“Orzular dunyosi”

O'zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyining kichik zalida yosh rassom Diyora Nizomovaning “Orzular dunyosi” nomli shaxsiy ko'rgazmasining ochilishi bo'lib o'tdi. Ko'rgazmada rassomning 50 ga yaqin saralangan asarlari namoyish etildi.
Diyora ijodida teran fikr, analitik tahlil va jonli tuyg'u mushohadasi bor. Bolaligidayoq o'z Vataniga, ona yurtiga, zaminiga muhabbat, vatanparvarlik tuyg'usini his qilishga intiladi. U an'anaviy tarzda askarning uyga qaytishini odatiy qishloq manzarasi fonida ko'rsatadi.
Xususan, jigarrang-sariq rang kartinaga iliqlik baxsh etadi. Naturalistik-ifodaviy metod esa bu asar syujetini real tarzda gavdalantirishga yordam beradi. Oy nuri daraxtga tushadi va uni qorga tushayotgan soyasidagi aksi, barcha tomonga tarqalib ketadi. Oq qorda aks ettirilgan qalin qora soyalar, to'q jigarrang bilan tasvirlangan.
Daraxt tanalari sovuq, muzli va qishki sog'inch tuyg'usini anglatadi. Osmon, qor va daraxtlarning rang munosabatlari nozik tarzda ishlab chiqilgan – asarda oq, moviy, ko'k va jigarranglarning bir nechta soyalarini hisoblash mumkin. U qishki tunning tinch-xotirjam holatini hayotiy tarzda tasvirlaydi.
Gulnoza Boboyeva.