Muazzamxon G'ofurova: “Yoshlik kuylaydi, yoshlik o'ynaydi”
Muazzamxon G'ofurova — XX asrning 80-90 yillaridagi o'zbek milliy raqs san'atining iste'dodli, yorqin yulduzi. Umrboqiy mumtoz musiqa merosimiz qudratini o'z raqslari vositasi bilan butun dunyoga namoyish eta olgan raqqosa. Muazzamxon o'z ijodi bilan milliy raqs san'atimiz tarixida Halima Komilova, Mukarrama Turg'unboyeva, Qunduz Mirkarimova, Qizlarxon Do'stmuhammedova, Ma'mura Ergasheva, Rushana Sultonova kabi sevimli malikalari safidan o'rin oldi. U o'zining maftunkor o'yinlari, hayo-iboga to'liq sehrli raqsiy harakatlari bilan minglab o'zbek qizlari qalbida milliy kuy-qo'shiq va milliy raqs san'atiga qiziqish uyg'otdi. Ortiq Otajonov, Sherali Jo'rayev, Nuriddin Hamroqulov, G'ulomjon Yoqubov, Nuriddin Haydarov, Rahmatjon Qurbonov, G'iyos Boytoyev, Yulduz Usmonova, Oxunjon Madaliyev kabi ashulachilik darg'alari kuylagan qo'shiqlarga qanot bag'ishladi.
Markaziy Osiyo xalqlari, millatidan qat'i nazar, ushbu jozibali raqslarni hamon muhabbat bilan tomosha qiladilar. Muazzamxonni hamisha izlaydilar, sog'inadilar, nafosat va go'zallik shaydolari pinhona muxlislik sevgilarini o'z duolarida izhor etadilar. Bunday baxt va omad el suygan, taqdir erkalatgan insonlargagina muyassar bo'ladi.
San'at muxlislari hanuz unutmagan xilqat, sohir xiromlari, latif harakatlari o'ziga yarashgan san'atkor, nimtabassumli nurli yuzi ming-minglab yuraklar to'ridan joy olgan o'zbek qizi, zamondoshlari tasavvurida yoshlik va go'zallik timsoli, milliy raqs san'atimizni jahon xalqlariga manzur eta olgan mohir raqqosa Muazzamxon G'ofurova bilan suhbatni siz mushtariylarimizga havola etdik.
— Muazzamxon, avvalo, o'zingiz haqingizda, ota-ona, ustozlaringiz, san'at dunyosiga kirib kelishingiz to'g'risida so'zlab bersangiz.
— Men 1965 yili Buvayda tumani markazi Yangiqo'rg'onda, ashula va askiya san'ati makoni bo'lgan, Rasulqori Mamadaliyev, Kamoliddin Hamroqulov, Abdulatif Xoldorov, Sherqo'zi G'oziyev kabi mashhur hofizlar yetishib chiqqan tabarruk go'shada tug'ilganman. Otam rus tili va adabiyoti o'qituvchisi bo'lgan. Shaxmat o'ynashni sevgan, tuman miqyosidagi musobaqalarda g'olib bo'lib tanilgan. Onam oddiy uy bekasi edi. Dadam shaxmat o'yiniga berilib, ro'zg'orga umuman qaramaganlar. Shu tufayli onam arazlab, misoli beva ayol kabi ro'zg'or tashvishini o'z bo'yniga olgan. Yoshlik chog'imda shu sababli dadamni hurmat qilmagan bo'lsam ham, hozir kechirganman. Chunki o'sha paytlarda sportning noni bilan kun ko'rib bo'lmas edi. Odamlarning aytishicha, dadamning iste'dodini ro'yobga chiqaruvchi muhit bo'lganda Garri Kasparov kabi mashhur shaxmat ustasi bo'lib tanilgan bo'lur edi. Aytishlaricha, dadamning katta bobosi imorat quruvchi usta bo'lib, Xoja Muhammad Valiy jome' masjidini qurishda bosh usta vazifasini bajargan. Masjid devoriga nomi yozib qo'yilgan. Shunday qilib, ota-onam boytumanlik bo'lishsa ham Yangiqo'rg'onda yashaganlari sababli, men shu qishloqda tug'ilib o'sganman.
Tuman markazidagi 1-o'rta maktabda 5-sinfgacha o'qib, keyin 6-sinfdan boshlab Toshkent xoreografiya maktab-internatida, o'zbek guruhida ta'limni davom ettirib, 1983 yili 11-sinfni bitirganman. Shuni aytishim kerakki, men 6 yoshimdan boshlab sahnada raqs tushishni boshlaganman. Xoreografiya maktabi o'quvchisi paytimdayoq turli tadbirlarda doimiy qatnashganman, yoshlar o'rtasida o'tkazilgan ko'rik-tanlovlar sovrindori bo'lganman. 1985 yili Moskvada bo'lib o'tgan san'atkor yoshlar festivalida O'zbekiston raqs san'atini 15 respublikadan kelgan tengdoshlarimga namoyish etib, olqishlarga sazovor bo'lganman. Shuning uchun ko'p o'tmay, O'zbekiston davlat filarmoniyasi tarkibidagi “Lazgi” ansambliga ishga taklif etildim. Ansamblda 24 yoshimgacha, ya'ni turmushga chiqqunimgacha, 6 yil tanaffussiz ishladim.
