Ko'kka parvoz qilayotgan bo'sag'a

Toshkent Axborot texnologiyalari universitetida bir kun

Bu ilm dargohini   avvallari qisqagina qilib   “Svyaz” deyishardi. Ya'ni,   “Aloqa”. Keyinchalik esa   oliy ta'lim miqyoslari   kengaya boshladi. Markaziy   Osiyo mintaqasida yetakchi   o'ringa chiqqan o'quv muassasasini Muhammad al-Xorazmiy nomidagi   Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti — TATU deb ataladigan bo'ldi.

Ayni davrda   universitetning Qarshi, Nukus,   Samarqand, Urganch, Farg'ona, Nurafshon shaharlarida   mintaqaviy filiallari mavjud.   Universitet Germaniya, Angliya,   Belgiya, Hindiston, Xitoy,   Janubiy Koreya, Rossiya, Ukraina   kabi davlatlarning   ilmiy   muassasalari bilan   hamkorlik qilmoqda.

 

Ko'rkam mahobat

Ana o'sha mahobatga   yarasha darg'a ham   hayotning issiq-sovug'ini ko'rgan, sinovlarda toblangan mo'ysafid bo'lmog'i   kerak, deb o'ylab dargoh bo'sag'asidan xatladik. Bizni   orqaga taralgan sochlariga oq tushgan, ko'z­oynakli, jiddiy   qiyofali, biroz dimog'dor kishi   emas, balki serharakat yigit qarshi   oldi. Gapning ochig'i, universitetdagi yosh tadqiqotchilardan bo'lsa kerak, deya tusmollash ham mumkin   edi. Yo'q, barcha   mas'uliyat shu navqiron insonga yuklangan ekan.

Kabinetiga kirib, stol   atrofida o'rnashib o'tirganimiz   hamono rahbarning ism-sharifini, yoshini so'radik. “Baxtiyor   Mahka­movman. 1985 yilda   tug'ilganman” dedi u. So'ng   darhol ilova qildi:   “Rektor vazifasida ish   boshlaganimga yarim yil   bo'lgan, xolos”.

Obrazli zaylda aytganda,   bir nihol ildiz   otib, toki hosilga   kirguniga qadar kamida   uch-to'rt yil taqozo   etiladi. Binobarin, fakt-raqamlarni qatorlashtirish   maqsadida yon daftar   varaqlarini ochish mantiqqa   monand emas.

An'anaviyroq   savol berdik: “Universitetingiz al-Xorazmiy nomi bilan   ataladigan bo'libdi?”

Rektor kulimsirab gapirishga   kirishdi: “Xalqimiz “Yaxshi niyat — yarim   mol” degan hikmatni   aytgan. Ezgu niyat   qilib turibmiz. Talabalarimiz orasidan   ko'plab al-Xorazmiylar chiqib qolar axir?!”

— Ayni davrda   Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev   o'z ma'ruzalarida Sharq   Renessansi zamonlarini, al-Xorazmiy, al-Beruniy kabi buyuk   allomalarni yodga olayotir. Bu   ham bejiz emas-da?

—Ha, albatta! Bilasizlar,   buyuk bobomiz Muhammad   ibn Muso al-Xorazmiy   arab, yunon, sanskrit   kabi ko'plab tillarni   puxta o'rganib, o'zgacha   jabhada bo'lgan ilmlarni   o'rganib, kashfiyotlar yaratgan. U Bag'dodda ochilgan “Ma'mun akademiyasi” kutubxonasiga rahbarlik qilish   jarayonlarida aqlbovar qilmas   darajadagi javohir asarlarni   o'zlashtirgan. Kutubxonadan tashqari bobomizning ixtiyorida ikkita rasadxona   bo'lgan. Bularning biri Bag'dodning Shamossiya mahallasida, ikkinchisi esa Damashq   yaqinidagi Kasiyun tog'larida qad rostlagan.   Shunday sharoitlarning mevasi   sifatida milodiy 820-yillarda, ya'ni,   bundan bir mingu   ikki yuz yil muqaddam astronomiya va trigonometriya jadvallariga taalluqli   “Zij fi ilm   al-falak” risolasi yozilgan.   Uyg'onish emasmi bu?

