Raqobatbardosh kadrlar — jadal taraqqiyot omili

Yangi O'zbekistonda oliy ta'limda kadrlar tayyorlash jarayoni tobora takomillashayotgan davrga kirdi. Bu jarayon o'z navbatida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining jadallashuvi bilan bevosita bog'liqdir. Ta'kidlash lozimki, islohotlar ko'lami, ularning pirovard natijasi — inson umidlarining hayotda amalga oshishi, iqtidorli yoshlarning bevosita islohotlar jarayoniga integratsiyalashuvi, demokratik taraqqiyotning mazmuni, mohiyati va maqsadini anglay olishini talabalar shuurida shakllantirish jarayoni bilan chambarchas bog'liqdir. Bunday keng qamrovli vazifaning hal qilinishi, mamlakatimizda amalga oshishida oliy ta'lim muassasalarining faol ishtiroki zarur. Shuning uchun ham mamlakat rahbari tomonidan universitetlar faoliyatini takomillashtirish, qolaversa, ularning yangi avlodini yaratish vazifasi qo'yildi.

Albatta, bu strategik vazifani amalga oshirishda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan O'zbekiston Respublikasi “Ta'lim to'g'risida”gi Qonunining yangi tahrirda qabul qilinishi muhim, ta'lim muassasalari uchun tarixiy yuksalish davrini boshlab berdi. Bunday huquqiy asosning yaratilishi natijasida O'zbekistonda nodavlat oliy ta'lim tashkilotlari vujudga keldi va jadal rivojlana boshladi.

Jahon tajribasiga tayanib ta'kidlash mumkinki, oliy ta'lim tizimidagi nodavlat universitetlar jamiyat mezonlari, talablariga, undagi ijtimoiy mazmundagi siljishlar, ba'zi hollarda tub o'zgarishlarga mos bo'lgan, raqobatbardosh kadrlar tayyorlaydigan tashkilotdir. Qayd etish lozimki, universitet ta'limi Vatanimizda hamma vaqt iqtidorli talabalarni o'qishga jalb qilgan. Ayniqsa, bo'lajak talabalar uchun oliy o'quv yurtlarini tanlash imkoniyatining kengaytirilishi universitetlar orasidagi raqobatni kuchaytirdi.

Bugungi kungi abiturient faqat ta'lim bozorida o'zining muqim joyini egallagan, o'quv jarayoni talablar darajasida tashkil etilgan universitetlarga hujjat topshiradi, o'qishga kiradi. Bugungi axborotlar tizimi abiturientlarni o'qishga chorlayotgan o'quv muassasasi haqida to'liq ma'lumot bera oladi.

Tajriba ko'rsatadiki, bugungi kundagi abiturient o'zi tanlagan oliy o'quv yurtining faoliyati, o'qishni bitirib chiqqandan keyin tanlagan mutaxassisligi uning kelajagi uchun zarurligini to'liq tushungandagina ushbu universitetda o'qishni tanlaydi. Bunday tanlov universitetlar orasida iqtidorli talabalar uchun, ya'ni ularning ushbu o'quv dargohini tanlashi ular orasida iqtidorli talabalar uchun raqobatni boshlab beradi. Universitet ta'limining muhim vazifasi, ya'ni davlatimiz strategik taraqqiyotidagi o'rni — jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida muhim o'rin egallaydigan, texnologik rivojlanish talablariga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlashdan iboratdir. Shuning uchun ham mamlakatimizda bo'y cho'zayotgan, tobora ommalashib borayotgan davlat va nodavlat universitetlarga Vatanimizning texnologik jihatdan rivojlanishi, globallashuv jarayoni tufayli xalqaro raqobatbardoshligini ta'minlash uchun zarur bo'lgan, yuqori malakali kadrlar tayyorlash vazifasi qo'yilgan. Ayniqsa, zamonaviy texnika va yangi texnologiyalarga oid mutaxassislarni tayyorlash dolzarb bo'lmoqda.

