Raqobatbardoshlik sari strategik qadam
Bugungi kunga kelib, sir emaski, sun'iy intellekt texnologiyalari kundan-kunga dunyo miqyosida iqtisodiyot, ta'lim, sog'liqni saqlash, xavfsizlik va boshqa muhim yo'nalishlarda asosiy vositalardan biriga aylanmoqda hamda davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish, aholiga ko'rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilashga ko'maklashmoqda.
Jahon bozoridagi raqobat endi tabiiy resurslar yoki arzon ishchi kuchiga emas, balki ma'lumot, algoritm va hisoblash quvvatiga asoslanmoqda. Bu sharoitda sun'iy intellekt (SI) texnologiyalariga e'tibor bermagan mamlakat modernizatsiya jarayonlaridan ortda qolishi tayin.
So'nggi yillarda O'zbekistonda ham bu sohada tizimli islohotlar amalga oshirilib, mamlakatimiz sun'iy intellektni tatbiq etish bo'yicha xalqaro reytingda 17 pog'ona yuqoriladi. Hozirda yurtimiz 188 davlat ichida 70-o'rinni, Markaziy Osiyo bo'yicha esa birinchi o'rinni egallab turibdi.
2025 yil 22 oktyabrda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Sun'iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmon hamda 2024 yil 14 oktyabrdagi “Sun'iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi Prezident qarori ana shu global texnologik raqobatda O'zbekistonning o'z o'rnini mustahkamlashga qaratilgan muhim strategik hujjatlar sifatida tarixiy ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O'zbekiston xalqiga Murojaatnomasida o'tgan yil mamlakatimizda AT xizmatlari eksporti ilk bor 1 milliard dollarni tashkil etgani, 2030 yilga borib, AT xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga yetkazish bo'yicha katta marra olingani, shu bois jahon bozorida raqobatbardoshlikni oshirish uchun AT infratuzilmasiga investitsiya kiritish uchun qator imtiyozlar berilgani alohida ta'kidlandi.
Prezidentimiz Murojaatnomada strategik vazifa sifatida belgilab berganidek, joriy yilda Toshkent shahri, Buxoro, Farg'ona va Toshkent viloyatlarida 4 ta “Data markaz”, 2 ta super-kompyuter va 15 ta oliygohda, shular qatori Farg'ona davlat texnika universitetida sun'iy intellekt laboratoriyasi faoliyati yo'lga qo'yiladi. Bu — tibbiyot, transport, qishloq xo'jaligi, geologiya, bank-moliya, jamoat xavfsizligi kabi muhim sohalarda 100 dan ortiq sun'iy intellekt loyihalarini amalga oshirishga zamin yaratadi.
Bugungi kunda minglab iqtidorli yoshlarimiz AT va sun'iy intellekt bo'yicha izlanish olib bormoqda. Ularning kvant, dron, robototexnika kabi yo'nalishlardagi konstruktorlik loyihalarini amaliyotga tatbiq qilish uchun Raqamli texnologiyalar markazi tashkil etilishi ko'zda tutilgan bo'lib, Osiyo taraqqiyot banki buni qo'llab-quvvatlab, 200 million dollar ajratishga tayyorligini bildirdi.
Bu hujjatlar sun'iy intellektni alohida innovatsion yo'nalish emas, balki iqtisodiyotni tarkibiy yangilash, davlat boshqaruvini optimallashtirish va inson kapitali sifatini oshirishning asosiy drayveri sifatida belgilab berdi. Eng muhimi, sohaning 2030 yilga qadar rivojlanish traektoriyasi aniq indikatorlar va vazifalar asosida belgilab olindi.
Farg'ona davlat texnika universitetida 2026 yilda sun'iy intellekt laboratoriyasini tashkil qilish yuzasidan universitetga biriktirilgan “Biznesni rivojlantirish banki” bilan 2025 yil oktyabr oyida kelgusidagi ikki tomonlama amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilingan, bir qator tashkiliy masalalar ko'rilgan va amalga oshirilishi lozim bo'lgan ishlar yuzasidan aniq vazifalar belgilab olingan, shuningdek, Prezidentimizning Murojaatnomasida sun'iy intellekt bo'yicha ilgari surilgan strategik vazifalardan kelib chiqqan holda birgina Farg'ona davlat texnika universitetida tashkil qilinayotgan “Sun'iy intellekt markazi”da sun'iy intellekt texnologiyalari bo'yicha infractruktura tashkil etishda e'tibor qaratilishi lozim bo'lgan qator jihatlarga asosiy urg'u berildi. Markaz konsepsiyasini shakllantirishda shu yo'nalishdagi yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalari mutaxassislari jalb qilindi.
Xususan, AQShning “Fulbright” dasturi doirasida Indiana universitetining sun'iy intellekt sohasi mutaxassislari jalb qilingan. Kiberxavfsizlik yo'nalishida Shvetsiyaning Lund va Yonchoping universitetlari, Germaniyaning Postdam universiteti, sanoatda sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy qilishda Janubiy Koreyaning Ulsan universiteti (“Hyundai” korporatsiyasi bilan hamkorlikda birinchi bosqichda 10 mln dollarlik loyiha) bilan birgalikda amalga oshirish uchun xalqaro loyihalar yaratish ko'zda tutilgan.
