“Qorabog'da yangi tug'ilgan quyosh”
O'zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi tomonidan “Qorabog'da yangi tug'ilgan quyosh” nomli fotolar ko'rgazmasi tashkil qilindi.
Poytaxtimizdagi Abdulla Qodiriy uy-muzeyida bo'lib o'tgan ko'rgazmada Ozarbayjonning O'zbekistondagi elchisi Husayn Guliyev, Ozarbayjon va Turkiya elchixonalarining diplomatlari, O'zbekistonning madaniyat, fan va san'at xodimlari, olimlar, universitetlarning professor-o'qituvchilari, talabalar ishtirok etdilar.
Uning ochilishida so'z olgan Madaniyat markazining direktori Samir Abbasov 2020 yilda 44 kunlik Vatan urushi natijasida 30 yilga yaqin Armaniston nazorati ostida qolgan hududlar Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning muvaffaqiyatli siyosati va mamlakat armiyasining jasorati bilan ozod qilingan tog'li Qorabog' o'lkasi xususida ma'lumot berdi. Diplomat har yili Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazining tashkilotchiligi bilan o'zbek jurnalistlari, operatorlari uchun Ozarbayjonga, uning mamlakatga qaytarilgan mintaqalariga media-turlar tashkil qilinganini qayd etdi. Xususan, o'tgan yillar mobaynida Ozarbayjonda bo'lgan jurnalistlar tomonidan bu o'lka haqida o'nlab teleko'rsatuvlar va radio eshittirishlar, gazeta va saytlar uchun maqolalar tayyorlangani haqida so'z yuritdi.
Shuningdek, u O'zbekistonning taniqli fotografi Husniddin Ato Ozarbayjonga qaytarilgan hududlarni kezib, betakror suratlar olgani, ular tasvirga muhrlagani va ushbu suratlar ko'rgazmadan joy olganini qayd etdi.
Ozarbayjonning O'zbekistondagi elchisi Husayn Guliyev o'lkalarimiz orasida bo'lgan tarixiy do'stlik aloqalari haqida gapirib, so'nggi yillarda hamkorlik yanada yuksalib borayotganini alohida ta'kidladi.
Ko'rgazmada namoyish etilgan fotolar muallifi Husniddin Ato Ozarbayjonga tashkil etilgan media-tur haqidagi taassurotlari bilan o'rtoqlashdi. Xususan, Ag'dam, Fuzuliy va Shusha tumanlarida bo'lgani, bu yerlarda xuddiki vayronkor zilzila yuz bergani kabi Ozarbayjon xalqi ming yillar davomida yaratgan shahar va qishloqlarning vayron etilganiga guvoh bo'lgani, to'g'rirog'i, ana shunday ayanchli holatlarni tasvirga olganini hikoya qildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar 2020 yilda O'zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi tomonidan tayyorlangan Qorabog' burchagi bilan yaqindan tanishdilar. Ushbu burchakka 5 tilda nashr etilgan “Shusha — turk dunyosining madaniyat poytaxti” nomli ensiklopedik kitob va O'zbekistonda tayyorlangan pochta markasi hadya qilindi.
Islom ASILBEKOV.