Strategik maqsadimizning asosiy tayanchi
O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti 2024-2025 o'quv yilida mamlakat oliy ta'lim tizimida o'zining yetakchi o'rnini yanada mustahkamladi. Xorijiy tillar, filologiya, tarjimonlik va zamonaviy ta'lim texnologiyalariga ixtisoslashgan universitetda mazkur davr mobaynida ta'lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, professor-o'qituvchilar salohiyati hamda xalqaro hamkorlik bo'yicha sezilarli yutuqlarga erishildi.
Raqamlar va aniq ko'rsatkichlar esa universitetning strategik rivojlanish yo'nalishlari izchil amalga oshayotganini yaqqol tasdiqlamoqda.
Hozirgi kunda universitet tarkibida 11 ta fakultet faoliyat yuritmoqda. Ingliz filologiyasi, roman-german filologiyasi, Sharq tillari, tarjima nazariyasi va amaliyoti, xalqaro jurnalistika va boshqa fakultetlar orqali ingliz, nemis, fransuz, koreys, xitoy, yapon, ispan, arab tillari bo'yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. So'nggi ikki yilda yangi yo'nalishlar ochilishi ta'limni diversifikatsiya qilib, yanada boyitdi. 49 ta kafedra orqali 29 ta bakalavriat yo'nalishi, 18 ta magistratura mutaxassisligi va 10 ta ixtisoslik bo'yicha o'qitish yo'lga qo'yilgan. Ishonamanki, bu kengayish zamonaviy dunyoda raqobatbardosh bo'lishning asosiy kalitidir. Xorijiy tillarni mukammal egallagan yoshlarimiz ertaga diplomatiya, biznes, turizm, AT va xalqaro munosabatlar sohasida mamlakatimizni dunyoga tanitadi.
Professor-o'qituvchilar tarkibi universitetning eng katta boyligi hisoblanadi. Bugungi kunda 1246 nafar pedagog faoliyat yuritmoqda. Shundan 102 nafari fan doktori (DSc), 311 nafari falsafa doktori (PhD), 237 nafari katta o'qituvchi, 596 nafari o'qituvchi. Asosiy shtatda 1055 nafar, o'rindoshlik asosida 191 nafar xodim ishlaydi. Ilmiy salohiyatimiz 35 foizga yetdi. Bu o'tgan yilga nisbatan besh foiz o'sishdir. Men bu raqamlarni ko'rganimda, har bir o'qituvchining kechayu kunduz mehnatini, ilmiy izlanishlarini va talabalarimizga berayotgan bilimlarini eslayman. Aynan shu salohiyat tufayli universitetimiz respublikada xorijiy tillar va filologiya bo'yicha yetakchi o'rinni egallamoqda.
O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti faoliyatining eng muhim yo'nalishlaridan biri xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdir. 2024-2025 yillarda bu sohada erishgan yutuqlarimiz meni alohida faxrlantiradi. Chunki global integratsiya nafaqat ta'lim sifatini oshiradi, balki talabalarimiz va professor-o'qituvchilarimizga dunyo tajribasini o'rganish, yangi imkoniyatlardan foydalanish va mamlakatimizning xalqaro obro'sini mustahkamlashga xizmat qiladi. Ishonamanki, xorijiy hamkorliksiz zamonaviy universitetni tasavvur qilish mumkin emas — bu bizning strategik maqsadlarimizning asosiy ustunlaridan biri.
2025 yilda universitetimiz xalqaro faoliyatda sezilarli yutuqlarga erishdi. Eng muhimi, 36 ta davlatdagi 252 ta nufuzli oliy ta'lim muassasasi bilan hamkorlik shartnomalari amaliy natijalar bermoqda. Bu raqam o'tgan yillarga nisbatan sezilarli o'sishni ko'rsatdi va universitetimizni global ta'lim tarmog'ining faol ishtirokchisiga aylantirdi.
Xorijiy mutaxassislar jalb qilishda ham katta muvaffaqiyatlarga erishdik. 2025-2026 o'quv yilida 87 nafar xorijiy mutaxassis jalb qilindi, shundan 24 nafari fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) darajasiga ega, 21 nafari xorijdan maosh oladigan volontyorlar hisoblanadi. O'tgan yili bu ko'rsatkich 76 nafar edi. Bu o'sish talabalarimizga “native speaker”lar bilan bevosita muloqot qilish, zamonaviy o'qitish metodikalarini o'rganish imkonini bermoqda. Men bu mutaxassislarning darslarida ishtirok etganimda, talabalarimizning qiziqishi va faolligini ko'rib, chin dildan quvonaman.