Shuni ta'kidlash lozimki, sun'iy intellekt tadqiqotlari haqida gap ketganda, ularni ikki asosiy sinfga ajratish maqsadga muvofiq bo'ladi:
- Sun'iy intellekt texnologiyalarini yaxshilashga qaratilgan tadqiqotlar.
- Mavjud sun'iy intellekt texnologiyalarini sohalarda joriy etish bo'yicha tadqiqotlar.
Oliy ta'lim muassasalarida, eng avvalo, muhandislik sohalarida mavjud sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy qilishga yo'naltirilgan tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etish singari vazifalar.
Albatta, sohalarda sun'iy intellektni joriy qilishda nimalarga e'tibor berish kerak, degan savol ham tug'ilishi tabiiy. Bular quyidagilar:
- Respublika va hududiy prioritetlar.
- Oliygohlarimizda asosiy sanoat hamkorlarining sanoat ehtiyojlari.
- Oliy ta'lim muassasalarida mavjud ilmiy va innovatsion infratuzilmalarni yanada rivojlantirish.
- Sun'iy intellekt va tanlangan muhandislik sohalarida kadrlar salohiyati.
- Xorijiy hamkorlar bilan oliygohlar va loyihalar.
Yuqoridagi kriteriyalarni inobatga olgan holda birinchi bosqichda FDTUning markazida 5 ta laboratoriya tashkil etilishi belgilandi:
- “AI Research Lab”
- “Robotics, Sensors and Communication”
- “Intelligent Seismic and Civil engineering”
- “Safe intelligence lab”
- “Smart City”
“AI Research” laboratoriyasining asosiy maqsadi, birinchi navbatda, ayni paytdagi mavjud sun'iy intellekt texnologiyalarini o'rganishdan iborat. Shuningdek, tanlangan muhandislik sohalarida qo'llaniladigan eng maqbul sun'iy intellekt modellari, algoritmlari va hokazolarni taqdim etish, muhandislik sohalarida olib borilayotgan tadqiqotlar uchun sun'iy intellekt yechimlarini taklif qilish, ta'lim jarayoniga sun'iy intellektni joriy qilish, sun'iy intellekt texnologiyalarini barcha ta'lim dasturlariga joriy etishga ko'maklashish, sun'iy intellekt bo'yicha fundamental tadqiqotlar olib borish uning maqsadlari sirasiga kiradi.
Maqsadlarga erishish uchun laboratoriyada avtonom robot-platformalarni yaratish va sinovlar o'tkazish, atrof-muhit va ob'yektlarni monitoring qilishning sensorli yechimlari, murakkab sharoitlarda navigatsiya, robototexnikada ko'rish va ob'yektlarni aniqlash kabi tadqiqotlar ustida ish olib boriladi.
Xulosa qilib aytganda, sun'iy intellekt bugungi kunda alohida texnologik yo'nalish emas, balki mamlakat taraqqiyotining barcha sohalarida sifat jihatidan yangi bosqichga chiqishni ta'minlovchi strategik omilga aylanmoqda. O'zbekistonda ushbu sohani rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosati, qabul qilinayotgan farmon va qarorlar, xalqaro hamkorlik hamda yirik investitsiya loyihalari mamlakatimizni global raqamli iqtisodiyotning to'laqonli ishtirokchisiga aylantirishga turtki bo'lmoqda.
Xususan, Prezidentimiz Oliy Majlis va O'zbekiston xalqiga Murojaatnomasining Ikkinchi ustuvor yo'nalishida ta'kidlaganidek, bu yil yurtimizda faoliyati yo'lga qo'yilgan AT, fintex, sun'iy intellekt kabi yo'nalishlardagi mahalliy startaplarga xorijdan 270 million dollar investitsiya jalb qilindi. Keyingi yildan “Raqamli startaplar” dasturini kengaytirib, startap g'oyasidan to eksportgacha ko'maklashadigan yangi tizim yo'lga qo'yiladi. Bunda xususiy startap markazlarini tashkil etish uchun Yoshlar jamg'armasidan besh yil muddatga 5 milliard so'mgacha foizsiz ssuda beriladi. Oliy ta'lim maskanlarining o'zida qoladigan mablag'larning 10 foizi ham inkubatsiya markazlarini rivojlantirishga yo'naltiriladi.
Buning uchun, albatta, iqtisodiyotning ustuvor yo'nalishlari uchun yuqori intellektual salohiyatga ega bo'lgan kadrlarni tayyorlashga e'tiborni kuchaytirishimiz zarur. Prezidentimiz bejizga Murojaatnomada “Aniq fanlar va texnika yo'nalishidagi oliygohlarimizga dunyoning eng nufuzli universitetlarini jalb qilamiz” deb ta'kidlamadilar. Endi mamlakatimizning mehnat bozori mutlaqo yangi arxitektura asosida — kasb, malaka, texnologiya va ta'limni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlashi zarur.
O'ktam SALOMOV,
Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar
vaziri o'rinbosari.
