“Yurakka ko'milar asl shoirlar…”

O'zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf — umrini ijodga  bag'ishlagan, o'z xalqi, el-yurtining dardi bilan yashagan qalb sohibi edi. U o'z xalqini, tuprog'ini jondan ortiq ko'rardi. Xalqimiz ham yetti yoshdan yetmish yoshgacha shoirni yaxshi ko'radi va xotirlaydi.

Shu yilning 4 fevral kuni “Toshkent fotosuratlar uyi”da O'zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 70 yilligi munosabati bilan O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Abdug'ani Jumaning “Yurakka ko'milar asl shoirlar” nomli ko'rgazmasi bo'lib o'tdi.

Badiiy kechada shoirning oila a'zolari, san'at vakillari, yozuvchi-shoirlar, taniqli fotosuratchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari va yoshlar ishtirok etdi.

Ko'rgazmalar zaliga kirishda Muhammad Yusuf surati tushirilgan fotoaxborotlar shoirning ijodi davlatimiz va xalqimiz tomonidan nechog'liq qadrlanayotgani haqida hikoya qiladi. Zero, shoirning o'z Vataniga sodiqligi, cheksiz muhabbati, xalq kelajagi uchun chin dildan qayg'urishi yozgan har bir she'ri, satrlarida o'z aksini topgan.

Shoirning hayoti haqida kengroq ma'lumot va tasavvur hosil qiladigan yangicha fotoko'rgazmada Abdug'ani Juma tomonidan turli yillarda suratga olingan 70 ta surat qo'yilgan. Unda an'anaviy fotosuratlardan tashqari alohida guruhli portretlar, fotomontaj tarzidagi turkum fotoportretlar, hamda shoirning ijodiy hayotidagi ba'zi voqeliklarni ko'rsatuvchi  sahnalar o'rin olgan. Shu o'rinda aytish mumkinki, Abdug'ani Juma Muhammad Yusufning yaqin do'sti, hamnafas zamondoshi edi.

“Shoir, yozuvchi, rassom, umuman, san'atga daxldor inson dard bilan yashaydi. Agar dard bo'lmasa, uni hech kim qadrlamaydi. Unda shira, mehr, muhabbat tuyg'usi bo'lishi kerak. O'ylaymanki, ko'rgazma orqali biz bir narsaga erishdik: ijodkor inson qalbini aks ettirish. Ko'rgazmadagi suratlar ichida Muhammad Yusufning so'nggi  surati ham  bor, o'zi ko'rmagan. Bu hammamiz uchun qayg'uli emasmi? Biz u bilan yaqin do'st bo'lganmiz. Muhammad Yusuf juda kamsuqum, kamtar inson edi.

Ushbu ko'rgazma shoir-yozuvchilar shaxsi, ijod yo'li haqida amalga oshirilayotgan dastlabki ishlardan. Davom etishidan umidvormiz. Bu kabi ko'rgazmalarni tashkil etishda Yozuvchilar uyushmasi, Badiiy akademiya, Jurnalistlar uyushmasi bilan hamkorlikni, muloqotni yaqinlashtirishdek xolis niyat turibdi”, – dedi fotojurnalist Abdug'ani Juma.

Ko'rgazmadan joy olgan suratlar shoir obrazi, uning turli davr va davralar, qiyofasidan ijodiy ruh barq urib turgan holatlarini gavdalantirgan. Zalning o'ng tomonida shoirning o'smirligi, oilasi davrasidagi tarixiy suratlari texnik fotomontaj usulida tayyorlanib namoyish etilgan. Asosiy maydonda esa shoirning ijodiy onlari va fotograf bilan samimiy suhbatlari o'rin olgan edi.

Rasmlarni kuzatar ekansiz, shoir xarakterini, uning inson sifatidagi qiyofasini shuuringizda qayta chiza boshlaysiz. Uni teranroq anglaysiz.

Ko'rgazmada Abdug'ani Jumaning “Muhammad Yusufning birinchi va so'nggi surati” nomli esse-katalogi ham mehmonlar e'tiboriga havola etildi.

Kecha davomida taniqli san'atkorlar tomonidan Muhammad Yusuf she'rlariga bastalangan kuy-qo'shiqlar ijro etildi.

Ushbu xayrli tashabbus boshqa adabiy qatlam vakillari bilan ham davom etttirilishi kutilmoqda. Muhammad Yusuf ijodi va hayotiga bag'ishlangan fotoko'rgazmalar, ijodiy kechalar O'zbekistonning barcha hududlarida davom etadi.

O'z muxbirimiz.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − fourteen =