Tadbirkorlarni qo'rqitgan blogerlar…

“Telegram”dagi “Nazorat Uz” kanali ma'murlari ovqatlanish tarmoqlari rahbarlaridan katta miqdorda pul talab qilganlikda gumonlanmoqda. Ular oshxonada suvarak chiqqani aks etgan videolar borligini aytib, tadbirkorlarni qo'rqitgan. Holat yuzasidan uch kishiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo'llangan.
“Kanal vakillari Toshkent shahridagi yirik ovqatlanish shoxobchalariga kirib, ulardan mahsulot sotib olgan va ichiga inson salomatligi uchun zararli bo'lgan narsalarni joylashtirib, videoga olgan. Shundan so'ng J.I. ovqatlanish kompaniyasi rahbariyatiga murojaat qilib, bu materiallarni “Telegram” va “YouTube”dagi kanallarida e'lon qilishini aytgan”, deyiladi xabarda.
Jumladan, 2024 yilning sentyabr oyida J.I. tez yordam xodimi kiyimida 16-shahar shifoxonasidan video yozib, u yerga mashhur ovqatlanish tarmoqlaridan birida zaharlangan bir qancha fuqarolar olib kelinganini aytgan.
Ma'lumotga ko'ra, shundan so'ng u brend mas'ullariga mahsulotlar ichidan pashsha chiqqani aks etgan materiallarni tashlab, hisobiga pul o'tkazib berilmasa, videolarni tarmoqqa yuklashini aytib, shantaj qilgan.
Xabarlarda kanal ma'muri ovqatlanish shoxobchasini ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilish bo'yicha soxta shartnoma tuzib, bu orqali 240 million so'm miqdorida pul undirishga uringani aytiladi. Jumladan, ovqatlanish tarmog'i “Nazorat Uz” muallifiga 2 oy davomida 80 million so'm pul o'tkazgan. Keyinchalik shantaj davom etavergach, tadbirkor ushbu holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilgan.
Platforma.uz