Jamiyatni o'zgartiruvchi kuch

Namangan davlat pedagogika instituti madaniy-ma'rifiy faoliyatini tarbiya klasteri tizimi asosida amalga oshirmoqda

Mamlakatimizda o'qituvchi-pedagoglarga bo'lgan e'tibor davlat siyosatining ustuvor sohasiga aylandi. Endilikda o'qituvchiga odamlarning tafakkurini, jamiyatni o'zgartiruvchi kuch hamda yangi beruniylarni, xorazmiy va farg'oniylarni kamolga yetkazuvchi, tom ma'nodagi tarixiy missiyani ado etishga qodir bo'lgan inson sifatida oqilona munosabat rivojlanmoqda. Ayniqsa, pedagogning maqomi tan olinishi, pedagoglarning o'z kasbiy faoliyatini yuritishi uchun barcha sharoitlar yaratilishi, ijtimoiy himoyasi ta'minlanishi va huquqlari amalga oshirilishi 2024 yil 1 fevralda qabul qilingan “Pedagogning maqomi to'g'risida” O'zbekiston Respublikasining Qonuni bilan kafolatlandi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 iyundagi “Pedagogik ta'lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta'lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qaroriga asosan tashkil etilgan Namangan davlat pedagogika institutida fan — ta'lim — tarbiya integratsiyasini ta'minlashda bir qator ishlar amalga oshirildi.

Institut tashkil etilganidan buyon har bir o'quv yili o'ziga xos tarzda nomlanib kelinadi. Jumladan, “Tiklanish” yilida — malakali pedagog kadrlarni saralash va o'quv jarayonini samarali tashkil etish, “Rivojlanish” yilida — ma'naviy-ma'rifiy va tarbiyaviy faoliyat ustuvorligini ta'minlash, “Taraqqiyot” yilida — ilmiy tadqiqot ishlari va ilmiy salohiyatni oshirish, “Yuksalish” yilida — xalqaro hamkorlikni mustahkamlash sohasida tizimli ishlar amalga oshirildi. Buning natijasida institutda ilm-fan, ta'lim-tarbiya yo'nalishida samarali natijaga erishildi.

Hozirgi kunda institutda 3 ta fakultet, 10 ta kafedra hamda fan-ta'lim-madaniyat-tarbiya uyg'unligini ta'minlashga qaratilgan “Kelajak o'qituvchisi markazi”, “Xalqaro baholash dasturlari bilan ishlash laboratoriyasi”, “Ma'naviyat sektorlari”, “Iftixorlar maskani”, “Talabalar akademiyasi”, shuningdek, Namangan viloyatining har bir tumanida institutning ilmiy-o'quv metodik markazi faoliyat olib bormoqda.