Go'yoki bironta anjumanda nutq iroda etayotgandek Baxtiyor Mahkamov ulug' bobomiz boy ma'naviy merosi haqida berilib so'zlashda davom etdi:

— Mazkur asardan xulosa   chiqarilgan holda   arabcha   manbalarga sayyoralar, Oy   va Quyoshning harakatlari, sayyoralarning   sutkalik harakatlari hamda   ularni aniqlash yo'llari,   Oy, Quyosh gardishining   kattaligi, sinuslar jadvali,   tangens kiritilgani ma'lum.   Alloma bobomiz Abu   Rayhon Beruniy esa   o'sha “Zij”ga bag'ishlab   bir emas, uchta   asar yozgan. Ikki dahoning   ishlarini Mirzo Ulug'bek davom   ettiradi.

Men masalaning boshqa jihatiga e'tibor qaratmoqchiman. Uchala dahoning ham hayot yo'li silliqqina kechgan emas. Jaholatparastlar al-Xorazmiyga osoyishtalik bermaganlar. Shu bois, hayotining ko'p qismi darbadarlikda o'tadi. Al-Beruniy hattoki uylanmagan, u yoqdan-bu yoqqa qochib jon   saqlagan. Mirzo Ulug'bekka o'g'lini, Abdulatifga otasi Ulug'bekni gij-gijlab, alal oqibat buyuk munajjim umriga nuqta qo'yganlar. Tasavvur qilingki, ularga hozirgiday shart-sharoitlar yaratib berilgandamidi?! Eh-he! Ular Marsga uchadigan kosmik kema ixtiro qilardilar. Bu — bir faraz. Ammo mantiqli faraz. Xuddi shu jihatdan qaralganda, hozirgi davr yosh olimlari Yurtboshimiz chorlovlariga javob qaytarishlari ham   farz, ham qarz.

— Rivojlangan   davlatlarga qaraganda bizda   aniq fanlar nega   oqsamoqda?

— Bizda   “xushomadgo'ylik” otlig'   yuqumli xastalik mavjud bo'lgan. Yevropa va Amerikada bu   xastalik yo'q. Ko'plab   rivojlangan davlatlarda “shirin so'z” emas, balki “o'tkir   aql” tarozilarda tortiladi.   Chindan ham xushomad emas, aql baholanishi lozim. Ehtimol shuning uchundir ko'plab   yosh olimlar Yevropa yoki Amerika universitetlariga borib   faoliyat yuritishni afzal bilganlar. Ularni yurtga qaytarish   uchun bizdagi tuzilma to'g'ri qo'yilishi kerak. Chunonchi, ninadekkina kashfiyotni amalga oshirganlarni ham   ko'kka ko'tarmog'imiz darkor.

Mana, keyingi besh yil davomida Prezidentimiz Shavkat Mirzieyov nima uchun har bir iqtidorni qo'llab-quvvatlash uchun jamiki imkoniyat, shart-sharoitlarni yaratib bermoqdalar.

Bolaga “Sendan hech   kim chiqmaydi”, “Sen bilmasvoysan”, “Chakka xalta   bilan ursalar ham   peshonang oqarmaydi” singari iboralar   vositasida “hujum” qilinaversa, haqiqatan   ham uning ruhi   cho'kib qoladi. Buning o'rniga:   “Bilaman, bolam. Senda daho kuchi   yashirin!” deya xitob qilinsa, u ta'sirlanib, haqiqatan ham dahoga evrilib ketishi hech gap emas. Ilm-fan tarixidan ma'lumki, o'tmishda nimjon,   bo'sh, irodasiz insonlar da'vatkor   kuch ta'sirida olamshumul   kashfiyotlarni amalga oshirganlar. Xullas, yoshlikning har soniyasidan unumli foydalanishimiz shart. Eng asosiysi, xayol surish va faol fikrlashdir.   “Sivilizatsiyaning buyuk vazifasi —   odamni fikrlashga o'rgatishdir”   degan ekan donishmandlardan biri. Afsuski,   bizda ko'p yillar   mobaynida faol   fikr­laydigan insonlarga yo'l bermadilar.   Buni obrazli yo'sinda “qora   energiya” deyishimiz ham   mumkin. Oqibatda   mamlakatimizda aniq fanlar   oqsab qoldi. Biron bir hamyurt olimimiz jahon miqyosida dovrug' qozona   olmadi. Ammo bu vaqtinchalik holat. Endi davr o'zgardi. Ayni   davrda universitetimizda o'qigan mutaxassislardan Nodir   Nazarov, Sherzod Muratovlar   Amerika Qo'shma Shtatlarida, Mashhur Sattorov, Rustam   Rahimov, Umid Ahmedjanovlar   Kanadada, Elyor Qodirov Irlan­diyada, Shohrux Umriyayev Niderlandiyada, Eldor Parmanov Finlyandiyada   faoliyat yuritmoqda. Demak,   shubhasiz biz ham   Yevropa darajasiga yaqinlashamiz. Kerak bo'lsa, ulardan o'tamiz ham!

