Nima eksang, şuni örasan

Bu voqea “Hidoyat” jurnalida işlab yurganimda bölgandi.

Bir ayol ketma-ket telefon qilib, matbuotda bosilayotgan maqolalarimni öqib borişini, uçraşib suhbatlaşiş niyati borligini aytib, qaçon vaqtim bölişini söradi. Öşanda men bu uçraşuvga şoşilmadim: bir safar işimiz juda köpligini, yana boşqa gal qayergadir borişim kerakligini, soğliğimni… sabab qilib, uçraşuvni orqaga surdim. Nihoyat, u ayol bir kuni tahririyatga keladigan, men kutadigan böldim. Töğrisi, bu kelişuv yodimdan ham çiqayozgan ekan.

Bir payt ikkinçi qavatda joylaşgan işxonamizning yuzaga yopiq turgan eşigi ohista tiqilladi.

“Keling”, dedim. Lekin eşik oçilavermadi. “Kelavering, — dedim ovozimni balandroq kötarib. — Eşik oçiq-ku, kiravermaysizmi?!” Şarpa eşitildi, öqiyotgan narsamdan köz uzib boşimni kötardim. Röparamda ozğin, yuzlari oppoq, ellik yoşlardagi ayol turardi. Köz közga tuşişi bilan u yoş boladek quvonib ketganini kördim-u, beixtiyor örnimdan turdim. Bu fursat içida mehmonim oldinga qarab bir-ikki qadam bosdi… bir oyoğini sudraganday qiynalib… Içimdan zil ketdim: “Zinalardan qanday çiqdi ekan?”

Ammo ayol Çilonzordagi uyidan qanaqa sarguzaştlar bilan kelib oldi, katta köçadan tahririyatimizgaça bölgan toş yöldan qanday ötdi — bu haqda oğiz ham oçmadi. U suhbatlaşişga oşiqib turardi. Hatto bir vaqtlar çiqqan maqolalarimdan parçalar aytib, izohladi… Şeʼriyatga ham qiziqişini gaplaridan angladim. Şundan keyin ham u bir-ikki keldi, orada men boşqa joyga işga ötib ketdim. Darvoqe, bir kuni yölim Çilonzorga tuşib, uning uyini topib bordim. Birinçi qavatda yaşaşarkan. Qiş edi, xonadon zax, sovuq… Ammo suyak kasalligidan dard çekayotgan bu ayol şu uyi, öğli, kelini, ikki nabirasi borligidan va ayni vaqtda mening mehmon bölib kelganimdan behad xursand edi.

— Hozir kelinim çiqadilar, — dedi u yon tomondagi yopiq eşikka işora qilib. Ammo nabiralar kirib çiqib turişdi-yu, kelin körinmadi. — Bularning oyisi ozgina oğrib qoldi-da, — dedi mezbon göyo mening yomon fikrga bormasligimning oldini olib. — Şuning uçun kasal holida çiqolmadi, şekilli…

Oradan sal fursat ötdi. Işxonamiz qabulxonasidan qönğiroq qilib, meni bir odam yöqlab kelganini aytişdi. Çiqsam, tuvakda çaman bölib oçilib turgan gul kötargan yigit turibdi. U darrov özini taniştirdi, çilonzorlik öşa ayolning öğli ekan:

— Oyim sizni yöqlay olmayotganlaridan xijolat böldilar. Menga “Körib kelgin”, dedilar. Özingiz yaxşimisiz? — yigit gulni menga uzatdi.

Öşa lahzalarda… atrofda, asosan, oq va qora ranglar hukmron bölgan qiş kunida suvqoğoz ostida yanayam çiroyli körinayotgan şokila-şokila gullarni maqtab, gullar uçun minnatdorçilik bildirib, yigitdan oyisining ahvolu holini söragan esam-da… meni öziga qadrdon deb bilgan öşa nafis rayhonday ayolni yöqlamaganimga ança bölgani uçun puşaymon yedim, özimni koyidim desam… buyam töğri emas. Çunki öşa voqeadan keyin ham oqibatni yolçitganim yöq…

Şunga öxşaş yana bir voqea: tahririyatda taniqli ijodkorlardan birining farzandi bilan jamoadoş bölib qoldik. Öşandayam ikkinçi qavatda işlardik. Bir kuni tuşlikka yaqin kutilmaganda yoşlikdan davradoş bölgan, yillar ötgani sayin hamma yiğinlarga ham boravermaydigan bölib qolgan şoira dugonamiz kelib qoldi. U yoşligida daraxtdan yiqilib, bir oyoği kesib taşlangan, protez (yoğoç) oyoqda yurardi. Ikkinçi qavatga ham kötarilib bölganda, uning kelganidan xabardor böldik.

