Muhandislik istiqboliga muhim qadam

Dunyo shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi davrda farovon hayot, yurt iqtisodiyotining taraqqiy topishi, xalqimiz, ayniqsa, ilmga chanqoq yoshlarimizning taqdiri uchun muhim qadamlar tashlash, ularga munosib sharoit yaratishga mas'uliyat bilan qarash – davr talabi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganlaridek, “Iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish uchun bizga yuqori malakali muhandis-texnologlar suv bilan havodek zarur”.
Joriy yil boshida Davlatimiz rahbari mamlakatimizda ta'lim, ilm-fan, sanoat, texnika va texnologiya sohalarida kadrlar tayyorlashda muhim bo'lgan “Nukus davlat texnika universitetini tashkil etish to'g'risida”gi tarixiy qarorini qabul qildi.
Bu qaror Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti huzuridagi Nukus konchilik instituti va Toshkent axborot texnologiyalar universiteti Nukus filiali negizida yangi universitetning tashkil etilishini ta'minlamoqda.
Uzoqni ko'zlagan maqsad esa muhandislik sohalarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ta'lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o'rtasida o'zaro integratsiyani yo'lga qo'yish, o'qitish usul va shakllarini takomillashtirish, ta'lim jarayoniga innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali ta'lim sifatini hamda ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirishdir.
Qarorda sanoat, texnika-texnologiya, muhandislik sohalari uchun mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, ta'lim jarayoniga yuqori 300 talik ro'yxatga kirgan xorijiy oliy ta'lim tashkilotlari tajribasi asosida ta'lim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish nazarda tutilgan. Hudud uchun istiqbolli bo'lgan kadrlar tayyorlash, zamonaviy o'quv, ilmiy va IT laboratoriyalari bazasini yaratish, amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsion loyihalar samaradorligini oshirish, ta'lim, ilm-fan, ishlab chiqarish o'rtasida integratsiyani kuchaytirish kabi kator vazifalar belgilab berilmoqda.
Ilm ahlini quvontiradigan yana bir muhim jihati shundaki, universitetda Ilg'or muhandislik maktabi faoliyatini tashkil etish masalasi ham o'rin oldi. Unda ta'lim olish uchun akademik ko'rsatkichlari yuqori bo'lgan talabalar tanlov asosida saralanadi. Ular amaliyotga yo'naltirilgan maxsus ta'lim dasturlari asosida o'qitiladi. Zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi, muammolar portfeli asosida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari olib boriladi.
Hozirda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti xuzuridagi Nukus konchilik instituti va Toshkent axborot texnologiyalar universiteti Nukus filialida tahsil olayotgan talabalar o'qishini Nukus davlat texnika universitetida davom ettiradi va bitiruvchi kurs talabalariga universitet diplomi beriladi.
Mazkur qaror nafaqat Qoraqalpog'istonning, balki Yangi O'zbekistonimizning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishini ta'minlashda, ilmiy salohiyatini yanada oshirishda muhim o'rin egallaydi.
Ishonchimiz komil, tashkil etilayotgan ilm-fan va ta'lim-tarbiya dargohida tahsil olgan yoshlar yurtimizga fidoyi va kerakli mutaxassislar bo'lib yetishadi, yutuqlari bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo'shadilar.
Atabek KAIPBERGENOV,
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti huzuridagi Nukus konchilik instituti direktori, texnika fanlari doktori,
professor.