Talaba-yoshlar uchun yangi imkoniyatlar

Yotoqxona o'zining zamonaviy dizayni, keng va yorug' xonalari, barcha zarur sharoitlari bilan ajralib turadi. Unda talabalar uchun o'qish, kompyuter xonalari, dam olish maskanlari, kutubxona xonalari mavjud. Bundan tashqari, har bir qavatda sanitariya-gigiena talablariga javob beradigan hammom va oshxona mavjud bo'lib, ular talabalarning kundalik ehtiyojlarini to'liq qondiradi.
2024 yilda yurtimizda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida ko'plab islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, ta'lim sohasida ham sezilarli o'zgarishlar yuz berdi. Birgina Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti misolida olib qarasak, 2024 yil universitet uchun yutuqlar va natijalarga boy yil bo'ldi.
Bu yutuqlar butun jamoamiz a'zolarining fidokorona mehnati va birgalikdagi intilishlari natijasidir. O'tgan 2024 yilda universitetimizda ilm-fan, ta'lim va tarbiya sohalarida sezilarli yutuqlarga erishdik.
Xususan, universitetimiz talaba-yoshlari orasidan 2024-2025 o'quv yilida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda atoqli davlat stipendiyalari va turli maxsus stipendiyalar tanlovlarida 35 nafar talaba g'oliblikni qo'lga kiritdi. Bundan tashqari, 1 nafar talabamiz Zulfiya nomidagi davlat mukofoti, yana 1 nafari “Mard o'g'lon”, yana 1 nafar talaba esa “Kelajak bunyodkori” mukofoti bilan taqdirlandi. 2024 yilda Turkmaniston Respublikasining Ashxobod shahrida o'tkazilgan matematika fani bo'yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi II xalqaro fan olimpiadasida va universitet talabalari uchun xalqaro ochiq matematika olimpiadasida (Open Mathematical olympiad fo University students (OMUS-2024)) Qoraqalpoq davlat universiteti talabalaridan jami 10 nafari, jumladan, 3 nafar talaba oltin, 3 nafar talaba kumush, 4 nafar talaba bronza medalini qo'lga kiritib, universitet iqtidorli talabalari jamoasi mazkur olimpiadalarda jamoaviy hisobda faxrli birinchi o'rinni egalladi. 1 nafar talaba matematika fani bo'yicha Qori Niyoziy nomidagi respublika fan olimpiadasida 3-o'rin sohibi bo'ldi. Bundan tashqari, talaba-yoshlarimiz 2024 yilda Osiyo, O'zbekiston miqyosidagi sport musobaqalarida 32 ta oltin, 19 ta kumush, 8 ta bronza medallarini qo'lga kiritdi.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, 2025 “QS Asia University Rankings” uchun e'lon qilingan reytingda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti top-1000 talikdagi Osiyoning eng kuchli universitetlari qatoridan joy olib, unda TOP 1000 talik reytingda 633-o'rinni egalladi.
Shuningdek, universitetimizda ilmiy salohiyat ko'rsatkichini oshirish maqsadida 2024 yilda jami 3 ta ilmiy daraja beruvchi Ilmiy kengashlar tuzilib, bugungi kunda ularning soni 11 taga yetdi. Mazkur ilmiy kengashlarda 2024 yilning o'zida jami 76 tadan 8 ta fan doktori (DSc) va 68 ta falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalari himoya qilindi.
Shuni alohida ta'kidlab o'tish joiz, 2024 yil mobaynida universitet professor-o'qituvchilari tomonidan “Scopus” va “Web of Science” xalqaro ma'lumotlar bazalaridagi ilmiy jurnallarda jami 159 ta maqola, xususan, “Scopus” xalqaro ma'lumotlar bazalaridagi ilmiy jurnallarda 128 ta maqola va “Web of Science” xalqaro ma'lumotlar bazalaridagi ilmiy jurnallarda esa 31 ta maqola, OAK ro'yxatidagi respublika ilmiy jurnallarida 649 ta, OAK ro'yxatidagi impakt faktori yuqori bo'lgan boshqa xorijiy ilmiy jurnallarda 588 ta maqola, xalqaro konferensiya materiallari to'plamlarida 851 ta tezis, respublika konferensiya materiallari to'plamlarida esa 1028 ta tezis chop etildi, shuningdek 94 ta monografiya nashrdan chiqarildi.
Bu esa o'z navbatida muhtaram Prezidentimizning ta'lim sohasiga qaratayotgan e'tibori yosh avlodga sifatli ta'lim va tarbiya berish, intellektual salohiyatga ega kadrlarni tayyorlash borasida olib borayotgan islohotlarining yaqqol natijasidir.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ta'lim tizimini modernizatsiya qilish, uning barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yangi oliy ta'lim muassasalari qurish, zamonaviy o'quv-laboratoriya bazalarini yaratish, talabalar turar joylarini qurish kabi ishlar jadal davom etmoqda.
Ana shunday tashabbuslarning davomi sifatida 2025 yilning boshlanishi bilan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabalari uchun yana bir qulaylik yaratildi. Ya'ni yangi zamonaviy tipdagi 400 o'ringa mo'ljallangan yotoqxona foydalanishga topshirildi.
Yotoqxona o'zining zamonaviy dizayni, keng va yorug' xonalari, barcha zarur sharoitlari bilan ajralib turadi. Unda talabalar uchun o'qish, kompyuter xonalari, dam olish maskanlari, kutubxona xonalari mavjud. Bundan tashqari, har bir qavatda sanitariya-gigiena talablariga javob beradigan hammom va oshxona mavjud bo'lib, ular talabalarning kundalik ehtiyojlarini to'liq qondiradi.
Ushbu yangi yotoqxona nafaqat talabalar uchun yashash sharoitini yaxshilash, balki ularning ijtimoiy faolligini oshirish, ta'lim olish uchun qulay muhit yaratish va bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazish uchun ham keng imkoniyatlar yaratadi. Shuningdek, ushbu yotoqxonada tashkil etilgan zamonaviy ma'naviyat xonalari talabalarning o'zaro muloqot va hamkorlikda loyihalar ishlab chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Shu bilan birga, 2025 yilda talabalar turar-joyi bilan ta'minlash maqsadida Qoraqalpoq davlat universitetida davlat-xususiy sheriklik asosida yana 400 o'ringa mo'ljallangan talabalar turar-joyi binosi foydalanishga topshiriladi. Bu o'z navbatida talabalarni yotoqxona bilan qamrab olish darajasini 50 foizgacha oshiradi.
Albatta, bu yangilanishlar muhtaram Prezidentimiz olib borayotgan siyosat, shuningdek, talaba-yoshlarga bo'lgan hukumatimiz g'amxo'rligi, ta'lim sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e'tiborning natijasi tufaylidir.
Mamlakatimizda olib borilayotgan ta'lim sohasidagi o'zgarishlar zamon talablariga javob berib, yosh avlodning barkamol, bilimli va yuksak ma'naviyatli bo'lib kamol topishiga xizmat qilmoqda. Muhtaram Prezidentimiz ta'kidlaganidek, “Yoshlar — kelajagimiz poydevori”. Shu bois ta'limga ko'rsatilayotgan e'tibor kelgusida mamlakatimiz taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor bo'lib xizmat qiladi.
Axmed REYMOV,
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq
davlat universiteti rektori,
akademik.