— Menga juda köp yaxşiliklar qilgan ustozimning farzandi şu yerda işlaşini bilib, körgani keldim, — dedi u. — Qaçondan buyon öylayman, öylayman, heç fursat qilolmayman…

Mehmonning gapidan jamoat transportida, söngra bu yerga kelgunça yarim kilometrça piyoda yöl bosgani maʼlum böldi. Buning ustiga… u kötarib kelgan xaltasining içidan çiroyli idişçalar, taom oldi:

— Bozorga kirolmadim-da. Yöl-yölakay sizlarga, arzimasayam, sovğa… birga tuşlik qilamiz deb…

Minnatdorçiliklar, gangir-gungur suhbat… Mehmon marhum ustozni köp esladi, duolar qildi. Hammasiyam bir böldi-yu…

Mehmonimizni ketar çoğida taksi çaqirib kuzatişni xayolimizgayam keltirmabmiz, qolaversa, uning bu yerga kelişiga sababçi bölgan hamkasbimiz — taniqli yozuvçining farzandi şaxsiy maşinasida yurardi. U öziga va otasiga şunça hurmatu ehtirom körsatayotgan katta yoşli ayolni maşinasida kuzatib qöyişiga şubha qilmagandik. Lekin unaqa bölmadi. Hammamiz birga pastga tuşdik, taşqariga kuzatib çiqdik. Mehmon yuzida kulgi bilan xayrlaşdi… U ançadan buyon öylab yurgan rejasining amalga oşganidan xursand, garçi oyoqlarini oğir-oğir kötarib qadamlayotgan esa-da, uçib borayotganday edi. Biz hammamiz orqasidan qarab qolaverdik…

Yuqorida eslaganim voqealar keyingi paytlarda nimaga tez-tez yodimga tuşadigan bölib qoldi? Töğrisi, yaxşi niyat bilan boşlagan bir işimdan kutganlarim boşqa-yu, natija tamoman teskarisi bölib çiqqanda, nima uçun biz soppa-soğlarni köriş, xursand qiliş uçun kelgan öşa hamşira, muruvvatli-oqibatli ayollar xayolimdan ketmay qoldi?

Şunaqa, şunaqamiz-da! Salomimizga kimdir bilibmi, bilmaymi alik olmasa… Ozgina yaxşiligimiz, hurmatimiz, kimgadir yöl körsatganimiz yoki maslahat berganimiz tezdagina “gullab hosil tugmasa, meva bermasa”, xafa böladiganlar, oğrinadiganlar, darrov şunga loyiq javob bilan alam olişga şoşiladiganlar toifasidanmiz. Holbuki, xalq aytib qöyibdi: “Yaxşilik qil, suvga sol — baliq biladi. Baliq bilmasa, Xoliq biladi”. Ha, yaxşiligimizniyam, loqaydu oqibatsizligimizniyam körib, bilguvçi Xoliq ularga javobni qayerdan, kimlarni sabab qilib qaytaradi — Özi bilguvçi.

Bir ğarib köngilni şod etmoq Kaʼbatullohni qayta tiklamoqning savobiga teng bölarkan. Vo-oh… ğaribu imkoniyatlari çeklangan köngil obodu bikr köngilni yöqlaşi, şod etişining savobi qandoq bölarkin! Va… bunday muruvvat, olijanoblikka loqaydlik, mensimaslikka munosib javob muqarrarligi yangilik emas, eskirib yöqolib ham ketmas ekan…

Muhtarama ULUĞOVA

Yangiliklarni döstlaringizga ulaşing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan