Cheksizlikning chegarasi bor

— deydi O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, taniqli rassom Azamat SATTOR

Ko'ngil ko'zgusiga ko'z bilan boqib bo'lmaganidek, buyuk golland rassomi Vinsent van Gog mo'yqalamiga doir rang-barang kartinalar manzaralariga ham tasavvurni jamlamay biror-bir ilg'amni anglash mushkulroq: bir qaraganda xira, yengil chang qoplagan tumanli ko'rinish aks etsa, yana bir qarashda yorqinlik harir parda ichida tong yog'dusiday suzib chiqib, ongu shuuringiz puchmoqlarini oydinlikka yo'g'raydiki, beixtiyor tebranib ketasiz. Hamon yaxshi eslayman, talabalik davrida Van Gog hayoti va ijodi haqida tasvirga olingan “Hayotga tashnalik” badiiy filmi bu rassom olamiga sayohat etishga undagan. U paytlari rassomlarning xat jildi hajmidagi kartinalari aks etgan to'plamlar kitob do'konlarida sotilardi. Jildga joylangan suratlar 10 donadan bo'lib, eng mashhur kartinalar nusxasi edi. Narxi esa bor-yo'g'i bir so'm. Kursdoshlarimdan biri: “Buni boshingga urasanmi?” degani ham chin. Men tushunib-tushunmay termilib, o'zimcha zavq tuyganman. Keyinchalik Pikasso, Salvador Dali, Goya, Gogen, Isaak Levitan, O'rol Tansiqboyev va boshqa mashhur rassomlarning kartinalariga oshno tutinganman.

Rauf Parfining Van Gog — shoir-rassom degan iborasi meni bu ijodkorga yanada yaqinlashtirgan. Bilmadim, rassom kartinalarida ko'proq sariq rangga urg'u berganki, dunyoni abadiy tubanlik aks-sadosi fonida timsollashtirganmi, har nechuk, meni hayratga solgan. “Oyna” kartinasida rassomning ruhiy olami shundoq idrok mo'yqalami ila nusxalangan, degan ishoralar bor.

Van Gog absent (ruhiy buzilish) xastaligi tufayli qulog'ini kesib fohishaxonaga yuborgan, degan gap qariyb bir asrdan beri uning muxlislari tasavvurini chalg'itib kelgan. Yangi tadqiqotlarga ko'ra, “1888 yilda Van Gog Fransiya janubiga o'tib, Pol Gogenni o'z shahri Arlda yashashga ko'ndiradi. Van Gogning behalovat ruhi Gogenning osoyishta, barqaror fe'lini ko'tara olmadi. Do'stlar bir tom ostida yashay olishmadi.

Bahs va janjallar doimiy tus ola boshladi. Ikki oydan so'ng esa Gogen ketishga ahd qiladi. Germaniyalik tarixchilar Gans Kaufman va Rita Vildeganslar fakt hamda politsiya arxivlarini o'rganib chiqib, bu ikki do'st orasida duel bo'lgan, degan xulosaga kelishdi. Otishma chog'ida sobiq dengizchi va juda yaxshi qilichboz bo'lgan Gogen Van Gogning qulog'ini yaralagan. Taxminlarga ko'ra, qonni to'xtatib, biroz o'zlariga kelib olgan do'stlar bu ishni sir saqlashga qaror qilishgan. Vinsent esa do'stiga zarar yetkazmaslik uchun politsiyaga bu ishni o'zi qilganini aytadi”. Ana, xolos. Yozuvchi Beylining izlanishlariga ko'ra, Van Gog hech qachon och-nahor, qashshoq yashamagan. Uning akasi Teo rassomning kartinalar ko'rgazmasini doimiy tashkil etib, Vinsentni 220 frank bilan ta'minlab turgan. Shunga ko'ra, rassomning tirikligida bitta kartinasi sotilgan degan dalillar ham shubhali. Albatta, uning asarlari yillar o'tgan sayin dunyo tasviriy san'at ahlini hayrat dunyosiga yetaklaganiyam chin. Impressionist Vinsent Van Gogning “Trinkvetayl ko'prigi” surati uchun qariyb 39,3 million dollar taklif etildi. Asar o'z xaridorini topdi” yoxud uning bir asari 137 million dollarga sotilganligi, shunga o'xshash xabarlar internet tarmoqlarida doimo yoritib borilmoqda. Buyuk rassom kartinalari ixlosmandi sifatida ulug' rus shoiri Yevgeniy Yevtushenkoning she'rini bejiz tarjima qilmaganman.

VAN GOG MONOLOGI

Biz o'ziga to'la-to'kis ishongan,

Ha, cho'ntagi quruq mohir aslarmiz.

Homeru Rembrand qovurg'asidan

Tug'ilgan bizdagi iste'dod so'zsiz.

