Oziq-ovqat xavfsizligi va kadrlar masalasi bugunning eng dolzarb mavzusidir

Shu yilning 20 iyunida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta'lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig'ilishi o'tkazildi. Tanqidiy-tahliliy ruhda o'tkazilgan ushbu yig'ilishdan so'ng biz muhandislik sohasida kadrlar tayyorlash borasida olib borayotgan ishlarimizni qayta ko'rib chiqdik va aniqlangan muammolar bo'yicha tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqib, ularni amalga oshirib kelmoqdamiz.

Yig'ilishda muhandislarning bugungi kunda har sohada o'rni muhimligi ta'kidlandi. Xususan, oziq-ovqat xavfsizligi sohasiga e'tibor beradigan bo'lsak, ushbu soha dolzarb bo'lib, u inson salomatligini ta'minlovchi muhim omillardan biridir.

Keyingi yillarda iqlimning keskin darajada o'zgarishi, ekologik vaziyatning yomonlashishi, dunyo miqyosida demografik ko'rsatkichlarning ortib borishi natijasida oziq-ovqat mahsulotlari va uning xavfsizligiga bo'lgan talablarning-da tobora ortishiga sabab bo'lmoqda. Bu, albatta, ushbu sohadagi muhandis kadrlarning har tomonlama ilmiy salohiyatini oshirishni taqozo etadi.

Buxoro muhandislik-texnologiya institutida “Oziq-ovqat mahsulotlari texnologiyasi va servis” kafedrasi mavjud bo'lib, unda 1000 ga yaqin talaba tahsil oladi. Kafedraning ilmiy salohiyati 81 foizni tashkil qiladi (fan doktori — 3 nafar (ulardan 2 nafari professor ilmiy unvoniga ega), texnika fanlari bo'yicha falsafa doktorlari — 15 nafar, katta o'qituvchilar — 5 nafar). Biz professor-o'qituvchilarimiz malakasini jahon talablari asosida oshirish maqsadida ularning xalqaro loyihalarda ishtirokini ta'minlamoqdamiz. Xususan, oziq-ovqat sohasidagi kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan “ECAMPUZ-ERASMUS-EDU” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihada Daniyaning Kopengagen universiteti, Ispaniyaning Ekstremadura universiteti va respublikamizdan bir qator oliy ta'lim muassasalari ishtirok etmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 717,0 ming yevroni tashkil etadi. Mazkur loyiha doirasida 10 nafar talaba va doktorantlar oziq-ovqat mahsulotlarini tahlil qilish usullari, oziq-ovqat mikrobiologiyasi va oziq-ovqat xavfsizligi, oziq-ovqat kimyosi va molekulyar gastronomiya sohalarida Ispaniyaning Ekstramadura universitetida tashkil etilgan 2 haftalik yozgi tajriba tadbirlarida ishtirok etib qaytishdi. Ayni damda 2 nafar ilmiy tadqiqotchi Daniyaning Kopengagen universitetida oziq-ovqat xavfsizligi bo'yicha 3 oylik stajirovka o'tamoqda. Kelgusida talaba, magistr va doktorantlardan iborat 5 kishilik guruh ushbu soha bo'yicha 2 haftalik yozgi o'quv seminarida va 1 nafar ilmiy izlanuvchimiz xorijda stajirovka o'tashi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, institutimizda oziq-ovqat xavfsizligi sohasida “Yoshga bog'liq kasalliklarning oldini olish uchun un mahsulotlarining yangi turlarini ishlab chiqish” mavzusida 870 mln so'mlik loyiha, “Yog'lar va zig'ir urug'i asosida funksional xususiyatli kompozitsion yog'-moy mahsulotlari ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish va ularni maqsadli qo'llash” mavzusida 950 mln so'mlik loyihalar mavjud. GIZ xalqaro loyihasi doirasida Latviya tabiiy fanlar va texnologiyalar universiteti bilan 2023-2024 yillarda umumiy qiymati 200 000 yevrolik loyiha amalga oshirildi. Shuningdek, ushbu oliy ta'lim dargohi bilan “2+2” o'quv dasturi bo'yicha hamkorlik qilindi. Bundan tashqari, loyihaga asosan, rejada belgilangan bioiqtisodiyot, oziq-ovqat mikrobiologiyasi, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash uskunalari, oziq-ovqat qo'shimchalari, yangi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqish, oziq-ovqat mahsulotlarini sensorli baholash, oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash, oziqlanish fiziologiyasi kabi fanlar doirasida malaka oshirildi. Bir nafar professor o'qituvchimiz GIZ loyihasi doirasida amaliy tadqiqot bo'yicha tanlov g'olibi bo'ldi.

Bundan tashqari, institutda “Buxoro viloyatida xalqaro standartlar talablari asosida o'lchash vositalariga metrologik xizmat ko'rsatish tizimini yaratish” amaliy loyihasi ishlab chiqilgan. Loyiha qiymati 3 milliard so'mni tashkil etadi. Bunda viloyat xalq xo'jaligi tarmoqlarida eksportbop mahsulotlar, oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga xalqaro talablar asosida ko'maklashiladi hamda xalqaro andozalar asosida akkreditlangan laboratoriya tashkil etiladi.

Institutimiz doktorantlari ham oziq-ovqat xavfsizligi bo'yicha bir qator innovatsion loyihalarni amalga oshiryapti. Jumladan, 2,5 mlrd so'mlik “Mahalliy o'simliklardan foydalanib, xalqaro standart talablari asosida dorivor ekologik qo'shimchali non va konditer mahsulotlari olish” loyihasi hamda “Maqsadli sukat mahsulotlari ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish”, “Milliy unli mahsulotlar texnologiyasida mahalliy fitoqo'shimchalarni qo'llash” kabi loyihalarni ro'yobga chiqarishga harakat qilinmoqda.

Ta'kidlash joizki, institutimizda barcha yo'nalishlarda dual ta'lim yo'lga qo'yilmoqda. Hozirda 220 nafar talabamiz dual ta'lim asosida ishlab chiqarish korxonalarida tahsil olishyapti. Ularning 31 nafarini kimyo va oziq-ovqat yo'nalishi talabalari tashkil etadi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash O'zbekistonning mustaqilligini, mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni ta'minlashning garovi hisoblanadi. Aholi turmush farovonligini va darajasini yanada oshirish, xalqimizni oziq-ovqat bilan to'laqonli ta'minlash masalalari oziq-ovqat xavfsizligi muammosi bilan chambarchas bog'liqdir. Shu bois mamlakatimizda oziq-ovqat dasturini amalga oshirish asosida oziq-ovqat xavfsizligini ijobiy yuksaltirish nazariy asoslarini va ustuvor yo'nalishlarini ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan tadqiq etish zarurati mazkur tadqiqot mavzusining dolzarbligini belgilab beradi.

Sadoqat SIDDIQOVA,

Buxoro muhandislik texnologiya

instituti rektori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + one =