Institutda ilmiy-amaliy, ilmiy-nazariy tadqiqotlarni tizimli, manzilli va maqsadli amalga oshirish “ilm orqali bilim berish” tamoyiliga asoslanadi. Pedagogik ta'limga bunday yondashuv, birinchidan, mukammal nazariy bilim olish orqali amaliy faoliyatga yaqinlashish imkoniyatini berdi; ikkinchidan, zamonaviy bilimlar vositasida ta'lim yo'nalishining kasbiy tayyorgarligini oshirish uchun qo'shimcha ta'lim ob'yektlarini yaratdi. Shuningdek, bu tamoyil ta'limni raqamlashtirish va transformatsiya qilish, o'quv jarayoniga axborot texnologiyalarini izchil qo'llash, ayniqsa, ta'lim makonida sun'iy intellekt va modellashtirish vositalaridan samarali foydalanish imkoniyatini berdi. Natijada pedagogika sohasidagi eng global muammolarni o'rganish, tadqiq etish va amaliyotga joriy etishga qaratilgan “mavzular banki” yaratildi. Hozirgi paytda institutda “Ilm orqali bilim berish” tamoyilining “Internet resurslari” bosqichini amalga oshirish jarayoni ketmoqda. Unda o'quv jarayonini tashkil etishning amaldagi mexanizmlarini soddalashtirish (osonlashtirish) hamda ta'lim olish va ta'lim berishni yanada interaktiv va moslashuvchan qilish nazarda tutilgan. Shuningdek, ushbu bosqichda talabalarga virtual laboratoriyalar va simulyatsiyalar, raqamli o'quv platformalari va ta'lim xizmatlaridan hamda multimedia kontentlaridan foydalanish ko'nikmalari o'rgatiladi. Buning natijasida talabalarga ishonchli ilmiy manbalarni aniqlash va muntazam qo'shimcha bilim olish imkoniyati yaratiladi. Bu jarayon o'z navbatida, ta'limning interaktiv va ilmga moslashuvchan bo'lishiga xizmat qildi. Natijada pedagogika sohasida: a) talabalarning “Startap”, “Innoweek” loyihalari va xalqaro konferensiyalardagi ishtirokining salmog'i oshdi; b) Hindiston, Yaponiya, Angliya, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Belarusning nufuzli oliy ta'lim muassasalari bilan xalqaro hamkorlik va akademik mobillik aloqalari mustahkamlandi; v) talabalarning ilmiy tadqiqot ishlanmalarini yaratish, ommalashtirish, targ'ib qilish imkoniyatini beradigan motivatsion muhit paydo bo'ldi; g) ta'lim traektoriyasida talabaning ko'p vektorli ishtiroki kengaydi. Ya'ni talaba nafaqat o'quv jarayoni bilan, balki ilmiy tadqiqot va madaniy-ma'rifiy sohada ham faollashdi.

Institutda talabalarning ilmiy faoliyatini har tomonlama qo'llab-quvvatlash bo'yicha amalga oshirilgan tizimli ishlar joriy o'quv yilida o'zining samarali natijasini berdi. Jumladan, “Mirzo Ulug'bek vorislari”, “Munozara” intellektual turniri, “Yil talabasi — 2024”, “Techno Spark” respublika innovatsion loyihalar tanlovi hamda “StudEXPO-2025” xalqaro innovatsion loyihalarida institut talabalari munosib ishtirok etib, faxrli o'rinlarni egallashdi.

Shuningdek, institutda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. 2025 yildan 7 ta ixtisoslik bo'yicha dissertatsiyalar himoyasini amalga oshiruvchi Ilmiy kengash faoliyat yuritib kelmoqda. Joriy yildan institutning “Ta'lim va taraqqiyot” nomli ilmiy-uslubiy jurnali pedagogika fanlari bo'yicha ilmiy natijalarni chop etish tavsiya etilgan milliy ilmiy nashrlar ro'yxatiga kiritildi. Hozirgi kunga qadar institutning 33 nafar professor-o'qituvchisi Finlyandiya, Janubiy Koreya, Angliya, Xitoy, Malayziya, Turkiya, Rossiya, Belarus davlatlarining yetakchi universitetlari va ilmiy markazlarida malaka oshirdi va stajirovkada bo'ldi.

Institutda iqtidorli talabalarni saralash, ularning iste'dodidan keng foydalanish, ilmiy loyihalarini ommalashtirish va ilmiy ishlanmalarini qo'llab-quvvatlash maqsadida “Talabalar akademiyasi” tashkil etilgan. “Talabalar akademiyasi” tuzilmasida turli ko'rinishdagi innovatsion faoliyat uchun mavjud xavflar yuzasidan profilaktika ishlarini tizimli tashkil etish maqsadida “Profreading”, “Tarjima va tahrir”, nufuzli xalqaro bazalarda maqola chop etish bo'yicha “Maslahat Markazi” xizmatlari yo'lga qo'yilgan.