Bizga kerak emas ortiqcha siylov,

Rasmiy doiraning marhamati ham.

Buddayu Iso ham kerakmas birrov,

Qora non bo'lsa bas, faqat bir tishlam.

Qog'ozlaru loylar, yo mato kerak!..

Notali belgilar, bo'yoqlar, siljing!

Shakliga ko'ra yer eskidir beshak,

Unga yangi shakl baxsh etgaymiz so'ng.

Mayli, eshitaylik hushtakbozlikni,

Bemahal hurishni eshitaylik biz.

Qancha bekitmasin yolg'on kunlarni,

Siz-la mohirona qasos olgaymiz.

Bizning iste'dodga ishonmaganlar

Va panada g'iybat qilganlardan ham.

Qani, olg'a, qattiq beraylik zarba,

Aniqlik nishonin mo'ljallab bardam.

O'rningizdan turing, og'aynilar, tez,

Yo'lga chiqish vaqti yetildi, yetar.

Aslida, sizu biz qanchalik boymiz,

Ey cho'ntagi quruq mohir ustalar!

 

Van Gog haqida minglab afsonalar mavjud. Tasviriy san'at va adabiyot darg'alari hayoti xalq ko'z o'ngida turgani uchun ham ularning asarlari e'zozda. Bu bilan istalgan rassomning kartinalarini qoyilmaqom tarzda baholashga qodirman demoqchi emasman. Yonginamda ijod qilayotgan, kezida bir ariq suvini ichib, gurung gulxanini yoqib, suhbatdosh birodarim Azamat Sattor ijodiga bir nazar solmoqqa jur'at etdim. Zamondosh ijodkor bilan hamnafas bo'lish, uning kamtarin mehnatini elga arg'umon etmoq do'stning burchi desam, tarix g'ildiragini teskari aylantirib yuborgan bo'lmayman. Qolaversa, ulug' rassom Van Gogga xos imo-ishoralarga boy kartinalari mavjud desam-da, yanglishmayman. Keling, bir lahza uning ijodiy xaritasiga nigoh tashlaylik.

Azamat Sattor O'zbekiston Badiiy Akademiyasidagi o'zbek xalqi milliy merosining ajralmas, nodir qismi sifatida Vatanimiz hududida qadim zamonlardan mavjud bo'lgan jahon tasviriy, amaliy, miniatyura san'ati tarixi va rivojiga buyuk hissa qo'shayotgan rassomlardan sanaladi.

Badiiy akademiya tasviriy va amaliy san'at, dizayn yo'nalishlarini rivojlantirish, akademik badiiy ta'limning izchilligini ta'minlash bilan bog'liq vazifalarni hal etishga mas'ul ijodiy muassasa hisoblanadi.

U mehnat faoliyati davomida yosh ijodkorlarga saboq berish bilan bir qatorda, shahar, viloyat hamda respublika miqyosida o'tkaziladigan ommaviy-madaniy, ma'rifiy tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda.

Jumladan, “Mustaqillik” va “Navro'z” umumxalq bayramlarida, xalqaro festivallarning ochilish tantanalariga bag'ishlangan tadbirlarda sahna bezak ishlarining bajarilishida bosh rassom sifatida faol ishtirok etib kelmoqda.

Uning ijodiy faoliyati davomida rang-tasvir janrida “Mashshoqlar”, “Visol”, “Qashqadaryo siymolari”, “Qiyalikdagi uy”, “G'iylon manzaralari” turkum asarlari, “Sarchashma”, “Subhidam”, “Raqs”, “Yerqo'rg'on”, “Fermer”, “Dorul saodat”, “Kuz manzaralari”, “Ruzana”, “Ko'k buloq”, “Mingchinor” kabi 200 dan ortiq san'at asarlari respublika hamda dunyoning yetakchi davlatlarida o'tkazilgan san'at festivallarida namoyish etilgan.

Jumladan, 1991 yilda Tojikistonda o'tkazilgan xalqaro festivalda “Zaharli hayot” va “Jononga bordim bir kecha” deb nomlangan asarlari bilan qatnashib, “Eng yaxshi sahna rassomi” naminatsiyasi bo'yicha g'oliblikni qo'lga kiritgan.

Shuningdek, 2000 yilda Misrda o'tkazilgan xalqaro teatr festivalida “Manqurt” asari asosida ishlangan “Nayman ona nidosi” spektakli bilan qatnashib, tomoshabinlar tomonidan yuqori ehtirom bilan qabul qilingan.

“Qarshi shahrining 2700 yilligi”, “Qadim va boqiy Buxoro”, “Samarqand shahrining 2750 yilligi” hamda “Sharq taronalari” xalqaro festivallarida badiy bezak ishlarini bajargan.

U Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati muzeyining ochilishida muzey ekspozitsiyalarini shakllantirgan. Mazkur maktabning devorlarida mahobatli Abdulla Oripov kompozitsiyasini yaratgan. Bundan tashqari, Qarshi shahridagi “Motamsaro ona”, “Abdulla Oripov”, “El-yurt tayanchi” monumenti va O'zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti “Islom Karimov” haykallarining ta'mirlash ishlarini muntazam ravishda olib bormoqda.

2018 yili Shahrisabz shahrida o'tkazilgan I Xalqaro maqom san'ati anjumanidagi sahnalashtirish badiiy bezak ishlari jarayoniga qo'shgan salmoqli hissasi va faol ishtiroki uchun O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirining “Faxriy yorlig'i” bilan taqdirlangan.

Uning ijodiy guruhi Italiya, Misr, Fransiya, Belgiya, Rossiya, Qirg'iziston, Tojikiston va boshqa davlatlarda ijodiy safarlarda bo'lib, o'zbek san'atini keng targ'ib qilgan.

Bundan tashqari, “Uyg'unlik”, “G'iylondagi uy” asarlari “O'zbekiston rassomlari” kitobiga kiritilgan. Hozirgi kunda uning ijodiy asarlari “O'zbekiston san'ati” jurnallarida doimiy chop etib kelinmoqda.

Uning sa'y-harakatlari bilan teatr sohasida sahnalashtiruvchi rassom sifatida “Sohibqiron”. “Ruhlar isyoni”, “Nodirabegim”, “Brud yoxud Sezarning qotili”, “Jannatga yo'l”, “Shayx Sanon”, “Mehribonginam” kabi san'at asarlari tomoshabinlar e'tirofiga sazovor bo'lgan.

A.Sattorov tashabbusi bilan 2020 yilda Toshkent shahridagi markaziy “Ko'rgazmalar” zalida 1 oy davomida “Qashqadaryo rassomlari” ko'rgazmasi tashkil etildi.

Bundan tashqari, Qarshi shahridagi A.Navoiy bog'ida O'zbekiston mustaqilligining 29 yilligi, viloyat hokimligida 9 may Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayramlarda sahna va badiiy bezak ishlarini bajargan.

Azamat Sattorning har bir kartinasida ranglar sharpasi turfa chiziqlarda tovlanadi, quloq eshitmas kuy yanglig' iztiroblar giryasi alangasini yoqadi. Eng muhimi, aql so'qmaydi, ilohiy ehtiroslar quyuni o'ramida inson nolasi azaliylik simfoniyasiga jo'r bo'ladi. Quyidagi kartinaga qarab esa darrov xulosaga kelasiz: Dunyo — ajdarho!

Bu, albatta, zohiriy tushuncha. Lekin azaldan tubanlik abadiy ildiz otgan. Balzak “Baxtsizlik eng yaxshi murabbiy” deganidek, baxtdan baxtsizlikni topamizmi yo baxtsizlik baxtning tug'imi, anglashga ojizmiz. Oniy lahzalarda baxtning shukuhidan yayraganimiz chin. Baribir, bizni bir bekat kutadi: u — judolik. Ikki nuqta orasida umrimiz kecharkan, inson irodasi sinov chig'irig'ida azob tortmoqqa, dard chekmoqqa, tuzoq olovini ichmoqqa mahkummiz. Suratda go'yo hayotning o'ziyam tuzoqqa ilingandek nonekbin taassurot uyg'otadi. Aslida, nonekbinlikda hayot mujassam.

Bu kartinada esa olam va odam sayyorasining tanholigi, odam harakatida olam harakati uzviyligi va tadrijiyligi, anglamsiz ishoralarda anglash mumkinligi savqi tabiiy tashxislanganligi bilan mo''jizakordir. Biz qaysi rakursda shuur ko'ziga suratga olmaylik, qalbni to'yintiradigan tasavvurlar bayonida o'z sharhimizni bitishga intilamiz.

Inson o'z nuqtai nazari bilan olamni inkishof etmoqqa intiladi. Kartinaga boqib, har bir odam o'z koinoti saltanatining hukmdori ekanligiga iymon keltirasiz. Ana shu saltanatni kunpoya qilgan odam xayol quliga aylanishi muqarrar. Azamat bu kartinani modernizm tamoyillaridan ko'ra Sharq ertaklari asnosida mo'yqalamda chizgan. Tasavvurlar uyg'oq, xayol tulpori yuksaklikning tizginsiz kengliklarida samoviy zavqdan yulduz teradi. Tog'lar o'ychan, ular chollardek chordana qurib, suhbat qurayotganday, nazarimda. Tabiat va inson uyg'unligi mangulikka daxldorlik tuyg'usini uyg'otadi. Umuman, rassomning kartinalari yuksak tafakkur namunalaridir, unda ilohiy savqi tabiiylik ham singgan.

O'roz HAYDAR

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + two =