Kadrlar tayyorlash ishiga bunday yondashuv, bevosita mamlakatimizda klasterlarning rivojlanishi, ularning qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksport qilish jarayoni, mavjud sanoat korxonalarining modernizatsiyalashuvi, mashinasozlik tarmoqlari, kichik sanoat zonalarida faoliyat olib borayotgan korxonalar, shu jumladan, qo'shma korxonalar, bank-moliya tizimi xavfsizligini ta'minlash uchun malakali mutaxassislar tayyorlashni talab qilmoqda. Bu jarayon o'z navbatida yosh mutaxassisdan raqobatga chidaydigan mahsulotlar ishlab chiqaradigan texnologik jarayonni to'liq o'zlashtirishni talab qiladi. Universitetlar oldidagi yana bir muhim masala — xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikda faoliyat olib borayotgan korxonalarni mahalliy kadrlar bilan ta'minlash vazifasini bajarishi lozim. Bu jarayondagi muhim xususiyat shundaki, qo'shma korxonalar universitetlarda tayyorlangan va qo'shma korxonada ishlashni istagan mahalliy kadrlar malakasining sifatiga alohida e'tibor beradi. Shu jumladan, ularning xorijiy tillarni, kompyuterlashtirish texnologiyalarini mukammal egallaganligi zaruriyati vujudga keladi. Qolaversa, O'zbekiston Respublikasida muttasil oshib borayotgan qo'shma korxonalar, zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ta'minlangan ishlab chiqarish, sanoat korxonalari sonining oshib borayotganligi ushbu korxonalar uchun zarur bo'lgan injenerlar, mutaxassislar, boshqaruv sohasi uchun zarur bo'lgan kadrlarni tayyorlash ishini ham takomillashtirishni talab qilmoqda.

Ta'kidlash lozimki, mavjud ixtisosliklarning o'quv rejasi raqamli iqtisodiyot talablari asosida, ya'ni jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlarda oliy ma'lumotli kadrlarga bo'lgan zaruriyat hisobga olingan holda shakllantirilgan. Bunday jarayon o'z navbatida davlat va nodavlat tashkilotlar, ishlab chiqarish korxonalari, ta'lim muassasalari, xususiy sektor, tadbirkorlik sub'yektlari bilan bevosita aloqalarning barpo etilishi, tizimli rivojlantirilishi orqali vujudga keldi. Jumladan, universitetlar va tashkilotlar, muassasalar o'rtasida imzolangan shartnomalarda, bakalavriatni tamomlagan yosh kadrlarni ish bilan ta'minlash masalalari ham o'z aksini topishi maqsadga muvofiq.

Hozirgi kunda universitetlar talabalarini ayrim ta'lim yo'nalishlarida ikkinchi kursdanoq korxonalarga, ta'lim muassasalariga, tadbirkorlik sub'yektlariga biriktirib qo'yish tajribasi yo'lga qo'yilgan. Buning natijasida bugungi talaba o'zining bo'lajak ish joyi bilan tanishmoqda va bakalavr diplomini olganidan keyin o'sha joyda ishlash imkoniyati vujudga keladi. Yoki bo'lajak kasbining sir-asrorlarini o'rganadi, uning murakkab jihatlariga e'tibor beradi. Talaba tomonidan olingan nazariy bilim va amaliyot orasidagi dastlabki uchrashuv sodir bo'ladi. O'quv jarayoni va ishlab chiqarish orasidagi bunday amaliyot natijasida talabalar real iqtisodiy sektorga ertangi kundagi ish joylariga bugundan tayyor bo'lib, shu joyning jamoasiga kirishib, uning nima bilan yashayotgani oldida turgan vazifalardan xabardor va daxldor holda ishga boradilar.

Oliy ta'lim oldida turgan vazifalarni, bo'lajak kadrlar tayyorlash ishiga qo'yilayotgan talablarni e'tiborga olib maktabgacha ta'lim, maktab ta'limi, matematika, tarix, o'zbek tili va adabiyoti, xorijiy tillar mutaxassisliklari tayyorlanishi ham keng yo'lga qo'yilgan. Ta'kidlash lozimki, ushbu ijtimoiy-gumanitar yo'nalish kasb etadigan mutaxassisliklar keng mushohadali malakali kadrlarni tayyorlashni talab qiladi. Universitetlarda bu jarayonga yondashuvda professor-o'qituvchilar oldiga ixtisoslikka oid bugungi kun amaliyotini yaxshi bilish vazifasi qo'yildi. Mutaxassislik kafedralariga bunday munosabat natijasida talabalarga globallashuv, chuqurlashayotgan bozor iqtisodiyoti, raqamli iqtisodiyotning ijtimoiy sohaga qanday ta'sir ko'rsatganligini anglagan holda talabalar bilan ishlash yo'lga qo'yilmoqda. Amaliyot va nazariya orasidagi bunday bog'liqlik natijasini ijtimoiy-gumanitar, xorijiy tillar mutaxassisliklarida o'qishni istagan abiturientlar sonining muttasil oshib borayotganligidan ko'rishimiz mumkin. Mamlakatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Oliy ta'lim tashkilotlariga o'qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to'g'risida”gi farmonda ham abiturientlarning xorijiy tillarni bilishiga e'tibor qaratilgan.

