ko'cha yozuvlari bir yonda.

O'zbek tilining maqomi va nufuzini oshirishda o'zining xizmatlari, iqtidorini ayamagan fidoyi olimlardan professor G'aybulloh as-Salom o'z asarlarida ona tilining ahamiyatini shunday belgilaydi: “…til — ruhiy g'izo, insonning insonligi, uning mohiyati-ku!”. “Tilning g'aribligi — tafakkurning qashshoqligidan” deya bong urgan olim ona tili, ona yurtiga muhabbatidan kuyinib yozgan: “O'z tilida xirgoyi qilish nimaligini bilmaydigan, o'z tilida o'z dilbandiga alla aytolmaydigan, o'z tilida duoyi xayr, duoyi bad aytolmaydigan, munojot, nido qilolmaydigan va hatto o'z tilida… tush ko'rolmaydigan bir talay odamlar paydo bo'ldi!..”

Shahar ko'chalarini kezib, oddiy kishilar uchun tushunarsiz bo'lgan yozuvlarga ko'zingiz tushar ekan, G'aybulloh as-Salomning fikrlari miyangizda charx uradi: “Til — jamiyatning asosiy tayanchi, insoniy muloqot-munosabatlarning birlamchi vositasi, millat ruhi va davlatchilik taqdiridir”.

Umida XUDOYBERGANOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight + 5 =