Megaloyiha nima, maqsad-vazifalari qanday?

Yoki universitetda yo'lga qo'yilgan megaloyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida 2023 yilning iyun oyida “O'zbekistonda veterinariya, biotexnologiya va chorvachilik sohasini rivojlantirish uchun kadrlarni intensiv tayyorlash ilmiy biznes inkubatori” megaloyihasiga start berilgan edi. Ushbu loyiha ilmiy kadrlar yetishtirishning samarali tizimini yo'lga qo'yish, ilmiy izlanishlarni tijoratlashtirish va ishlab chiqarishga joriy etish, talabalar amaliyotini tashkil etish hamda to'liq o'z-o'zini moliyalashtirish mexanizmini yaratish maqsadida barcha imkoniyatlarni o'zida mujassamlashtirgan.

Loyiha doirasida zamonaviy tajriba-vivariya klinikasi, o'quv va ilmiy laboratoriyalar bazasi shakllantirildi. Ilg'or texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlandi va veterinariya, chorvachilik, biotexnologiya, agrotexnologiya, agroiqtisodiyot sohalarida kadrlarni intensiv tayyorlash orqali yuqori malakali kadrlar tayyorlanmoqda. Asosiysi, ilmiy salohiyat keskin ko'tarildi hamda bakalavriat va magistratura talabalariga dars o'tish jarayonlarida to'liq foydalanilayapti. Natijada innovatsion fan-ta'lim, ilm va ishlab chiqarish uzviy bog'liqligi ta'minlandi.

Loyihaning asosiy maqsadi O'zbekistonda veterinariya, biotexnologiya va chorvachilik sohasini rivojlantirish uchun kadrlarni intensiv tayyorlash, ilmiy biznes inkubatorini tashkil etish hamda innovatsion g'oyalar asosida yangi uslub-vositalarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etishdan iborat.

Loyihaning asosiy vazifalari esa, tashkilotlar va aholiga xizmat ko'rsatadigan zamonaviy ilmiy-innovatsion markaz tashkil etilib, veterinariya, chorvachilik, biotexnologiya, agrotexnologiya va agroiqtisodiyot sohalarida faoliyat olib borayotgan izlanuvchilarni jalb qilish, ilmiy kadrlar tadqiqotlari natijalaridan olingan ishlanma va ilmiy yangiliklarni ishlab chiqarish amaliyotiga joriy etish, buyurtmachilar bilan manfaatli hamkorlik o'rnatish, respublikaning qishloq xo'jalik klasterlari uchun yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash hamda universitetning moliyaviy mustaqilligini bosqichma-bosqich ta'minlab, ilmiy salohiyatni keskin ko'tarishdan iboratdir.

Loyiha ishtirokchilari tomonidan bugungi kunga qadar olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari asosida 100 dan ortiq maqola, tezislar “Scopus”, “Web of Science”, “Impact factor” kabi xalqaro va respublika ilmiy jurnallarida, ilmiy-amaliy konferensiyalari to'plamlarida chop ettirildi.

Universitetning Nukus va Toshkent filiallari uchun veterinariya va chorvachilik sohalari bo'yicha yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlab berish, ilmiy kadrlarning ilmiy tadqiqotlari natijalari bo'yicha olingan ishlanma va ilmiy yangiliklarni respublikaning veterinariya, chorvachilik, biotexnologiya hamda agrotexnologiya sohalari bo'yicha ishlab chiqarish amaliyotiga joriy etish, yuqumsiz va invazion kasalliklarga tezkor tashxis qo'yishni tashkil etish va ushbu kasalliklarning oldini olish va davolashning zamonaviy, samarali usullarini ishlab chiqish, hayvonot va o'simliklar dunyosidan olinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini doimiy nazorat qilish orqali insonlar uchun xavf tug'diruvchi omillarni yuqori aniqlikda ilmiy tahlil qilish va amaliyotga ilmiy asoslangan holda tavsiyalar berish orqali ko'zlangan natijalarga erishilmoqda.

