Yangi o'quv yilining boshlanishi – barcha uchun bayram

4 sentyabr kuni mamlakatimizdagi barcha maktablarda yangi 2024-2025 o'quv yili boshlandi. Shu kuni erta tongdanoq maktab ostonasiga ilk qadam qo'yayotgan bolalar o'quv maskani sari oshiqdilar.

Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda bolalarni hayajon bilan ta'lim sari chorlagan tantanali tadbir – “Birinchi qo'ng'iroq” tadbiri barcha joylarda bo'lgani kabi Toshkent shahridagi 20-umumta'lim maktabida ham baland ruhda tashkil etildi.

Ushbu o'quv maskaniga guldasta va rangin sharlar tutgan bolalar, ularning ota-onalari, ustozlar to'plandi. Shu kun yurtimizning keng jamoatchiligi uchun chin ma'noda bayramga aylanib ketdi.

Maktabning mo''jaz hovlisida O'zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.

Ushbu o'quv maskani direktori Shahnoza Qosimovaning ma'lum qilishicha, bu yil mazkur ta'lim maskanining 1-sinfiga 140 nafar o'g'il-qiz qabul qilindi. O'quvchilarga puxta ta'lim berishga, ularning fanlarni puxta o'zlashtirishiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Shu sabab bitiruvchilarni oliy ta'lim bilan qamrab olish ko'rsatkichi ushbu maktabda yuqori ekani ahamiyatli.

1935 yilda barpo etilgan mazkur maktab 2018 yilda qaytadan rekonstruksiya qilindi. O'quv binosida qo'shimcha sinfxonalari, sport zal, gigiena xonalari barpo etildi. Endilikda 740 o'ringa mo'ljallangan ushbu maktabda 1 ming 100 nafar o'quvchi ikki smenada ta'lim olmoqda. Bu yil ushbu maktabni bitirgan yoshlarning aksariyati oliy ta'lim dargohi talabasi bo'ldi. Yoshlarning yutuqlarida oliy toifali pedagoglar, mehribon ustozlarning xizmatlari beqiyos.

Tantanali tadbirda mamlakatimizda ta'lim sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil so'z yuritildi. Bu yangilanish jarayonlari farzandlarimizning dunyoda hech kimdan kam bo'lmagan insonlar bo'lib kamolga yetishida alohida ahamiyat kasb etmoqda.

– Bolajonlarga bilimlar bilan birga yuksak ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni singdirishda o'qituvchilar, keng jamoatchilik, mahalla faollari, “Oqila ayollar” harakati vakillari ushbu maktabdagi tarbiyaviy ishlarga keng jalb etilgan, – dedi Shayxontohur tumani Oila va xotin-qizlar bo'limi bosh mutaxassisi Dilorom Bobonova.

– Mening barcha farzandim, endilikda esa 8 nafar nevaram shu maktabda ta'lim oladi, – dedi “Taxtapul” mahalla fuqarolar yig'ini xotin-qizlar faoli Malika Aliyeva. – Bugun ta'lim olish uchun yosh avlodga barcha imkoniyatlar yaratilgan. Bu imkoniyatlar mana shunday umumta'lim maktablari faoliyati, o'quv-tarbiyaviy jarayonida ham o'zining yorqin ifodasini topmoqda.

Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi matbuot xizmati ma'lumotlariga ko'ra, ushbu tuzilma tasarrufida shahrimizda 325 ta maktab faoliyat ko'rsatmoqda. 16 ta maxsus yordamchi maktablar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tasarrufiga o'tkazilgan. Poytaxt umumta'lim maktablarining 1-11-sinflarida ushbu o'quv yilida 501 ming 207 nafar o'g'il-qiz ta'lim olmoqda. Bugungi kun holatiga ko'ra, 48 ming 223 nafar bolajon umuta'lim maktablarining 1-sinfiga qabul qilindi.

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi axborot xizmati ma'lumotiga ko'ra, mamlakatimizdagi umumta'lim maktablariga bu yil 675 ming nafar bolajon o'qishga keldi. Ularning barchasiga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg'alari – maktab anjomlari, darsliklar, o'quv qurollari tantanali topshirildi.

Birinchi qo'ng'iroq sadolari yangradi. Maktablardagi ilk saboq “Mustaqillik darsi” bilan boshlandi. “Bir bo'lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan bosh g'oyani o'zida mujassam etgan ushbu dars davomida Mustaqilligimizning qadr-qimmati, ajdodlar, jadid bobolarimizning muqaddas yodi, tinch va osuda hayotimiz, yangilanib borayotgan jonajon Vatanimiz, yoshlarga qaratilayotgan cheksiz mehr va e'tibor xususida o'quvchilarga samimiy va hayotiy misollar yordamida tushunchalar berildi. Yangi o'quv yilida “Prezident sovg'alari”dan, ayniqsa, jajji o'quvchilar mamnun bo'ldilar.

Nazokat USMONOVA,

O'zA muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight + 13 =