Kuyla, Yahyobek!

Yuz-yuzlab yosh xonandalar “Artist” loyihasida qatnashish uchun yozilishardi. Yahyobek buni kuzatardi, qiziqardi. “Shuncha odam bo'lsa, menga yo'l bo'lsin!” derdi. Ammo vujudida bir to'lqin, hayajon gupurardi. Va nihoyat, ustozi, taniqli san'atkor, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Xurshid Rasulovdan duo oldi, yo'l-yo'riq, maslahatlar olishdan charchamadi.
“Artist” pillapoyalari… Yahyobek G'aniyev ushbu loyihada xalqimizga tanilgan san'atkorlarning qo'shiqlari bilan chiqdi: “Yoshligimga qaytgim keladi”, “Ota”, “Ona”, “Opa, meni yo'qlab keling”, “Xafa bo'laman”, “Bezovta bo'lar onam”… Shu tariqa Yahyobek finalga chiqdi. U bu tanlov haqida maroq bilan so'zlab berdi:
— “Artist” loyihasi elga tanitdi. Xalqqa tanildik, do'stlar orttirdik. Ishoning, “Artist” loyihasida “100 talik”dan o'tdim. Onamga telefon qildim, u kishi duo qilib tabrikladilar. “50 talik”ka kirdim, onam sahnaga kelib o'tirdilar, tomosha qildilar, qo'shig'imni eshitdilar. Ming afsus, shundan so'ng onam o'tib qoldilar. Yarim finalda “Bezovta bo'lar onam”ni yig'lab-yig'lab aytdim:
Mendan uzoq ket, qayg'u,
Yaqinlashma endi, g'am.
Engilsam hasratlarga,
Bezovta bo'lar onam.
Anduhlarga ko'milib,
Ko'z yoshimga cho'milib,
Qolsam tutdek to'kilib,
Bezovta bo'lar onam.
Hatto ruhi parvonam,
Oromi yo'q giryonam,
Yig'lasam, tushimga kirib,
Bezovta bo'lar onam.
Yahyobek “Artist” loyihasining finalida o'zi kuy bastalagan “Singlim” qo'shig'i bilan sahnaga chiqdi:
Menga zarra tikon kirsa kuyinganim,
Shod kunimda mendan ziyod suyunganim,
Munisginam, beozorim, Haq berganim,
Noming aytsam,
yorishadi ko'nglim mening,
Sen onamday mehribonim
singlim mening!
Gohi dunyo tashvishiga yelib-elib,
Yarim diling ketganida dardga to'lib,
Oyda bir bor yo'qlolmadim aka bo'lib,
Sog'inchlardan munchoq
ko'zi munglim mening,
Onamdayin mehribonim
singlim mening!…
2024 yilgi “Artist” loyihasida finalchilarning uchalasi ham g'olib deb e'lon qilindi. Yahyobek G'aniyev o'n to'qqiz yoshida Toshkentdan “Treker” rusumli avtomobili bilan qishlog'i Qo'rg'ontepaga keldi, yutuqni otasiga sovg'a qildi.
Yil boshida “Mehmonda Nazarbekov” ko'rsatuvida Yahyobek G'aniyev ustoz san'atkorning “Xafa bo'laman” qo'shig'ini kuyladi.
Shuncha kutdim, bir kelmasang,
Xafa bo'laman, xafa bo'laman.
Bir jilmayib, bir kulmasang,
Xafa bo'laman, xafa bo'laman…
O'zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov o'z qo'shig'ini shogirdidan eshitib xursand bo'ldi. Mana, uning fikrlari:
“Yahyobek o'zining rangida o'zi bemalol aytyapti, qiynalmay aytyapti. Qo'shiqlarimni bemalol aytib yuravergin…
Yahyobek, xalqning mehri sen uchun eng katta mukofot. Taniqli bo'lish mumkindir, ammo sevimli bo'lish undan ham yuqori mukofot”.
— Xurshid Rasulov ustozim bo'ladi, – dedi Yahyobek G'aniyev. — Deyarli har bir qo'shig'ini kuylaganman. Ustozim bilan ko'p marta birgalashib qo'shiqlar aytganman:
Umr asli besh kunlik safo,
Gohi safo, gohida jafo.
Tashlab ketgan o'sha bevafo,
Yoshligimga qaytgim keladi…
— Bir kuni ishdan kelsam, o'g'lim Yahyobek yig'lab o'tiribdi, — deb esladi yosh qo'shiqchining dadasi Ravshanbek. — Qo'shni Xonqiz qishlog'idagi to'yga Xurshid Rasulov kelgan ekan, uni hech kim to'yga olib bormabdi. Qarasam, soat to'qqizdan o'tyapti. Tavakkal, to'yga otlandik. Yaxshi hamki, to'y tugamabdi. Yahyobek to'rtta qo'shiq aytdi. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Xurshid Rasulov uni jajji shogirdim deb maqtadi…
Ha, Farg'ona tumanida iste'dodi bilan elga tanilgan, yurtini tanitgan insonlar ko'p: Lochin polvon, Ahad polvon, Tursun Ali polvon. Usmon Yusupov, Hamroqul Tursunqulov, Tojixon Shodiyeva. Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari, O'zbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimov, Milliy televideniemizning mashhur suxandoni O'ktam Jobirov, boks bo'yicha Olimpiada chempionlaridan biri Lazizbek Mullajonov kabi xalqimizga tanilgan bunday insonlar ham shu tuman farzandlaridir.
Yahyobek G'aniyev ham Farg'ona tumanidagi Qo'rg'ontepa qishlog'idan. Ko'pchilik Qo'rg'ontepa qayda, qanaqa joy, deb so'rashadi. Qo'rg'ontepa — iste'dodlari bor go'zal qishloq.
Orzularing qanotida kuylayver, Yahyobek!
Sobirjon DADAXO'JAYEV