Professor-o'qituvchilarimiz va xodimlarimizning xorijda malaka oshirishi ham faol davom etmoqda. Jami 330 nafar xodim xorijda malaka oshirdi, stajirovka o'tadi yoki xizmat safarida bo'ldi. Shundan 250 nafari xorijiy grantlar hisobidan moliyalashtirildi. Malaka oshirish va stajirovkaga borganlar soni 109 nafarni tashkil etdi (o'tgan yili 103 nafar edi). Bu tajriba o'qituvchilarimizning professional darajasini oshirib, ta'lim jarayoniga yangi innovatsiyalarni olib kelmoqda. Talabalar mobilligi sohasida ham rekord natijalar qayd etildi. Xorijiy oliy ta'lim muassasalariga yuborilgan bakalavr, magistr va doktorantlar soni 373 nafarga yetdi — bu o'tgan yildagi 148 nafarga nisbatan ikki baravardan ortiq o'sishdir. “El-yurt umidi” jamg'armasi stipendiatlari orasida universitetimizdan 15 nafar bitiruvchi xorijda tahsil olmoqda: 13 nafari Buyuk Britaniyada, 1 nafari Kanadada, 1 nafari Shotlandiyada. Bu yutuqlar meni alohida quvontiradi — yoshlarimiz dunyoning yetakchi universitetlarida bilim olmoqda va kelajakda mamlakatimiz rivojiga hissa qo'shadi. Universitetimizda tahsil olayotgan xorijiy fuqarolar soni ham o'sib bormoqda. 2025-2026 o'quv yilida xorijiy talabalar soni 446 nafarga yetdi. Ular uchun maxsus sharoitlar yaratildi: 96 ta talabalar turar-joyi o'rni va 46 ta xorijiy o'qituvchilar uchun mehmonxona xonalari ajratildi. Xalqaro loyihalar soni va moliyaviy hajmi ham sezilarli o'sdi. Joriy yilda 18 ta xalqaro loyiha amalga oshirildi, umumiy byudjeti 398 000 AQSh dollarini tashkil etdi. Shundan 17 tasi “Erasmus+” dasturi doirasida (123 000 dollar), 1 tasi “KOICA” loyihasi bo'yicha (2025 yilda 295 000 dollar). Bu loyihalar nafaqat moliyaviy qo'llab-quvvatlash, balki yangi ta'lim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va mobillik imkoniyatlarini ta'minlamoqda.
Qo'shma ta'lim dasturlari ham faol rivojlanmoqda. Belarus (2+2 bakalavriat, 1+1 magistratura), Rossiya (Moskva davlat lingvistika universiteti — 3+1 bakalavriat, Adigey davlat universiteti — 3+1), Xitoy (Dalyan texnologiya universiteti — 2+2 va 1+1) bilan dasturlar yo'lga qo'yildi. AQShning Lourens texnologiya universiteti va Nordik xalqaro universiteti bilan hamkorlikda 50 nafar o'quvchi qabul qilindi.
Maqtanishga yo'ymang-u, lekin xalqaro reytinglardagi yutuqlarimiz ham e'tiborga loyiq. Universitetimiz “QS” reytingida “Linguistics” yo'nalishi bo'yicha “TOP” 251-o'rinni egalladi. “THE” reytingida “Quality Education” bo'yicha dunyoda 30-o'rin, “Gender Equality” bo'yicha 201-300 o'rinlar va boshqa ko'rsatkichlarda yuqori natijalar qayd etildi. Bu natijalar meni chin dildan faxrlantiradi — universitetimiz global miqyosda tan olinmoqda va bu talabalarimizning diplomlariga qo'shimcha qiymat bermoqda.
2026 yil uchun xalqaro hamkorlik rejalarimiz yanada ulug'vor. 65 nafar “native speaker” jalb qilish, xorijiy talabalar sonini 400 nafarga yetkazish, 250 nafar talabani xorijga yuborish, yangi test markazlari (xitoy tili “HSK”, italyan “CELI”, yapon “JLPT”) ochish, “KOICA” orqali 25 nafar volontyor jalb qilish, Xitoy (Liaodong), Koreya (Kangvon), Malayziya (INTI), Turkiya (Seljuk) universitetlari bilan qo'shma dasturlar yo'lga qo'yish, “Erasmus+” doirasida Ispaniya, Latviya, Polsha OTMlari bilan loyihalar tayyorlash va “THE”, “QS”, “Green Metrics” reytinglarida natijalarni yaxshilashni maqsad qilganmiz.
Hozirda O'zbekiston davlat jahon tillari universitetida 4 ta ilmiy jurnal muntazam faoliyat yuritadi: “O'zbekistonda xorijiy tillar”, “Filologiya masalalari”, “Lingvospektrum”, “Komparativistika”.