Pedagog kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirishdagi yana bir muhim jihat bo'lajak pedagogning ma'naviy qiyofasi, bilimi, dunyoqarashi va albatta, xalqaro miqyosda tafakkur qilish ko'nikmasiga ega ekanligi bilan bog'liq. Bu esa pedagogning nafaqat mutaxassisligini mukammal egallashini, balki axloqiy jihatdan yuqori saviyada bo'lishini talab etadi. Zero, pedagog nafaqat bilim beradi, balki tarbiyalaydi ham.

Shu jihatdan olganda, Namangan davlat pedagogika institutining madaniy-ma'rifiy faoliyati tarbiya klasteri tizimi asosida amalga oshirilmoqda. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad — ta'limning axloqiy-estetik, ma'naviy-ma'rifiy hamda ijtimoiy-madaniy mazmunini boyitish, qiziqarliligini oshirish hamda ta'lim oluvchilarda estetik boy dunyoqarashni rivojlantirish asosida shaxs (malakali mutaxassis)ni tayyorlashdan iborat. Bundan tashqari, o'qituvchi o'quvchi (talaba)ni tarbiya orqali pedagogik faoliyatga tayyorlashi tarbiya klasterining zaruriy sharti hisoblanadi. Chunki talabaning pedagogik faoliyatga tayyor bo'lishi uchun talaba shu muhitning havosidan nafas olishi, jamoa bilan birga kurashishi, o'qituvchi bilan birga ishlashi, shuningdek, pedagogik faoliyatda yuzaga keladigan ziddiyatlar qarshisida dovdirab qolmasligi va bunday muammoni o'zi mustaqil hal etishi uchun ta'lim amaliyoti tarbiya nazariyasi bilan mustahkamlanishi zarur.

Shuni ta'kidlash zarurki, “namunaviylik” har doim “ustoz-shogird” an'anasi uchun muhim axloqiy tamoyil bo'lib kelgan va u “Talaba — talabaga ustoz, talaba — talabaga shogird” tamoyili uchun ham tarbiyaviy asos bo'lib xizmat qiladi. Buning uchun o'qituvchi kabi talaba ham maqsadga erishishni istashi, xohlashi, qiziqishi, real va amaliy natijaga erishishi mumkinligini anglashi zarur. Agar talaba va o'qituvchi xohlab ishlasa, o'z faoliyatidan qoniqish hosil qilsa, birgalikdagi natijasini ko'rsa, tarbiya klasteri samara beradi. Aks holda, tashabbus kim tomonidan chiqsa, tashkil etuvchisi, ijrochisi, ishtirokchisi va javobgari ham o'zi bo'lib qolaveradi. Natijada ishdan zerikish, bezish, ko'ngli sovish, qiziqmaslik holati yuzaga keladi. Tarbiya jarayoniga nisbatan bu kabi eskicha yondashish xato va noto'g'ri ekanligini ta'lim muassasasidagi ayrim madaniy-ma'rifiy tadbirlarga nisbatan o'qituvchi va talabalarning munosabatida kuzatish mumkin.

