Forobiydan bizga qadar

…Bunga televidenie orqali yoki sahnada guvoh bo'lgansiz. O'zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov g'ijjakni sayratib yuboradi, sozanda shu qadar nag'ma bilan, g'ijjakni goh tizzasiga qo'yib, goh yelka qismiga chiqarib chaladiki, kuydan behad ta'sirlanasiz. Maqom ansambli sozlari tarkibida chalinadigan ushbu cholg'u ohangi shu darajada diltortarki, tinglagan sayin ohang sizni o'ziga tortib ketgandek bo'ladi.

Ma'lumotlarga ko'ra, g'ijjakning yaratilishi sulton Mahmud G'aznaviy zamoni, ya'ni X-XI asrlarga to'g'ri keladi. “Ziynat-ul-majolis” (“Ziynatlarning majlisi”) 1-antologiyasida keltirilishicha, g'ijjakni ilk bor buyuk olim va musiqashunos Abu Nasr Forobiy ixtiro etib, davralarda kuy chalgan, tinglovchilarni hayratda qoldirgan. Rivoyat qilishlaricha, Forobiy Ray shahrida Sohib ibn Abbod saroyida vazir sharafiga o'tkazilgan ziyofatda o'zi ixtiro etgan cholg'u bilan kuy ijro etib, barchani yig'latgan, kuldirgan, hayajonga solgan.

Ushbu cholg'u o'tmishda “g'ipjak” nomi bilan atalib, sozgarlar zamon talabiga moslashtirib yasagan. Yillar o'tgani sari g'ijjak takomillashib borgan. Darvesh Ali Changiy o'zining musiqiy risolasida ushbu cholg'uni chalish bilan shug'ullangan ustoz Zaytuniy-G'ijjakiyning tengi yo'q sozanda ekanligini, maqomning turli pardalarida chiroyli kuylar bastalaganligini e'tirof etadi. Alisher Navoiy hazratlari g'ijjakni “…u cho'ziq nolalar chekib, yolboradi”, deb ta'riflaydi.

Said Ahmad G'ijjakiy (XIV-XV asr) haqida Zayniddin Vosifiy “Badoe'-ul-vaqoe'” asarida shunday deydi: “Sozandalar peshvosi Ahmad G'ijjakiy g'ijjagining tosi (kosasi)dan taralayotgan nafis ohang falakdagi sharq quyoshi zarrin jomidan taralayotgan nurga munosibdur. Jannat hurlari g'ijjak kamoni uchun o'z anbarin soch tolalarini kestirurlar”. Dastlab g'ijjak ikki torli bo'lgan, Zahiriddin Muhammad Bobur davrida sozgarlar unga uchinchi torni qo'shgan. “Boburnoma”da qayd qilinishicha, o'sha zamonning mashhur sozandasi Qulmuhammad Udiy g'ijjakka uchinchi torni tortib, o'zining ajoyib ijrochilik mahoratini namoyish etgan.

G'ijjak tut, o'rik, nok, yong'oq daraxtidan o'yma usulda tayyorlanib, kosasi ustiga baliq terisi qoplanadi. Kosa bilan dasta yog'och yoki temir o'q orqali zich qilib birlashtiriladi. Xarragi kosaning dastasi bilan tutashgan joyiga yaqinroq, ya'ni teri usti (membrana)ga o'rnatiladi. Yuqori xarrak fil suyagi, qattiq yog'och yoki plastmassadan yasalishi kerak. Ba'zi sozgarlar estetik zavq bag'ishlashi uchun cholg'uni sadaf, fil suyagi, plastmassadan foydalangan holda chiroyli naqsh bilan bezatadi.