Dorilfunun rahbari   binafsharang oynali soatiga   bir qarab qo'yar   ekan, “endi pastga   tushib, amaliyotni ko'ramiz”   dedi. Biz   zalni, ovoz yozish xonasini, laboratoriyani va shunga o'xshash   xonalarni birma-bir ko'zdan   kechirdik. Bular ilk   taassurotlar edi. Texnologiya   ilmlaridan uzoqligimiz bois   har bir detalning   “ildiziga qadar” tushuna   olmadik, shunchaki, umumiy   taassurotga ega bo'ldik,   xolos. Baxtiyor Mahkamov qisqagina xulosa   yasadi: “Universitet tashqi   ko'rinishi unchalik o'zgarmadi.   Ichkarisi tamomila yangilandi”.

Qisqacha ma'lumot: Baxtiyor   Mahkamov — Toshkent davlat texnika   universitetining Biznes boshqaruv fakulteti   “Moliyaviy   menejment” yo'nalishiga kirib, imtiyozli dip­lom   bilan tamomlagan. Navoiy   nomidagi Davlat stipendiyasi   sovrindori bo'lgan. 2006-2008   yillarda TATU Iqtisodiyot   va boshqaruv fakultetining “Menejment”   mutaxassisligiga o'qishga kirib,   magistr darajasini oladi.   “Uzdunrobita” qo'shma korxonasi   marketing bloki, marketing   tadqiqotlari bo'limi mutaxassisi, yetakchi mutaxassisi   lavozimlarida faoliyat ko'rsatgan.   Shundan so'ng ko'p   tashkilotlarda, jumladan, “Elektromagnit moslashuv markazi” Davlat   unitar korxonasida 1-toifali   muhandis va keyinchalik “Radiochastota taqdimotlarini muvofiqlashtirish”   bo'limi boshlig'i lavozimida   ishlagan. “Elektromagnit moslashuv   markazi” Davlat unitar   korxonasi rahbarining birinchi   o'rinbosari lavozimida xizmat   etgan. 2016 yilda   “Globallashuv va iqtisodiyotni modernizatsiyalash sha­roitida uyali   aloqa xizmatlarini samarali   rivojlantirish”   mavzusida doktorlik   dissertatsiyasini himoya qilgan. 2020 yilda professor ilmiy   darajasiga loyiq ko'rilgan.

U ona tilidan   tashqari rus, ingliz,   nemis tillarini puxta   biladi. 2017-2019 yillarda   Shveysariyada malaka oshirgan.   Hindiston hukumati tomonidan   ta'sis etilgan ITEC     dasturida qatnashib, g'olib   sifatida grant asosida   Hindistonning Mumbay shahrida   “Axborot texnologiyalar menejmenti”   yo'nalishi bo'yicha malaka   oshirgan. Yosh olimning   ko'plab maqolalari Rossiya,   Polsha, Janubiy Koreya,   Indoneziya, Hindiston, Qozog'iston   kabi davlatlarning nufuzli   jurnallarida e'lon qilingan.

Izlanish mohiyati raqamlarda

Mutaxassislarning   farazlariga qaraganda sivilizatsiya   o'z nuqtalarini   o'zgartirib   turadi. Deylik, qadimgi   davrlarda Sharq sivilizatsiyasi voqelikka ko'chgan. Ayni   vaqtda o'sha oltin   nuqta G'arb davlatlari   osha Amerika doxil   boshqa mintaqalarga ham   o'z shu'lalarini taratmoqda.   Ehtimol yana necha   yillardan so'ng sivilizatsiya   o'zaniga qaytib kelar?   Alhol, bugungi kunda   taraqqiyot kurtaklari bo'rtib   borayotganini ilg'amoq mumkin.

— Agarda universitetimiz darajasini tasavvur qilmoqchi   bo'lsangiz fakt-raqamlarga   e'tibor   qaratishingiz kerak, — dey­di o'quv ishlari bo'yicha prorektor   vazifasini bajaruvchi Shahlo   Sa'dullayeva. — Universitetimizda   sakkizta fakultet va   bitta qo'shma fakultet,   o'ttiz bitta kafedra   mavjud. Asosiy shtatda 508   nafar professor-o'qituvchilar ishlaydi. Shulardan 38 nafari   fan doktori, 130   nafari fan nomzodi   hisoblanadi. O'quv mohiyati   kompyuter injiniringi,   dasturiy injiniring, kiberxavfsizlik, telekommunikatsiya texnologiyalari, televizion   texnologiyalari,   radio va   mobil aloqa, AKT sohasida iqtisodiyot va   menejment, AKT sohasida kasb ta'limi, TATU- BGUIR qo'shma   AT fakultetlari asnosida amalga oshiriladi. TATU va filiallarida jami 915 nafar professor-o'qituvchilar faoliyat ko'rsatmoqda. Universitet   va filiallarda jami   21 000 nafar talaba tahsil ko'rmoqda. Shulardan 14479   nafari kunduzgida, 5623   nafari sirtqida, 898   nafari magistraturada o'qimoqda.

Universitetimizning Nukus, Urganch, Qarshi, Farg'ona, Samarqand filiallarida ikkitadan,   Nurafshon filialida esa   bitta fakultet bor. Ana shu fakt-raqamlar asnosida ta'lim darajasi xususida tushuncha hosil qilishingiz mumkin.

Xayolga cho'mamiz. Jahon   miqyosida, xususan, rivojlangan   mamlakatlarda   texnologiyalarga asoslangan yuzlab   universitetlar bor. Ularning   barchasida ixtiro nishonalari   ko'zga chalinmaydi-ku axir?   Ixtirochi ham novator   shoirdek gap. Qirq-ellik   yilda bir bora   o'zini ko'rsatishi mumkin.   Hazrat Navoiy iborasi   mazmunida aytsak, al-Xorazmiy   panjasiga panja urish   oson emas. Ammo   TATU ana o'sha   favqulodda jarayonga hozirlik   ko'rmoqda.

Universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektori Komil Tashev “amaliyot ko'zgulari”ni birma-bir ko'rsatib chiqdi. Xonalar   Yaponiya kompyuterlari, biz   nomlarini ham bilmaydigan asbob-uskunalar bilan jihozlangan.

To'g'ri, odamzod aqli   barcha ilm ko'nikmalarini   egallashga ojizlik qiladi. Jurnalis­tika qaerdayu zamonaviy texnologiya qaerda… Biroq mantiq degan   fan ham bor. Mantiqqa asoslanib aytishimiz mumkinki, 1955   yilda tashkil etilib, so'nggi yillarda jadal jabha olgan TATU serquyosh O'zbekistonimiz texnologiyasi “yuragini” teptirayotgan bosh ilm dargohiga aylanibdi.

Ertaklarga tutash voqeliklar

Bolaligida ertak eshitib,   xayolan samolarda parvoz   qilmagan insonni topish   amrimahol. Ammo ertak   “shirasi” tarqalgach, barchamiz   shumshayibgina real hayotga   qaytganmiz. Xususan, yoshi   oltmishdan oshganlar to   hanuz “qurbaqa pero”larni   unutmaydilar, papka to'riga   joylab qo'yiladigan siyohdonlar   tushlariga kiradi. Bu   ellik yilning nari-berisidagi voqelikdir.

Bugun-chi?

“Hozir   xodimlarimiz mashina minib   qaerda yurganini ko'rsataman!” deydi Baxtiyor kulimsirab   va zum o'tmay kattakon qo'l telefoniga   qarab mashina shakli tasviriga barmoq tekkizadi: “Marhamat, raqamlarigacha tomosha   qilishingiz mumkin”.

Ajabo, deysan. Bu ertakning xuddi o'zi-ku?! Afsonalarda og'a Yunus pari tirnog'idagi ko'zguga   boqib, Go'ro'g'lining qaerda   G'irko'k o'ynatayotganini ko'rib   turarkan. Real voqelik ertaklarga   yaqinlashayotgani shu-da!

