Yoshlar — xalqimizning asosiy tayanchi
O'z kelajagini o'ylagan har bir davlat, har bir millat yosh avlodga sifatli ta'lim berib, ularni ma'nan yetuk, jismonan barkamol etib voyaga yetkazishga alohida e'tibor beradi.
Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo'lidan dadil odimlayotgan Yangi O'zbekistonda bu boradagi islohotlar davlat siyosatining ustuvor yo'nalishiga aylangan. So'nggi yillarda mamlakatimizda yuqori bilim va malakaga ega bo'lgan, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadida oliy ta'lim muassasalari soni ortdi, shuningdek, xorijiy oliy ta'lim muassasalarining filiallari ochilib, qisqa muddatda bu borada qariyb ikki barobar o'sishga erishildi. Bu, shubhasiz, yoshlarimiz, butun jamiyatimizning intellektual salohiyatini oshirish, zamonaviy bilim, kasb-hunarlarga yanada yaqinlashtirish yo'lidagi harakatlar natijasidir.
Yangi O'zbekistonni ilg'or davlatlar safiga qo'shish strategik maqsad sifatida belgilangan. Shu maqsadda salohiyatli, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash zamirida fundamental tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar zarur. Bu boradagi qadamlar mamlakatimizda kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish, ilmiy-tadqiqot muassasalarini modernizatsiya qilish, innovatsion texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaga jadal tatbiq etishda yaqqol ko'zga tashlanmoqda. Xususan, yurtimizda 2023 yilga “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili” deb nom berilishining o'ziyoq bu yo'ldagi qat'iyat va shijoatimizni yana bir bor namoyon etadi. “Inson qadri uchun” tamoyili asosida kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan “O'zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish ishlari boshlandi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Inson qadrini ulug'lash, aholi manfaatlarini ta'minlash, buning uchun kuchli iqtisodiyot barpo etish kabi muhim vazifalarni hayotga tatbiq etish maqsadida 2024 yil mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili” deb e'lon qilindi.
Prezidentimizning O'zbekiston xalqiga yo'llagan Yangi yil tabrigida ta'kidlanganidek, yangi yilda iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun keng imkoniyatlar yaratishni yanada kuchaytirish, ilm-fan, innovatsiya, axborot texnologiyalari kabi sohalarni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratiladi. Ijtimoiy sohalar rivoji mutlaqo yangi bosqichga ko'tariladi.
Hozirgi kunda yurtimiz aholisining oltmish foizdan ortig'ini yoshlar tashkil etadi. Bu degani ta'lim sifatini oshirish choralarini ko'rish, tizimdagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, oliy ta'limni sifat jihatdan yuqori bosqichga olib chiqish, muammolarni bartaraf etish, yoshlarga kasb-hunar o'rgatish tizimini mukammallashtirish, umuman, yoshlar uchun yangi ish o'rinlarini yaratish va boshqa ko'plab masalalarga strategik yechimlar topish asosiy vazifamizga aylanishi zarur.
Muhandislik sir-asrorlarini o'rgatishga ixtisoslashgan Farg'ona politexnika institutida ta'lim sifatini ta'minlash, ilm-fan taraqqiyotini yuksaltirish, ta'lim, fan, ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini ro'yobga chiqarish kabi muhim yo'nalishlarda keng ko'lamli vazifalar amalga oshirilmoqda.
O'tgan yili ta'lim, ilm-fan tizimida bir qancha yutuqlarga erishildi. Jumladan, oliy ta'lim muassasalari hamda ilmiy muassasalarning yillik faoliyati natijalariga ko'ra milliy reytingi e'lon qilindi. Ushbu reyting natijalariga ko'ra Farg'ona politexnika instituti “Top-5” talikdan o'rin egalladi. Shuningdek, ta'lim muassasamiz texnika, texnologiya, qurilish, qishloq xo'jaligi sohalari bo'yicha esa 3-o'rinda qayd etildi.
Institutimiz nafaqat milliy reytingda, balki xalqaro maydonda ham o'z o'rniga ega bo'lib, yuksak e'tiroflarga sazovor bo'lmoqda. Dunyoda eng nufuzli hisoblangan “QS” tashkiloti Jahon universitetlari reytingi “World University Rankings 24”ni e'lon qildi. Unda Osiyo mintaqasi bo'yicha ham universitetlar reytingi natijalari qayd etilgan bo'lib, oliy ta'lim maskanimiz ushbu reytingning barcha maqsadli ko'rsatkichlari bo'yicha “Top-1000” talikdan joy oldi hamda 801-o'rinda e'tirof etildi. Bu ko'rsatkich bilan institut O'rta Osiyo oliy ta'lim o'choqlari ichida 51-o'rinni egalladi. Shuningdek, 2023 yilgi “Times Higher Education” reyting agentligi “Impact” reytingi doirasida barcha maqsadli ko'rsatkichlari bo'yicha institutimiz alohida e'tirof etildi. Bu kabi yuksak natijalar barchamizga faxr va iftixor tuyg'usini bag'ishladi.