Shu bilan birgalikda malakali kadrlar tayyorlashning muhim bo'g'ini — magistrlar tayyorlash hisoblanadi. Albatta, bu jarayon uchun zarur bo'lgan, ya'ni kafedralarga yetakchi mutaxassislar, olimlar, fan doktorlari tanlov asosida ishga taklif qilinmoqda. Magistratura uchun zarur bo'lgan metodik qo'llanmalar, o'qitiladigan fanlar bo'yicha darsliklar tayyorlash jarayoni olib borilmoqda. Magistraturada tayyorlanadigan kadrlarning sifatiga alohida e'tibor qaratilmoqda, jumladan, oliy ta'lim tizimidagi kafedralarda magistrlarga mo'ljallangan darsliklar, o'quv qo'llanmalarini yetakchi xorijiy universitetlarning professorlari bilan hamkorlikda yaratish ishlari boshlandi.

Oliy ta'lim tizimi professor-o'qituvchilari bo'lajak mutaxassislarning talablari, istaklari, takliflarini hisobga olgan holda ta'lim bermoqdalar. Shuni alohida ta'kidlash lozimki, kafedralar, monitoring bo'limi, ta'lim sifatini nazorat qilish bo'limi, dekanatlar faoliyatida tizimli sur'atda talabalarning davomati, darslardagi ishtiroki, ayniqsa, kredit-modul tizimi asosida tashkil qilingan, talabalar mustaqil ishining bajarilishini, o'quv jarayoni sifatiga e'tiborni doimiy sur'atda amalga oshirishlari zarurligini ko'rsatmoqda. O'quv jarayonidagi muhim masala professor-o'qituvchilar tomonidan olib borilayotgan ma'ruzalar, seminar mashg'ulotlari, maslahat darslarining sifati xalqaro talablarga javob berishidir. Shuning uchun ham davlat va nodavlat, shuningdek, boshqa turdagi oliy ta'lim tashkilotlari rahbariyati talabalarning o'quv jarayonini yanada takomillashtirishga qaratilgan shaxsiy fikrlariga alohida e'tibor beradi, ularning amalga oshishini ta'minlaydi. Oliy ta'lim tizimida talabalar tomonidan sababli qoldirilgan darslarni qayta topshirish, ushbu mavzu bo'yicha talaba tomonidan mustaqil ishlangan topshiriqning bajarilishi ham nazoratga olinishi rejalashtirilmoqda. Bizning fikrimizcha, bunday monitoring natijasida talaba o'quv jarayoniga e'tiborini yanada kuchaytiradi, darslarni qoldirmaslikka intiladi. Ushbu tizimning muhim bo'g'ini hisoblangan fanlar bo'yicha, ya'ni joriy, oraliq va yakuniy o'zlashtirish nazoratining tashkil qilinishi, sifatli o'tkazilishiga e'tibor qaratiladi. Chunki ushbu jarayon talabalar orasidagi ma'naviy muhitni ta'minlash, ular bilimi darajasini aniqlashda adolat mezonlariga amal qilish va pirovard natijada ta'lim sifatini oshirishni ta'minlaydigan mexanizmlardan biridir.