Dastasi, quloqlari va xarragi mus­tahkam yog'ochdan qilingani uchun g'ijjak yuz yil, hattoki undan ham ko'proq xizmat qilishi mumkin. Sozgar bitta g'ijjak yasashi uchun oylab sabr-toqat bilan erinmay ishlaydi. Abdunabi Abdug'afurov, Asqarjon Ergashev, Abdumalik Madrimov, Azamat Islomov kabi qo'li gul ustalar yasagan g'ijjak­lar yangi avlodga mansub sozgarlar uchun namuna bo'lib xizmat qilib, qo'ldan qo'lga o'tmoqda. Yunus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa san'ati instituti dotsenti Nabijon Qodirov bu haqda o'z fikrlari bilan o'rtoqlashadi:

— G'ijjak o'n bir qismdan iborat cholg'u: bosh qism, quloqlar o'rnashadigan joy, quloqlari, yuqori xarrak (shayton xarrak), dasta, torlar, kosa, teri (membrana), xarrak, tor ilgich, taglik (sixcha). Cholg'u kamonli sozlar oilasiga mansub, unda kuy kamon orqali ijro etiladi. Kamon tuzilishiga qarab skripka va an'anaviy g'ijjakka xosligi bilan farqlanadi. Hozirgi vaqtda asosan, skripka kamonidan keng foydalanilmoqda. XX asrning birinchi yarmida cholg'ushunos olim, o'zbek xalq cholg'ulari orkestri asoschisi, taniqli dirijyor A.Petros­yans rahbarligida sozgar ustalar o'zbek milliy cholg'ularini qayta ishlab, yanada takomillashtiradi. Qadimiy cholg'u asbobi Yevropa akademik ijrochiligi talablariga moslashtirilgach, uning tovush ko'lami yanada kengayib, hozirgi shaklini olgan. Uning dasta qismi skripkanikiga o'xshatib ishlangan. Bu g'ijjakda an'naviy va akdemik uslubda birdek kuy ijro etish imkoniyatini beradi.

Maqom taronalarini tinglaganda, beixtiyor tebranib, kuydan mutaassir bo'lamiz. Maqom ansamblida har bir milliy cholg'uning o'rni bor, Masalan, tanburning o'rnini g'ijjak bosolmaydi. G'ijjak ishtirok etmasa, maqom kuylariga xos qochirim, bezak, nolani boshqa sozlar to'liq ifodalab bera olmaydi. O'zbek maqom san'atida X asrdan boshlab g'ijjakning o'z o'rni bor.

To'xtasin Jalilov, G'anijon Toshmatov, Komiljon Jabborov, Doni Zokirov va boshqa ustozlarning g'ijjak ijrochiligidagi an'analarini Abduhoshim Ismoilov davom ettirmoqda. U g'ijjak imkoniyatlarini teran idrok etadi, dutor, rubob, tanburning sir-sinoatlaridan boxabar bo'lgani bois, g'ijjakning “ichiga” kira oldi. Bu musiqa asbobini o'zlashtirish qanchalik murakkab bo'lmasin, sozandada ijro etish imkoniyatining ustunligi bunga aslo monelik qilmagan. Ustoz Farg'ona-Toshkent maqom yo'lida milliy ohanglarni mohirona qo'llaydi, shtrixlarni me'yorida beradi, asar mazmunini chuqur ifodalaydi, tovushning tordan “qochishiga” yo'l qo'ymaydi, kamonni tor uzra noziklik bilan yurgizadi.

Yunus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa san'ati institutida yosh g'ijjakchilarni tayyorlash, ular mahoratini oshirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Ta'lim jarayoni uchun taqdim qilingan darslik va qo'llanmalar yosh sozandalarning nazariy bilimini oshiradi, albatta. Mazkur oliy ta'lim dargohi bakalavriat va magistratura bosqichlarida yosh g'ijjakchilarga puxta bilim berilayotir. Nazariy mashg'ulotlar haftasiga ikki marotaba bir soatdan yakka tartibda o'tiladi. Malakaviy amaliyotni o'tash uchun ular musiqa, san'at yo'nalishidagi ta'lim muassasalari va ansambllarga yuborilmoqda.

Hulkar TO'YMANOVA,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + thirteen =