Xalqaro hamkorlik — yuksalish omili

Xalqaro hamkorlik — bu zamonaviy oliy ta'lim muassasalari uchun global ta'lim va ilmiy maydonda samarali raqobatlashish, innovatsiya va bilim almashinuvini ta'minlashning qudratli mexanizmi hisoblanadi. Bugungi kunda universitetlar nafaqat o'z milliy standartlariga amal qiladi, balki jahon ta'lim standartlari va xalqaro ilmiy amaliyotlar bilan muvofiqlashgan holda faoliyat olib bormoqda. Shu ma'noda, xalqaro hamkorlik Oliy ta'lim maskanlarining ilmiy salohiyatini oshirish, ta'lim sifatini yuksaltirish va talabalar uchun keng imkoniyatlar — xalqaro stajirovka, ilmiy loyihalar va akademik almashinuvlar yaratishda hal qiluvchi rol bajaradi.

Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish — har qanday OTMning barqaror rivojlanishi, ta'lim sifati va ilmiy salohiyatini oshirishda muhim ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shu ma'noda Qoraqalpog'iston qishloq xo'jaligi va agrotexnologiyalar institutida ham bir qator ilg'or va samarali chora-tadbirlar muntazam amalga oshirib kelinmoqda.

Institutda xalqaro sheriklar bilan ko'plab ta'lim va ilmiy aloqalar o'rnatilgan. Institutning Xalqaro hamkorlik bo'limi chet elning 50 dan ortiq oliy ta'lim muassasalari, tashkilotlar va ilmiy muassasalar bilan qator memorandumlar va kelishuvlar tuzib, ular orqali qo'shma ta'lim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va zamonaviy bilim almashinuvi imkoniyatlarini yo'lga qo'ygan. Ular orasida Italiya, Portugaliya, Yaponiya, Turkiya, Rossiya, Xitoy, Qozog'iston Buyuk Britaniya kabi rivojlangan davlatlar ham bor.

Ushbu hamkorlikning samarasi sifatida institutimiz talabasi Tulibayev Yerlan va Nurmaxanov Saydali Yaponiyaning Chiba universiteti va institutimiz o'rtasida tuzilgan shartnoma asosida “MEXT” stipendiyasi tanlovida ishtirok etib, Yaponiyaning Chiba shahrida joylashgan, dunyoning eng kuchli “TOP-1000” universitetlari ro'yxatidan o'rin olgan (771-o'rinda) Chiba universitetida magistratura bosqichida 100 foiz grant asosida tahsil olish baxtiga muyassar bo'ldi.

Rossiya Federatsiyasining Yoshkar-Ola shahrida joylashgan Povoljye davlat texnologiya universitetida 5 nafar talabamiz 100 foiz grant asosida magistratura bosqichida o'qish imkoniyatini qo'lga kiritdi.

Germaniya davlatining “Weihenstephan-Triesdorf University of Applied Science” universitetida va Italiyaning Tucha universitetlarida magistratura bosqichida tahsil olayotgan talaba-yoshlarimiz ham bor.

Qozog'iston Respublikasi Olmaota shahrida joylashgan Qozoq milliy agrar tadqiqot universitetiga 3 nafar talabamiz imtihonlarsiz to'lov-kontrakt asosida magistratura bosqichida o'qish imkoniyatini qo'lga kiritdi.

“Work and Travel” bo'yicha 400 nafarga yaqin talabalar “JD EAST” kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma asosida Germaniya davlatiga amaliyotga borib, sohaviy bilim va amaliy ko'nikmalarni mustahkamlamoqda. Ushbu hamkorlik ishlari va amaliyot tizimi talabalarimizda qishloq xo'jaligi va chorvachilikda zamonaviy bilim, chet davlatlarning madaniyatlarini o'rganish imkoniyatini bermoqda.

Institutda Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi va Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Tashqi beg'araz yordam mablag'larini (grantlar) jalb etish va donorlar bilan ishlash bo'limi vakillari, Qishloq xo'jaligi vazirligi xodimlari tomonidan degradatsiyaga uchragan yerlarning unumdor qatlamini qayta tiklash bo'yicha Buyuk Britaniya tajribasini o'rganish hamda uni Qoraqalpog'iston sharoitida qo'llash imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida “Olti dyuym tuproq” nomli hujjatli filmning taqdimoti bo'lib o'tdi.

II O'zbekiston-Xitoy ta'lim forumi doirasida Qoraqalpog'iston Qishloq xo'jaligi va agrotexnologiyalar instituti va Xitoy Xalq Respublikasining Sinszyan Qishloq xo'jaligi universiteti o'rtasida o'zaro hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Ushbu shartnoma ikki oliy ta'lim muassasasi o'rtasidagi do'stona aloqalarni mustahkamlash, ta'lim, fan va innovatsiyalar sohasida qo'shma tashabbuslarni rivojlantirishga qaratilgan.