Oliy ta'limdagi islohotlarning muhim jihati tayyorlanayotgan mutaxassislarning yuqori malakasini ta'minlashdan iborat. Xorijiy ta'lim tizimlari tahliliga asosan, kelajakda masofaviy ta'lim va boshqa turdagi progressiv ta'lim shakllari rivojlanib boraveradi. Bu jarayonda nimalarga e'tibor berish maqsadga muvofiq? Birinchi navbatda barcha turdagi universitetlar kafedralarini yuqori malakali professor-o'qituvchilar bilan ta'minlashdan iboratdir. Chunki masofaviy ta'limdagi o'quv jarayonining o'ziga xos xususiyati — ushbu bo'limda ta'lim olayotgan talabalarning ko'pchiligi o'zlari tanlagan mutaxassisliklari bo'yicha ishlaydi. Ikkinchidan, masofaviy ta'limda o'qiyotgan talabalar bilan ishlaydigan kafedralar, o'quv rejasidagi har bir fan bo'yicha masofaviy ta'lim mazmunini hisobga olgan holda o'quv-metodik materiallar majmuasini, o'quv qo'llanmalari va darsliklarning yangi avlodini yaratishlari lozim. Uchinchidan, professor o'qituvchilarni masofaviy ta'lim tizimida ishlashga mo'ljallab, ularning malakasini oshirish lozim. Ayniqsa, yosh o'qituvchilarni, ilmiy-pedagogik faoliyatga jalb qilingan magistrlarni bu jarayonga puxta tayyorlash maqsadga muvofiq. Bunday vazifa o'z navbatida malaka oshirish institutlari va markazlari ishini ham tubdan yaxshilash, masofaviy ta'lim metodikasini takomillashtirish bo'yicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishni talab qiladi. To'rtinchidan, masofaviy ta'lim jarayoni dars jarayonini kompyuterlashtirishni yanada takomillashtirish vazifasini oldinga suradi. Buning uchun o'quv xonalari, professor o'qituvchilarning talabalar bilan muloqot qilishi, axborot uzatishi, savol-javoblarini qabul qilishi uchun mo'ljallangan zamonaviy o'quv texnikasi mavjud bo'lishi lozim.

Bugungi kun oliy ta'lim tashkilotidagi o'quv jarayonining o'ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat:

Birinchidan, o'quv jarayonida zamonaviy kompyuterlardan ma'ruzalar o'qishda, amaliy mashg'ulotlar o'tkazishda samarali foydalanish. O'quv mashg'ulotlarining yuqori saviyada o'tkazilishi uchun universitet axborot-resurs markazlari zamonaviy texnik o'quv vositalari, darslik va o'quv qo'llanmalarning so'nggi avlodi bilan jihozlanganligi muhim. Barcha asosiy fanlar bo'yicha mutaxassisliklarga oid o'quv-metodik materiallar, ma'ruza matnlarining elektron bazasi shakllantirilgan bo'lishi kerak. Bundan tashqari, asosiy e'tibor talabalarning individual mustaqil ishlariga qaratilishi lozim. Talabaning kompyuterda mustaqil ishlashi katta tarbiyaviy ahamiyatga ega, chunki u talabalarda yuqori tashkilotchilik, intizom, iroda, ijodiy tashabbus, maqsadga erishishdagi qat'iyat, faktlarni, har qanday vaziyatni tahlil qilish qobiliyati, mustaqil va moslashuvchan fikrlashni tarbiyalaydi, o'z fikrlarini jamlashni o'rgatadi.

Ikkinchidan, yuqori malakali, bevosita amaliyot bilan bog'liq bilimlarga ega bo'lgan mutaxassislar tayyorlashda kompyuterlarning so'nggi avlodidan samarali foydalanish jarayoni, talabalarning mustaqil ishlarini tashkil etishni sezilarli darajada faollashtirish uning shakl va usullarini diversifikatsiya qilish imkonini beradi. Hozirgi vaqtda oliy ta'lim samaradorligini oshirishning muhim omili — innovatsion axborotlar majmuasini yaratish va ularni o'qitilayotgan fanlar mazmuni va amaliyotga izchil integratsiyalash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mutaxassislar tayyorlashga bunday yondashuv oliy ta'lim tizimiga yuqori malakali mutaxassislarni ishga taklif qilishni talab qilmoqda.