Bu nashrlarning barchasi OAK ro'yxatiga kiritilgan bo'lib, ularda professor-o'qituvchilar, doktorantlar va yosh tadqiqotchilarning ilmiy maqolalari chop etilmoqda. Universitet huzurida 12 ta ilmiy tadqiqot instituti va bir nechta doimiy ilmiy kengashlar faoliyat yuritadi. Ushbu tuzilmalar ilmiy faoliyatning tizimli rivojlanishiga zamin yaratib, innovatsion loyihalar va ilmiy izlanishlar samaradorligini oshirmoqda.
Talabalar kontingenti ham izchil kengayib bormoqda. 2024-2025 o'quv yilida universitetda jami 23 329 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularning 16 724 nafari kunduzgi, 5045 nafari kechki, 446 nafari sirtqi, 886 nafari magistr, 228 nafari qo'shma ta'lim dasturlari bo'yicha o'qimoqda. Ushbu sonlar O'zbekiston davlat jahon tillari universitetining ta'lim shakllarini diversifikatsiya qilish, masofaviy va qo'shma ta'lim dasturlarini keng joriy etish orqali ko'proq yoshlarni qamrab olayotganini ko'rsatadi. Xususan, 228 nafar qo'shma ta'lim talabasining mavjudligi xalqaro hamkorlikning kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Iqtidorli talabalarimiz orasida 5 nafar O'zbekiston Respublikasi Prezidenti granti sovrindori, 2 nafar Prezident stipendianti, 1 nafar Islom Karimov nomli stipendiya sovrindori, 11 nafar Navoiy nomli davlat stipendiyasi sovrindori, 2 nafar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, 9 nafar Aleksandr Faynberg nomidagi maxsus stipendiya sovrindori, 22 nafar rektor stipendiyasi sohibi, 17 nafar xalqaro va respublika fan olimpiadasi sovrindori, 30 nafar turli nufuzli tanlov va musobaqa g'olibi bor. Doktorantlarimiz orasida ham 1 nafar Zulfiya mukofoti sovrindori, 1 nafar “EVRIKA-2025” tanlovi g'olibi, 1 nafar “Ilm yulduzlari” tanlovida “Eng innovatsion g'oya sohibasi”, 2 nafar “Yosh olimlar” tanlovi g'oliblari bor. 26 nafar yosh olim xorijiy stajirovkaga yuborildi. Talabalar sonining oshishi universitetimizning talabgorligi va infratuzilmasining kuchli ekanligini ko'rsatadi. Infratuzilma rivoji ham sezilarli darajada oldinga siljidi.
Universitetimizda 10 ta o'quv binosi mavjud. Ular 5 ta hududda joylashgan. Umumiy yer maydoni 16,2 gektar, o'quv sig'imi 11 700 nafar talaba. Yangi 2700 o'rinli o'quv binosi qurildi, 1500 o'rinli binosi ta'mirlanib, foydalanishga topshirildi. Angren fakultetida 1500 o'rinli bino va 600 o'rinli talabalar turar-joyi to'liq jihozlandi. Barcha yotoqxonalar joriy ta'mirdan chiqarildi, 5- va 6-yotoqxonalarda yuvinish va hojatxonalar to'liq yangilandi. 900 dan ortiq kuzatuv kamerasi o'rnatilib, situatsion markaz ishga tushirildi. Sport maydonida 1079 kvadrat metr sun'iy chim qoplamasi yangilandi, soyabonlar va 150 o'rindiqli tribunalar o'rnatildi. 6 ta “WORK-OUT” sport anjomlari to'plami jihozlandi. Inklyuziv ta'limni qo'llab-quvvatlash uchun 4874 dona taktel yo'lakchalari o'rnatildi. Xorijiy o'qituvchilar uchun 46 ta mehmonxona xonasi, xorijiy talabalar uchun 96 ta turar-joy o'rni yaratildi.
Ma'naviy-ma'rifiy ishlar yo'nalishida huquqbuzarliklarning oldini olish bo'yicha o'tkazilgan tadbirlarimiz korrupsiya, kiberjinoyatchilik, giyohvandlik, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi profilaktik yo'nalishni qamrab oladi. Tahlil natijalariga ko'ra, bu ishlar talabalar orasida huquqiy savodxonlikni oshirib, universitet muhitining barqaror va xavfsiz bo'lishiga xizmat qilmoqda.
Vatanparvarlik, g'urur va iftixor yo'nalishida 1758 ta tadbir o'tkazilib, 18 000 dan ortiq talaba qamrab olingan. Bu jarayon tarixiy maskanlarga sayohatlar, milliy bayramlar, turli tanlov va musobaqalar, “Dolzarb 90 kun”, “Yashil makon” tashabbuslari va keng qamrovli loyihalarni o'z ichiga oladi. Tahlilga ko'ra, bu yo'nalishdagi faoliyat talabalar ongida milliy g'urur va vatanparvarlik tuyg'ularini mustahkamlamoqda.