Dunyoning eng kuchli “TOP-300” universiteti qatoridan o'rin olgan Yaponiyaning Tohoku universiteti talabasi Yuhara Yume Qoraqalpog'iston qishloq xo'jaligi va agrotexnologiyalar instituti va Tohoku universiteti o'rtasida tuzilgan shartnoma asosida “Akademik mobillik” dasturi bo'yicha 1 yil institutimizda tahsil oldi.

Bunday tashriflar talabalar uchun yangi bilim manbalarini ochadi va milliy ta'lim muhitini xalqaro tajriba bilan uyg'unlashtirish imkonini beradi.

Hozirgi globallashuv sharoitida oliy ta'lim muassasalari xalqaro hamkorlikni faqat ilmiy aloqalar deb bilmasdan, talabalarni intellektual, madaniy, psixologik va ma'naviy rivojlantirish uchun muhim strategik vosita sifatida ko'rib chiqmoqda. Bir tomondan, xalqaro hamkorlik bilim va tajriba almashishni rivojlantiradi; boshqa tomondan esa u talabalarning milliy-madaniy o'zligini saqlash va ma'naviy immunitetni mustahkamlash uchun yanada katta vazifalarni yuklaydi.

Bunda quyidagi xavflar yuzaga kelishi mumkin:

— milliy madaniy o'zlikni yo'qotish xavfi;

— adaptatsiya stress va ijtimoiy izolyatsiya;

— aksilintegratsiya va akademik qiyinchiliklar.

Ushbu xavflar natijasida, ya'ni xalqaro tajribalar va ta'lim alohida muhitda o'zlashtirilganda, talabalar o'z milliy qadriyatlaridan uzoqlashishi va global madaniyat ta'siri ostiga kirib qolishi mumkin. Bu holatlar ma'naviy immunitetning zaiflashishi va milliy o'ziga xoslikning susayishiga olib keladi, shu bois OTMlarda milliy madaniyat va qadriyatlar asosida tarbiya dasturlari integratsiya qilinishi muhimdir. Shuningdek, xalqaro muhit talabalarni yangi madaniyatlarga moslashtirishni talab qiladi. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, talabalarning ijtimoiy qo'llab-quvvatlanishi, madaniy kapitali va psixologik resurslari ularning integratsiya strategiyalariga katta ta'sir ko'rsatadi. Bu masala samarasiz bo'lganda, talabalarda ijtimoiy izolyatsiya, o'zlikning yo'qolishi va ruhiy stress kabi holatlar yuzaga keladi, ularning ilmiy faolligiga ham salbiy ta'sir ko'rsatadi.

Yuqoridagi salbiy oqibatlar yuz bermasligi uchun, ya'ni har bir talabada milliy o'zlikni anglash, ma'naviy immunitetni barqarorlashtirish maqsadida institutimizda bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yil davomida talaba-yoshlar o'rtasida ma'naviy-ma'rifiy yo'nalishda 300 ga yaqin chora-tadbirlar tashkil etildi, ushbu tadbirlarda 25 mingdan ortiq talaba-yoshlar faol ishtirok etdi.

Bunda, asosan, qoraqalpoq va o'zbek millatining tarixiy madaniyati, milliy urf-odatlari, milliy adabiyot mavzularini qamrab olgan davra suhbatlari, uchrashuvlar, talabalar uchun tarixiy ekskursiyalar, milliy meros muzeylariga tashriflar tashkillashtirilib kelinmoqda.

“Kelajak soati” loyihasi asosida ma'rifat darslari har haftada o'tiladi. Xalqaro hamkorlikni milliy qadriyat bilan uyg'unlashtirish maqsadida chet ellarda bo'lgan vaqtda talabalar o'z madaniyatini tanitish hamda institutga tashrif buyurgan chet ellik mehmonlarga milliyligimizni, urf-odatlarimizni, boy tariximizni ko'rsatib berish kabi samarali ishlar olib borilmoqda.

Milliy o'zlikni anglash va ma'naviy immunitetni mustahkamlash — bu faqat ta'limning bir qismi emas, balki talabalarning shaxsiy, intellektual va ma'naviy rivoji bilan bog'liq kompleks jarayon. Oliy ta'lim muassasasi darajasida tegishli choralar olib borilsa, birinchidan, talabalarning milliy qadriyatlarga sadoqati oshadi va o'zlarida salbiy ta'sirlarga qarshi immunitet shakllanadi.

Ikkinchidan, jahon maydonida o'zligini saqlab qolgan kreativ va mas'ul mutaxassislar kamol topadi. Bu esa nafaqat qishloq xo'jaligida, balki respublikadagi har bir sohada muhim ahamiyat kasb etadigan muhim vazifa hisoblanadi.

Berdiyor JOLLIBEKOV,

Qoraqalpog'iston qishloq

xo'jaligi va agrotexnologiyalar

instituti rektori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five − three =