Institutda yoshlar bilan ishlash va ma'naviy-ma'rifiy sohada tarbiya klasterining samarali omillaridan keng foydalanilmoqda. Bu o'z navbatida, “talabalarni ma'naviy tarbiya jarayoniga tayyorlash”, “talabalarning ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash”, “talabalarning iste'dodlarini ro'yobga chiqarish uchun sharoit yaratish”, “ilmiy-ijodiy mehnati samarasidan manfaatdorlik hissini paydo qilish” hamda “yoshlarga qaratilgan tahdidlarga qarshi kurashish orqali g'ayrima'naviy odatlardan himoyalanish ko'nikmalarini rivojlantirish” yo'nalishida samarali natijalarga erishish imkonini berdi. Jumladan, 2024-2025 o'quv yili davomida institutning “Diydor” teatri respublika oliy ta'lim muassasalari o'rtasida o'tkaziladigan “Talabalar teatr studiyalari” festivalining hududiy saralash bosqichlarida 1-o'rinni, respublika bosqichida 4-o'rinni, “Ziyo” jamoasi 2025 yil aprel-iyun oylarida “Ma'rifat maydoni” respublika tanlovining viloyat va hududiy bosqichlarida 1-o'rin va respublika bosqichida 4-o'rinni egalladi. Bundan tashqari, “Mahmudxo'ja Behbudiy saboqlari” mavzusida o'tkazilgan insholar tanlovi, “Talaba, yugur!” ko'ngillilar yugurish sport musobaqalarining 2024 yil “Kuzgi” va 2025 yil “Bahorgi” mavsumlarida faxrli 1-o'rinni, “Jadidlar jasorati — millatimiz faxri”, “Jadidlar: milliy o'zlik, istiqlol va davlatchilik g'oyalari” mavzularidagi insholar tanlovining respublika bosqichi g'olibi, “Talabalar ligasi” sport musobaqalarida sportning 4 ta turi bo'yicha mintaqaviy bosqich g'olibi, “Ijodkor yoshlar”, “Yosh sportchilar”, “Yosh dasturchilar”, “Yosh kitobxonlar” klublari hamda “Chevar qizlar” to'garaklarida talabalar tomonidan tayyorlangan ishlanmalarning respublika ko'rgazma-taqdimotida institut talabalari o'z ko'rgazmalari bilan ishtirok etib, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligining maxsus tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.

Ma'lumki, pedagog kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish barcha ilg'or davlatlarning ijtimoiy rivojlanishi va global raqobatbardoshligining muhim omili hisoblanadi. Ayniqsa, pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yagona yondashuv asosida takomillashtirish ta'limning barqaror taraqqiyotini ta'minlaydi. Chunki pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yagona yondashuv asosida takomillashtirish xalqarolashish orqali pedagogik ta'lim sifatini yuksaltirishning istiqbolli maqsadlarini amalga oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mamlakatimizda pedagog kadrlarni tayyorlashdagi islohotlar yangi bosqichga ko'tarildi. Bu borada O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 28 apreldagi “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni strategik ahamiyatga ega ekanligini alohida ta'kidlash zarur.

Bu o'z navbatida, o'quv dasturlarni xalqaro tajriba asosida transformatsiya qilish, ta'lim sohasida uzviylik va uzluksizlikni ta'minlash, ilm-fan va amaliyot uyg'unligiga erishishning ilmiy, ta'limiy va metodologik asoslarini mustahkamlaydi.

Shuni alohida ta'kidlash zarurki, yagona konseptual yondashuv asosida oliy ma'lumotli pedagog kadrlar tayyorlash siyosatini yuritish orqali pedagogik ta'lim sohasini rivojlantirishning asosiy yo'nalishlari belgilandi. Shuningdek, pedagogik ta'limning uzviyligi va uzluksizligini hamda ta'lim-tarbiya jarayoniga ilg'or pedagogik va axborot texnologiyalari joriy etilishini ta'minlashning xalqarolashuvi uchun sharoit yaratiladi. Bundan tashqari, pedagogika sohasida ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning ustuvor vazifalari — kelajak o'qituvchisini tayyorlash ham pedagog kadrlar tayyorlashni yagona yondashuv asosida takomillashtirishda muhim omil bo'lib xizmat qiladi.

Pedagogik ta'lim tizimini isloh etish va milliy pedagogikani ilg'or xorijiy tajribalar bilan integratsiya qilish orqali hozirgi kunda o'quv jarayonini maqsadli tashkil etish, o'tkazish va amalga oshirish, bo'lajak pedagoglarning zamonaviy bilim va ko'nikmalarini rivojlantirish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish darajasini yuksaltirish hamda ilg'or xorijiy tajribalarni amaldagi ta'lim tizimiga joriy etish yo'nalishidagi mavjud muammolar manzilli o'z yechimini topadi.

Bahodir HUSANOV,

Namangan davlat pedagogika

instituti rektori,

falsafa fanlari doktori,

dotsent.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 + five =