Ijtimoiy-moddiy qo'llab-quvvatlash doirasida 3034 nafar talaba moddiy rag'batlantirilgan. Bu yordam nogironligi bo'lgan, chin yetim yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar uchun muhim ko'mak bo'lib, tahlillarga qaraganda, universitetning inklyuziv siyosatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Hamkorlik va ma'naviy integratsiya bo'yicha o'tkazilgan tadbirlar universitetga biriktirilgan 8 ta mahalla fuqarolar yig'ini, 1 ta mehribonlik uyi va 17 ta umumta'lim maktablari bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda.
Media makon bo'yicha ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilar soni 40 mingdan oshgan, “Instagram” sahifasining noyabr oyidagi kuzatuvchilari 13 millionga yetgan. “University Ranking 2025” reytingida onlayn faollik bo'yicha respublika birinchiligini qo'lga kiritgan.
Ta'lim jarayonidagi yangiliklarimiz haqida alohida to'xtalib o'tmoqchiman. “Ofis registrator” tizimi orqali 64 turdagi xizmat yo'lga qo'yildi: bu talabalar uchun jarayonlarni soddalashtirdi. Professor-o'qituvchilar faoliyatini baholovchi telegram-bot ishga tushirildi. Xorijiy tillar o'qitishda asosiy va ikkinchi tillar sifatida 21 ta til, uchinchi til sifatida portugal va ozarbayjon tillari joriy etildi. Universitetga biriktirilgan 17 ta maktabda filiallar ochilib, 47 nafar mahalliy va 8 nafar xorijiy o'qituvchi jalb qilindi. 106 nafar maktab o'qituvchisiga sertifikatga tayyorlov kurslari o'tkazildi. Uchtepa va Chilonzor tumanlarida 8 ta MFYda 134 nafar kam ta'minlangan oila farzandiga til kurslari tashkil etildi. 2025-2026 o'quv yilidan “Maktabimiz iftixori” stipendiyasi joriy etildi. Men bu loyihalarni shaxsiy tashabbusim bilan qo'llab-quvvatladim, chunki ta'lim tengligi va yoshlarni qo'llab-quvvatlash jamiyatimizning asosiy tamoyillaridan biri.
Bitiruvchilarimiz bandligi ham quvonarli natijalar bermoqda. 2024-2025 o'quv yilida 6252 nafar talaba tamomladi, shundan 3856 nafari (61,7 foizi) ishga joylashdi. “Kelajakka qadam” dasturi orqali 27 nafar bitiruvchiga 5 milliard 857 million so'm ajratilib, 95 ta yangi ish o'rni yaratildi. Karyera markazi 28 ta ish beruvchi tashkilot bilan hamkorlik qilib, 360 dan ortiq bo'sh ish o'rnini shakllantirdi va 67 nafar talabani ishga joylashtirdi. Bu natijalar universitetimiz bitiruvchilari mehnat bozorida yuqori talabga ega ekanligini ko'rsatadi. Akademik litseyimizda o'quvchilar 3 ta yo'nalish bo'yicha tahsil olmoqda.
O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti 2026 yildan boshlab ta'lim sifatini yanada oshirish va xalqaro standartlarga moslashish maqsadida bir qator strategik tashabbuslarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Jumladan, Germaniyaning “FIBAA” xalqaro akkreditatsiya tashkiloti bilan 3 ta bakalavriat yo'nalishini akkreditatsiyadan o'tkazish, talabalar uchun C1 darajaga erishish imkoniyatini yaratish, 2+2 va 3+3 qo'shma ta'lim dasturlarini yo'lga qo'yish, “STEAM” fanlarini xorijiy tillarda o'qitish tizimini joriy etish, sifatli sinxron tarjimonlar tayyorlash maktabini tashkil etish, yosh bolali talaba-qizlar uchun masofaviy ta'lim imkoniyatlarini yaratish va universitet qoshidagi akademik tuzilmalarni takomillashtirish rejalashtirilgan.
Ushbu tashabbuslar ilm-ma'rifat maskanimizning ta'lim, ilmiy va innovatsion salohiyatini yanada kengaytirib, talabalarning malaka va ko'nikmalarini oshirish, shuningdek, O'zbekistonning xalqaro ta'lim maydonidagi nufuzini mustahkamlashga imkon beradi.
Ilhomjon TO'XTASINOV,
O'zbekiston davlat jahon tillari
universiteti rektori,
professor.