Bugungi kunda institutda yuqori malakali pedagoglar jamoasi shakllantirilgan bo'lib, 682 nafardan ortiq professor-o'qituvchilar yoshlarga zamonaviy ilm-fan sir-asrorlarini o'rgatib kelmoqda. Ularning 32 nafari fan doktori va 213 nafari fan nomzodlaridir. Fan va ta'lim integratsiyasini ta'minlash, ilmiy tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish maqsadida mavjud 7 ta fakultet faoliyati zamon talablariga moslashtirildi. Natijada joriy o'quv yilida 52 ta bakalavr, 29 ta magistratura hamda 20 ta sirtqi ta'lim yo'nalishlarida kadrlar tayyorlanmoqda. Institutimizda “ECTS”ga asoslangan kredit-modul tizimi joriy etilgan bo'lib, bu talabalarga o'qishning ma'lum qismini xorijiy oliy ta'lim muassasalarida davom ettirish va ular bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash imkonini bermoqda. Yangidan shakllantirilgan fanlar majmuasi muhandislik bo'yicha bilimlarni chuqur egallashga yo'naltirilgan. Ta'lim jarayoni va darsliklarimiz xalqaro standartlarga mos bo'lib, ular nufuzli ta'lim tashkilotlari tomonidan tan olingan.
Asosiysi, bu yerda mashg'ulotlar faqat nazariya bilan cheklanib qolayotgani yo'q. Qolaversa, darslarni amaliyot bilan uyg'unlashtirish ham chegara emas. Biz talabalarning ilmiy tadqiqotlar olib borishini keng rag'batlantirish yo'lidan boryapmiz. 332 mingdan ortiq kitob fondiga ega Axborot-resurs markazimiz yoshlar ixtiyorida. 110 dan ko'p xorijiy oliy ta'lim muassasasi va 20 ta xalqaro tashkilot bilan o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yganmiz. Yana bir yutug'imiz, xorijiy davlatlarning 3 ta universiteti bilan qo'shma ta'lim dasturlari joriy etilgan. O'z navbatida, talabalarning darsdan tashqari bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida turli ilmiy va sport to'garaklari, ma'naviy-ma'rifiy klublar faoliyati yo'lga qo'yildi. Xalqaro tanlovlar va bellashuvlarda ishtirok etuvchi jamoalar ham shakllantirilgan.
Shuningdek, institutda ilmiy va innovatsion ishlab chiqarish hamda turli sohalarga xizmat ko'rsatishga mo'ljallangan jami 17 ta markaz faoliyat boshladi. Til o'rgatish, tayyorlov va malaka oshirish markazi, o'quv-ishlab chiqarish kompleksi, bino va inshootlarni loyihalashtirish markazi, media-markaz, qurilish materiallari akkreditatsiya markazi, AKT inkubatsiya markazi shular jumlasidan. Yana bir e'tiborli jihati, ushbu markazlar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida xorijiy tajribani qo'llagan holda 14 ta “Spin-off” korxonasi ochildi. Qay bir sohada bo'lmasin, muvaffaqiyat uchun, avvalo, imkoniyat zarur. Mustahkam baza esa birinchi galda qiziqishga, keyin intilishga va so'nggi bosqichda natijaga sabab bo'ladi.
Dunyodagi ilg'or tajribalardan nafaqat xabardor bo'lib borish, balki ularni puxta o'rganish ham muhim ehtiyoj. Buning uchun esa katta platforma kerak. Institutimiz aniq strategik maqsadni belgilab, ayni shu mas'uliyatli vazifani muvaffaqiyatli o'tashi uchun tizimli ishlarni boshlab yuborgan.
Xususan, Prezidentimizning “O'zbekiston — 2030” strategiyasi to'g'risida” hamda “O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi Farmonlarida belgilangan vazifalar va maqsadlar negizida Farg'ona politexnika institutini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi shakllantirilib, ishlab chiqildi. Mazkur strategiyada zamonaviy bilim va yuksak ma'naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish, ilg'or ta'lim texnologiyalariga asoslangan tizimni shakllantirish kabi muhim yo'nalishlar belgilangan. Ushbu belgilangan tizimli ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish ishlari yo'lga qo'yildi.
Jumladan, 2024 yilda eng avvalo o'quv jarayonlarining sifatini oshirish va optimallashtirishni davom ettirish, xalqaro e'tirof etilgan reytinglarda munosib o'rin egallash, ilmiy maktablar faoliyatini takomillashtirish, ilmiy ishlanmalar hamda bilim va ko'nikmalarni tijoratlashtirishning samarali ekotizimini bosqichma-bosqich tashkil etish, ilg'or muhandislik maktablarini ochish, istiqbolli yo'nalishlarda Markazlar salmog'ini oshirish, mavjud “Spin-off” korxonalariga investitsiyalar jalb etish orqali ular faoliyatini rivojlantirish, bitiruvchilar assotsiatsiyasi hamda “Endowment” fondlarini tashkil etish, o'quv laboratoriyalari ishlab chiqib, sotishni yo'lga qo'yish, “Life long learning” prinsipi bo'yicha o'quv jarayonlarini tashkil etish, davlat-xususiy sherikchilik asosida zamonaviy talabalar turar-joyini barpo etishni davom ettirish, institutning brend siyosatini yanada takomillashtirish kabi bir qancha strategik maqsadlarni belgilab olib, “Yo'l xaritasi” ishlab chiqdik.
Yana shuni ta'kidlashni istardikki, so'nggi yillarda mamlakatimizda ta'lim sohasidagi islohotlar zamonaviy tendensiyalarga mos holda rivojlanib bormoqda. Shubhasiz, sifatli ta'lim yangi marralarni egallashga olib keladigan eng qisqa va oqilona yo'ldir. To'la ishonch bilan aytish mumkin, mazkur sohadagi tub o'zgarishlar o'z natijasini albatta ko'rsatadi.
O'ktam SALOMOV,
Farg'ona politexnika instituti rektori,
texnika fanlari doktori.
