Sirdaryoning sirli “savat”i

O'zbek raqs san'ati turfa gullar barq urib ochilgan gulzorga o'xshaydi. Xorazmu Andijon, Buxoroyu Surxon, qo'yingki, barcha raqslarning o'z nafosati bor. “Lazgi”mi “Andijon polkasi”mi yangraganda raqsga tushib ketganingizni bilmay qolasiz. “Tanovar” jarang sochganda, eshilib, to'lg'anib xirom aylaysiz.

Sirdaryoda san'at ham odamlarning turmush tarzi bilan qadam-baqadam rivojlanmoqda. Dilbar raqslari bilan nom qozongan Sirdaryoning “Savat” folklor raqsi dunyoga tanilib bormoqda. Mazkur raqsning ijodkori “Xalq ta'limi a'lochisi”, “Mo''tabar ayol”, “Madaniyat va san'at fidokori” ko'krak nishonlari sohibasi Barnoxon Xoliqovadir.

U Sirdaryo raqs maktabi asoschisi, iqtidorli baletmeyster “Sut sog'uvchi qiz”, “Yangi qo'g'irchoq”, “Gilam to'quvchi qizlar”, “Qiz uzatish” kabi qator o'zbek milliy raqs kompozitsiyalarini yaratdi. “Savat” raqsi esa unga chin ma'noda mashhurlik olib keldi.

— Raqs san'ati musiqa bilan uzviy bog'liq, — dedi Barnoxon Xoliqova. — U musiqa mazmunini xatti-harakatlar, obrazlar vositasida ochib beradi. Xalq raqslarida ritm muhim bo'lib, u musiqada o'z ifodasini topadi, oyoq, qo'l, bosh va tana harakatlari umumiy ritmga bo'ysunadi, bir-biri bilan bog'lanadi. O'zbek raqslari mazmunini ifodalashda tepki, qarsak, zangdan ham foydalaniladi. Ayrim raqslar ro'mol, piyola, qadah kabi matohlar bilan ijro etiladi.

“Savat” raqsining arxitektonikasi milliy qadriyatlarimiz bilan chambarchas bog'liq. Raqs doira ritmlari ostida ijro etiladi. U folklor raqslari turkumiga kiradi. Raqs elni elga, dilni dilga payvand qiluvchi, odamlarni ezgulikka, do'stlik-birodarlikka, mehr-oqibatga chorlovchi, xalqimizning yaxshi-yomon kunlari, to'yu ma'rakalariga olib boriladigan jizza nonlaru somsalar, qatlamalaru o'ramalar, meva-cheva va sabzavotlar, sarpolar hamda sovg'a-salomlarni o'z bag'riga joylagan ro'zg'or buyumi — savat yordamida amalga oshiriladi. Raqqosa qizlar savatga qo'l tekkizmasdan boshlarida uzoq vaqt ushlab turishlari, savat bilan o'tirib turishlari, egilishlari, aylanishlari kerak bo'ladi. Bu raqqosalardan katta mas'uliyat va mahoratni talab qiladi.

Bugungi kungacha “Savat” raqsi “Sirdaryo navolari” dastasi (ansambli) bilan Rossiya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Shveysariya, Janubiy Koreya, Xitoy, Indoneziya, Malayziya, Hindiston, Turkiya kabi davlatlarning sahnalarida ijro etildi. Xorijlik raqs muhiblari Sirdaryo san'atiga xos durdona yaratilganini e'tirof etishdi.

Barno Xoliqova sahnalashtirgan “Savat” folklor raqsi “Nurli navolar” va “Boysun bahori” xalqaro folklor festivallarida faxrli 1- va 3-o'rinlarni qo'lga kiritdi. “Ko'hna zamin ohanglari” televizion festivalida esa baletmeysterning shogirdlari ijrosidagi raqs mahalliy qadriyatlar, urf-odatlar, boy madaniy meros va san'atni go'zal tarzda ifodalab berganligi uchun mutaxassislar tomonidan yuqori baholanib, O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining “Hududga xos raqs” nominatsiyasi bilan taqdirlangan.

Qahramonimizning salohiyati turli xalqaro tanlovlarda munosib bahosini olib kelmoqda. 2022-2023 yillar orasida “Hayot musiqasi” xalqaro bolalar ijodiyoti hamda “Baxtli elning bolalari” xalqaro raqs festivallarida Gran-pri va 1-o'rin sohibasiga aylangan. Amerika Qo'shma Shtatlarining Sietl shahrida Yevroosiyo raqs akademiyasi tashabbusi bilan o'tgan “Dunyo raqslari” festivalida o'zbek raqs san'atini dunyoga targ'ib qilishdagi xizmatlari hisobga olinib, “Raqs san'ati ustozi” nominatsiyasi bilan siylangan.

Ozarbayjonning Boku shahrida “Ziyoli o'chog'i” xalqaro uyushmasining tashabbusi bilan “Ozarbayjon-O'zbekiston: madaniy diplomatiyaning ilmiy-amaliy metodologiyasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar bo'lib o'tdi. Unda Barnoxon Xoliqova “Sirdaryoning sirli “Savat”i — o'zbek milliy raqs san'atining durdonasi” mavzusida ma'ruza qildi. Anjuman yakunida baletmeyster “Turk dunyosi milliy madaniyati va san'atiga qo'shgan hissasi” va “Sirdaryo raqs maktabini yaratganligi uchun” xalqaro diplom va sertifikat bilan taqdirlandi. Shuningdek, xalqaro ilmiy anjuman doirasida Barno Xoliqova va O'zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi dotsenti, filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori ((PhD) H. Hamroyevaning Bokuda rus tilida nashr etilgan “Zagadochnыy “Savat” Sыrdari — shedevr uzbekskogo natsionalnogo tansevalnogo isskustva” nomli monografiyasi taqdimoti ham o'tkazildi.

Yaqinda poytaxtimizning Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston milliy kutubxonasida san'atkorlar oilasi — O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Asatillo Xoliqov va Barnoxon Xoliqovalarning hamkorlikda ijod qilayotganiga 45 yil to'lishi munosabati bilan madaniy-ma'rifiy tadbir o'tkazildi. Unda oilaviy juftlik haqida suratga olingan “San'atdan baxtini topganlar” hujjatli filmi namoyish qilindi. Hindiston davlatida ingliz tilida chop etilgan “Savat” raqsiga bag'ishlangan “Cyrdarya “Basket” danke group” kitobining taqdimoti ham bo'lib o'tdi. Anjumanda so'zga chiqqan raqs san'atining taniqli mutaxassislari “Savat” raqsi ham Xorazmning “Lazgi”si kabi YuNESKOning reprezentativ ro'yxatiga kiritilishiga loyiq ekanligini ta'kidladilar.

O'tgan yili mazkur raqs haqidagi kitoblar Tailand davlatida tay va ingliz tillarida, Ozarbayjon davlatida ozar va ingliz tillarida nashrdan chiqdi.

Ha, shunday, Sirdaryoning sirli “Savat”i dunyoni zabt etmoqda.

Muhammadali AHMAD,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi

 a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + eight =