Loyiha doirasida bugungi kunda 38 nafar professor-o'qituvchi (22 nafari falsafa doktori (PhD), 16 nafari fan doktori (DSc)), “Ustoz-shogird” tizimida 5 nafar magistratura mutaxassisligi hamda 7 nafar bakalavriat bosqichi talabalari o'z ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishmoqda. Tadqiqotchilar 14 xil hayvon turlari (ot, yirik shoxli qoramol, qo'y, echki, asalari, kurka, tovuq, bedana, quyon, baliq kabi) ustida tajriba o'tkazib, izlanishlarini davom ettirishmoqda.

Respublikada naslli echkichilikni yo'lga qo'yish, ularning bosh sonini ko'paytirish, echkichilikning naslchilik-seleksiya sohalarida ilmiy, uslubiy va ta'lim salohiyatini har tomonlama rivojlantirish, fundamental va amaliy tadqiqotlarda foydalanishni tashkil etish maqsadida 2023 yilda Rossiya Federatsiyasidan 10 bosh “Orenburg” zotli, joriy yilda esa 10 bosh “Angor” zotli echkilar olib kelingan bo'lsa, yana Rossiya Federatsiyasining Oltoy o'lkasi hamda Mongoliyadan 10 boshdan zotdor echkilar olib kelinishi kutilmoqda.

Megaloyiha doirasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgan izlanuvchilarning tadqiqot ob'yektlaridan kelib chiqib, har bir hayvon turi bo'yicha sardorlar tayinlandi hamda olib borilgan ishlar va erishilgan natijalar bo'yicha o'zaro fikr almashish maqsadida seminarlar tashkil etilib, ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarining aprobatsiyalari maxsus aprobatsiya komissiyasi ishtirokida muhokama qilinmoqda.

Yuqori malakali kadrlarni tayyorlash uchun loyiha ishtirokchilaridan 10 nafarga yaqini dunyoning nufuzli 1000 taligiga kiruvchi oliy ta'lim muassasalarida, jumladan, Turkiya davlatining Dokuz Eylyul universiteti, Qozog'iston davlatining Qozoq milliy agrar tadqiqotlar universiteti va Muxtor Avezov nomidagi Qozog'iston universitetlarida hamda ilmiy tadqiqot institutlarida qisqa muddatli malaka va stajirovka o'tab kelishdi. Shuningdek, loyiha ishtirokchilarini Turkiya, Belarus, Rossiya, Latviya, Portugaliya kabi xorijiy davlatlarning nufuzli oliy o'quv yurtlariga malaka oshirish uchun yuborish ko'zda tutilgan.

Umuman olganda, mazkur megaloyiha va undan kutilayotgan natijalar O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 8 fevraldagi Qarori bilan tasdiqlangan “O'zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo'yicha 2022-2026 yillarga mo'ljallangan dastur”ning maqsadli parametrlari va asosiy yo'nalishlari — aholini chorvachilik mahsulotlari bilan barqaror ta'minlash hamda chorvachilik va uning tarmoqlarida ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, ushbu sohada oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga oid davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta'minlashga xizmat qiladi.

Asosiysi, megaloyihadan ko'zlangan maqsad, global masalalardan bo'lgan oziq-ovqat xavfsizligi, chorvachilik va biotexnologiya sohalari bo'yicha mutaxassis — yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash, shuningdek, chorvachilik sohasida sifat nazoratini kuchaytirish, eksportga yo'naltirilgan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, chorvachilik va veterinariya sohasida infratuzilma xizmatlarini o'z ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda rivojlantirish kabi eng ustuvor tamoyillarni amalga oshirishda ilmiy-tadqiqot ishlarini xolis tajriba va sinovdan o'tkazishdan iboratdir.

Xudaynazar YuNUSOV,

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar

universiteti rektori,

biologiya fanlari doktori, professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 3 =