Muhandislik sohasi istiqboliga muhim qadam tashlanmoqda

Dunyo davlatlari shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi kunda insonlarning farovon hayoti, yurtimiz iqtisodiyotining yanada taraqqiy topishi, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning porloq kelajagi uchun muhim qadamlar tashlash, mas'uliyat bilan qarash — davr talabidir.
Darhaqiqat, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganlaridek, “Iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish uchun bizga yuqori malakali muhandis-texnologlar suv bilan havodek zarur”.
Bu yo'nalishda Prezidentimiz joriy yilning 24 yanvar kuni mamlakatimizda ta'lim, ilm-fan, sanoat, texnika va texnologiya sohalarida kadrlar tayyorlashda muhim bo'lgan “Nukus davlat texnika universitetini tashkil etish to'g'risida”gi tarixiy qarorni qabul qildi.
Bu qaror Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti huzuridagi Nukus konchilik instituti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali negizida yangi universitetning tashkil etilishiga huquqiy asos bo'ldi.
Bundan ko'zlangan asosiy maqsad — muhandislik sohalarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ta'lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o'rtasida o'zaro integratsiyani yo'lga qo'yish, o'qitish usul va shakllarini takomillashtirish, ta'lim jarayoniga innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali ta'lim sifatini hamda ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirishdir.
Universitetga sanoat, texnika-texnologiya, muhandislik sohalari uchun mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, ta'lim jarayoniga yuqori 300 talik ro'yxatga kirgan xorijiy oliy ta'lim tashkilotlari tajribasi asosida ta'lim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish, hudud uchun istiqbolli bo'lgan kadrlar tayyorlash, zamonaviy o'quv, ilmiy va AT laboratoriyalari bazasini yaratish, amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsion loyihalar samaradorligini oshirish, ta'lim, ilm-fan, ishlab chiqarish o'rtasida integratsiyani kuchaytirish kabi qator vazifalar belgilab berilmoqda.
Yana bir muhim tomoni shundaki, universitetda ilg'or muhandislik maktabi faoliyatini tashkil etish masalasi ham o'rin oldi. Unda ta'lim olish uchun akademik ko'rsatkichlari yuqori bo'lgan talabalar tanlov asosida saralanadi va amaliyotga yo'naltirilgan maxsus ta'lim dasturlari asosida o'qitiladi, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi, muammolar portfeli asosida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari olib boriladi.
Hozirda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti huzuridagi Nukus konchilik instituti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filialida tahsil olayotgan barcha talabalar o'qishini Nukus davlat texnika universitetida davom ettiradi va bitiruvchi kurs talabalariga universitet diplomi beriladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan mazkur qaror nafaqat Qoraqalpog'istonning, balki Yangi O'zbekistonimizning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishini ta'minlashda, salohiyatini yanada oshirishda muhim o'rin egallaydi.
Biz ishonamizki, tashkil etilayotgan ilm-fan va ta'lim-tarbiya dargohida tahsil olgan yoshlarimiz yurtimizning munosib farzandlari bo'lib yetishadi hamda o'zlarining muvaffaqiyat va yutuqlari bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga o'zlarining hissalarini qo'shadi.
Atabek KAIPBERGENOV,
Navoiy davlat konchilik va
texnologiyalar universiteti
huzuridagi Nukus konchilik
instituti direktori,
texnika fanlari doktori,
professor.