Uchinchidan, o'quv jarayonini to'liq kom­pyuterlashtirish bo'lajak bakalavrlarni nafaqat axborotni qayta ishlash tizimlarining malakali mijozlari, balki ijtimoiy-iqtisodiy mazmundagi ma'lumotlarni qayta ishlash uchun turli xil dasturiy vositalardan samarali foydalanishga qodir foydalanuvchilar sifatida o'qitishni talab qiladi. Kompyuterda o'qitilayotgan fanlarga oid analitik muammolarni hal qilish jarayonida quyidagilarga e'tibor qaratish maqsadga muvofiq:

  • amaliy ish jarayonida kompyuter texnikasini qo'llashni o'rganish, kompyuterda analitik tahlilni o'zlashtirish o'quv jarayonining muhim qismini tashkil qilishini hisobga olish;
  • kompyuter texnikasidan samarali foydalanib, bo'lajak ish jarayonida raqamli iqtisodiyot imkoniyatlaridan foydalanishning asosiy nazariy jihatlari, modellarini yaratishga e'tibor berish;
  • amaliyot bilan bog'liq bo'lgan analitik xulosalarni loyihalash qoidalarini bilib olish o'quv jarayonidagi asosiy maqsaddan iboratdir;
  • amaliy mashg'ulotlarda laboratoriya ishlarini kompyuterda bajarish orqali masalalar ustida individual ishlash darajasini oshirish orqali o'quv jarayonining sifati sezilarli darajada takomillashmoqda;
  • kompyuter texnologiyalaridan unumli foydalangan holda ishbilarmonlik o'yini tashkil qilish o'quv jarayonining muhim qismidir. Bunday ijodiy yondashuv o'qituvchilar va talabalar guruhini puxta tayyorlashni, ya'ni mavzuga doir materiallarni chuqur o'rganishni talab qiladi.
  • Kadrlar tayyorlash jarayoniga tizimli yondashuvni, ya'ni talabaning bo'lajak ish faoliyatini ishbilarmonlik o'yini shaklida tashkil etish va modellashtirish orqali amalga oshirish mumkin.

Ta'kidlash lozimki, ishbilarmonlik o'yinlari talaba tomonidan kelgusi ish faoliyatining mohiyatini tushunish uchun tashkil etiladi. Ishbilarmonlik o'yini-ayrim real voqelikni o'rganish maqsadida uni modellashtirishga qaratilgan faoliyat turidir. Ishbilarmonlik o'yinini o'tkazish talabalarning o'rganilayotgan fan bo'yicha talaba olgan nazariy bilim va ko'nikmalaridan foydalanish, kutilmagan vaziyatlarda mustaqil xulosa chiqarish imkonini beradi. Bundan tashqari, masalalar majmuasiga asoslangan ishbilarmonlik o'yini talabaga oliy ta'lim tizimida o'qitiladigan kurslar o'rtasidagi o'zaro bog'liqlikni aniqlashga yordam beradi. Amaliyot bilan uzviy bog'liqlikka mo'ljallangan o'quv jarayonida barcha fanlardan o'tkaziladigan treningni ishbilarmonlik o'yinlari sifatida foydalanish orqali erishish mumkin. Kompyuter texnologiyalaridan foydalangan holda o'tkaziladigan ishbilarmonlik o'yinlarini metodik jihatdan ta'minlash maqsadida universitet kafedralarida fanlarga oid uslubiy qo'llanmalar ishlab chiqish zarur.

Oliy ta'lim tizimidagi o'quv jarayonida talabalarning ilmiy ishlarida kompyuter imkoniyatlaridan keng foydalanishga e'tibor berilmoqda. Albatta, bu jarayon talaba — kafedra — axborot resurs markazi aloqadorligi asosida tashkil qilinishi maqsadga muvofiq. Masalaning yechimiga bunday yondashuv talabalarda ilmiy tadqiqot ishlarining metodologik, nazariy asoslarini chuqur o'rganishlariga yordam beradi. Shuningdek, tanlangan mavzuga oid masalalarning yechimini topishga bevosita yordam beradigan ilmiy yondashuvning biridir. Ta'kidlash lozimki, Oliy ta'lim tizimida talabalarning ijodiy, ilmiy faolligi, bugungi kun zamonaviy texnologiyalaridan xabardorligi kelajakda malakali mutaxassis bo'lishiga, zarur bo'lgan bilimlarni egallashlariga mustahkam zamin yaratadi.

Abdusalom UMAROV,

Toshkent amaliy fanlar

universiteti rektori,

texnika fanlari doktori,

professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − fourteen =