“Yerto'la”ga tushib universitet O'quv media markazi bilan tanishdik. Mazkur markaz bundan   ikki yil muqaddam   tashkil etilgan. Rasmiy   ma'lumotda qayd qilinishicha,   universitetning   “Televizon texnologiyalar” fakulteti “Telestudiya   tizimlari va ilovalari”   kafedrasi mudiri B.Bazarboyev, katta o'qituvchilar — Sh.Husanov va A.Mamadaliyevlar   tashabbuslariga binoan fakultet   ta'lim yo'nalishlari talabalarining bilim va malakalarini oshirish maqsadida fakultet   qoshida televizion ishlab chiqarish   texnologiyalariga asoslangan   O'quv media markazi   tashkil etish uchun   loyiha tayyorlangan. Mazkur loyiha   JICA — Yaponiya xalqaro hamkorlik   Agentligiga topshirilgan. Yaponiya tarafi ushbu loyihani tasdiqlab, 1,6   million AQSh dollari miqdorida grant mab­lag'larini ajratdi. 2019 yilda Yaponiyadan texnik   uskuna va jihozlar   keltirila boshlanadi.   O'sha   yilning iyunida barcha   qurilish-montaj ishlari, uskuna o'rnatish jarayonlari yakuniga yetkaziladi. Kunchiqar davlatining Marubeni   kompaniyasi tomonidan o'quv markaziga texnik qurilmalar yetkazish va   o'rnatish ishlari uddalanadi.   Binobarin, ayni davrda   mazkur markaz “tetapoya”   bo'lmoqda.

O'quv media markazida   qirq sakkiz nafar   tinglovchiga mo'ljallangan ikkita   o'quv auditoriyasi, ellik   ikki tinglovchiga mo'ljallangan televizion studiya, kichik   pavilon, rejissyorlik pult   xonasi, o'quv montaj   laboratoriyasi, professional montaj   studiyasi, ovoz yozish   studiyasi, fotostudiya, virtual   televizion   studiyasi doxil   o'quv laboratoriya   xonalari ,   yigirma to'rt kishilik   filmlar ko'rigi xonalari   mavjud. Bu yerda   tajribali domlalar hayoti   va faoliyati to'g'risidagi   filmlar talabalarga namoyish   qilinar ekan.

Mazkur markazda media   va televizion ishlab   chiqarish texnologiyalarini chuqur   o'rganishga jahd etgan   universitet hamda filiallari,   unga qarashli muassasalar   xodimlari   tanlov asosida   o'qitiladi. Masofaviy ta'lim   asnosida turli-tuman ko'rinishlardagi interaktiv, media   o'quv manbalari, videodarslar yaratiladi.

— Eng asosiysi —   talabalarni ruhlantirish xususiyatidir. Ana o'sha maqsadda biz   TATU bayrog'i va shiorini shakllantirdik, Oliy ta'lim muassasalari orasida birinchi bo'lib TATU “Press klubi” ochildi.   Yana Avstriyaning Klagenfurt universiteti bilan magistrlik dasturi yo'lga qo'yildi. Eng dolzarb   yo'nalishlar bo'yicha to'rtta   yangi kafedra tashkil qilindi. “Kiberxavfsizlik va   kriminalistika”, “Sun'iy intellekt” kafedralari shular jumlasidan, — deydi Baxtiyor Mahkamov va   so'ziga qo'shimcha qiladiki:   “Darvoqe, O'zbekiston-Belarus qo'shma das­turi bo'yicha “Axborot texnologiyalari   va das­turlash” kafedrasi   ham ochildi.

Nazdimizda, TATU qanotlarini yoyib, ko'kka   parvoz qilishga shaylanayotgan ulkan qushga   o'xshaydi. Hazilakam gap emas   — oliygoh “qanotlari ostida”   oltita filial, oltita   litsey va o'n   to'rtta texnikum faoliyat   ko'rsatmoqda.

Algoritm atamasi bois   Yer yuzida dovrug' taratgan al-Xorazmiy vorislarining bu kungi jahdu shijoati bizga ko'p   narsalarni va'da qilayotgandek. Laboratoriya burchaklaridagi turli-tuman robotlarni, moslamalarni, uskunalarni ko'zdan kechirar ekanmiz bir-birimizga   vorislik mas'uliyati to'g'risida   so'zladik: TATUdan mo''jizalar ifori anqiyotgandek go'yo. Har holda, yosh va izlanuvchan rahbar katta maqsadlarni orzu qilmoqda.

Universitetda yo'lga qo'yilagan ta'lim jarayonlari, chin dildan saboq olayotgan talaba-yoshlar bilan suhbat qurib, bu maskandagi ilg'or tajribalar, iqtidorli yoshlar haqida kelgusi maqolalarimizda batafsil to'xtalishni niyat qildik.

Bahrom Ro'zimuhammad,

Azizbek Allaberdiyev

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 − one =