Narxi oltinga tenglashayotgan mahsulot

2013 yilda 1 kg go'shtni 25 000 so'mga olish mumkin edi. Bugun esa uning narxi 140 000 so'mga chiqdi.

Narxlar qanday o'zgardi:

2013 yil — 25 000 so'm

2014 yil — 27 000 so'm

2016 yil — 35 000 so'm

2017 yil — 38 000 so'm

2018 yil — 46 000 so'm

2020 yil — 60 000 so'm

2021 yil — 70 000 so'm

2022 yil — 90 000 so'm

2024 yil — 120 000 so'm

2025 yil — 140 000 so'm

Darvoqe, go'sht narxining oshishi haqida…

Ochig'i, ro'zg'ordagi yemagimiz bo'lgan ayni mahsulot gastronomik munozaralarda eng ko'p tilga olinadigan ne'matlardan biri. Uning turmushimizdagi qiymatini solishtiradigan bo'lsak, taqriban bugun AQShdagi mayak – tuxumga bo'lgan nafsiy ehtiroslarga to'g'riroq kelishi mumkin. To'g'ri, okean orqasidagi “tuxum inqirozi”ning turli iqtisodiy-siyosiy va hatto geosiyosiy sabablari bo'lishi mumkin, ammo bu tanqislik favqulodiy. Bizda esa, xudoga shukrki, go'sht atrofidagi munozaralar allaqachon an'anaviy tusga kirgan.

Bir o'ylab ko'rsangiz, bu masalada turli hangomalar, asabiy gap-so'zlar esingizga keladi: nega buncha narxni oshirvordi, noinsoflar go'shtning orasiga bekitib suyak, charvi yoki molning yelinini urvoribdi, tarozilarni tekshirish kerak… Bozor mavzusida bunday gaplar, odatda, go'shtga nisbatan bo'ladi. Xullas, bizda deyarli o'ttiz yildirki, bu mahsulot atrofidagi munozaralar ham, xavotir ham to'xtamayotir.

Aytish mumkin bo'lsa, et dasturxonimizning eng “kibor” mahsuloti maqomini bo'shatmay kelayotir. Go'sht “qo'li yetgan va yetmagan” degan sifatlovga mutlaqo haqli mahsulotga aylangan. Zotan, oyda “qora qozoni” bir tuyur go'sht ko'rmaydigan oilalar  ko'pligini juda ko'pchilik, jumladan, “katta”larimiz ham bilishadi. Ammo hal etilmayotgan masala haqida siyosiy minbarlardan juda oz gapiriladi. Bu borada keyingi yillarda  aytilgan eng jiddiy mulohaza LDP raisi Aktam Hayitov og'zidan yangragan edi: “Biz ko'p go'sht yeyapmiz…”

Mayli, mutoyiba o'z yo'liga, lekin hukumat bu masalani jiddiy o'ylaydigan vaqt kelganiga ancha bo'lgan. Aktam Hayitovning yo'lini tutib, elning og'zini “ko'p go'sht yeyapmiz” deb yopib qo'yish masalaning yechimi emas. O'zimizda tabiiy yaylov, sug'oriladigan yerlar, eng muhimi, odamlarimizda tajriba bor bo'la turib, bu mahsulotga bo'lgan talabni importga bog'lab qo'yish ham, bizningcha, to'g'ri emas.

Ayni masalada tajriba va yaqin tarixga murojaat qilsak yaxshi bo'lardi. Masalan, bundan o'ttiz yillar ilgari birgina Nurota tumanida bir necha million qorako'l qo'ylari boqilgan. Bunday tumanlar respublikada o'ndan ortiq edi. Hozir o'sha tumanlardagi xo'jaliklar tuyoq sonini hisoblasangiz, yuz ming narisida chorva bo'lishi mumkin. Bunday krizis holat chorvachilik xo'jaliklarining mulk shakli o'zgarishi hisobiga yuz bergan edi. Afsuski, o'sha parokandalik qanday yuz bergan bo'lsa, aytarli (tah.) shu holicha qoldi…

Bundan tashqari, keyingi yillarda aholi tomonidan mol boqish sharoitining qiyinlashgani ham ayni tanqislik — qimmatchilikka sabab bo'lishi mumkin. Masalan, bir yillari mahalla faollari qishloqlarda hovlima-hovli yurib, beda, pichan unib chiqqan tomorqalarni payhon qilish kampaniyasi avj oldi. Sabab, bu yerga kartoshka yoki baqlajon ekish kerak ekan… Hovlisida to'rtta moli bor odam uchun kartoshkadan ko'ra o'sha beda muhimligini mahalladagilar bilsa-da, parvo qilmadi, chunki biz shunday topshiriq berganmiz…

Xullas, muammoning yechimi qabul qilingan va qilinayotgan qarorlar ichida bo'lishi ham mumkin. Bir so'z bilan aytganda, bugun chorva boqadigan oilalar, xo'jaliklarga sharoit yaratib berish, imtiyozlar berishni o'ylash kerak bo'ladi. Import masalasida esa go'shtni emas, balki yem-emish masalasida importni o'ylasak, sal yutgan bo'lardik. Deylik, qo'shni Qozog'istondan yem-xashak olib o'tish tayyor mahsulotni o'tkazishdan bir necha barobar arzon tushishi mumkin. Chorvani yetiltirishga ozuqa bo'lgach, muammo deyarli qolmaydi. O'zimizning qorako'zlarda qoramolniyam, ushoq molniyam boqish, parvarish qilish tajribasi shunday yuksakki, bunday san'at juda kam chorvadorlardagina bor.

Manba: platforma.uz

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 5 =