— Siz raqsni kimdan o'rgangansiz, bunchalar qiziqish sizda qanday paydo bo'lgan?
— Yoshligimda buvilarimning suhbatini eshitib, childirma chalib, ashula aytishlarini kuzatib katta bo'lganman. Uyimiz devorida ayollar doirasi — gijbang childirma doimo osig'liq turardi. Mahalla ayollari yig'ildi deguncha ashula aytish, o'yinga tushish avjiga chiqardi. Buvilarim meni ham o'yinga taklif etar, raqsimni ko'rib, xursand bo'lishar, chin dildan quvonishar edi. Ular aytgan ashula va laparlarni yodlab olardim. Keyin hech kim yo'q paytlarda ham o'zim ashula aytib, o'zim o'yinga tushar edim. Bu menga Toshkentda raqs maktabida o'qigan vaqtimda juda asqotgan. To'g'risi, mening raqsga bo'lgan muhabbatim, avvalo, milliy ashula va musiqalarni sevishimda, so'z san'atini qadrlashimda bo'lsa kerak.
— Bilishimizcha, sizga ilk bor raqs o'rgatgan ustoz mohir baletmeyster Shokir Ahmedov bo'lgan. Ammo Umarjon aka degan pedagog ham sizga murabbiylik qilgan ekan. Buning o'zi ham bir tarix bo'lsa kerak. Ayniqsa, odam o'ziga ilk bor yaxshilik qilganni bir umr unutmaydi.
— Ha, Umarjon domla tuman madaniyat bo'limi xodimi edilar. Bir kuni onam meni madaniyat uyiga olib bordi. “Mana, sizga maqtagan qizim Muazzamxonni olib keldim, qanday raqsga tushishini ko'ring”, dedi.
Umarjon domla stol ustiga qo'yilgan magnitofon tugmasini bosdi. Rasulqori Mamadaliyevning “Qizbolaga atlas ko'ylak yarashmaydimi?” ashulasi yangradi. Ular meni o'yinga tushishga undashdi. Bir oz taraddudlanib turib, ashula ohangiga mos raqsga tushib ketdim. Raqsimni ko'rib, Umarjon aka ashulani to'xtatib, boshqa kasseta o'rnatdi. Sanobar Rahmonova ijro etgan “Davramizda quyosh porlar, nurlar tarab, yor-yor” ashulasini qo'yib berdi. Bu ashulaga ham mos raqsga tushdim.
Umarjon domla onamga: “Musharrafxon, bu qizingizda o'zgacha talant bor, kelajakda raqs san'ati yulduzi bo'ladi! Siz yo'qchilikdan nolimang, g'am chekmang, Muazzamxonga o'zim homiylik qilaman. Kerak bo'lsa, Toshkentga, xoreografiya maktabiga olib boraman. Muazzamxon tumanimiz dovrug'ini kelgusida respublikamizga yoyadi”, dedi. Menimcha, “Chashma”da ishtirok etishimda ham Umarjon domlaning tavsiyasi bo'lgan.
— Siz “Lazgi” ansambli tarkibida juda ko'p konsertlarda qatnashgansiz, Ortiq Otajonov, Feruza Solihova, Rahmatjon Qurbonov, Qo'ziboy Otajonov kabi san'atkorlar bilan ishlagansiz. Xorijiy mamlakatlardan AQSh, Yaponiya, Marokash, Germaniya, Islandiya, Rossiya, Qozog'istonda bo'lgansiz. O'sha sayohatlar paytida esingizda qolgan eng hayajonli voqealardan so'zlab bering.
— 1985 yili Rossiyaning Naxodka oroliga konsertga bordik. Dengizda Rossiya kemasi bilan Yaponiya kemasi birlashtirilgan. Bizning kemaga yapon san'atkorlari tashrif buyurishdi. Men “Doira” raqsini ijro etdim. O'ttizta zarbli asboblar jamlanmasini chaladigan mohir yapon ijrochisiga mening raqsim ma'qul bo'ldi, shekilli, nomimni tilga olib, rosa maqtovlar yog'dirdi. Falakning gardishi bilan “Lazgi” ansambli tarkibida Yaponiyaga, Tokio shahriga bordik. Konsertga o'sha mohir musiqachi ham keldi. Bir payt “Muazzam” deb huzurimga yugurib keldi. Ortiq Otajonov: “Yo, alhazar, Muazzamni yaponlar ham tanir ekan-a!” deb hayratlanib ketdi. Mening raqsimni zavq bilan tomosha qildilar. Yapon musiqachisi bir necha sovg'a-salomlarni bitta o'zimga hadya qildi.
Esda qolgan ikkinchi muhim voqea: Amerikadagi vatandoshlar taklifi bilan u yerga borganimizda, mashhur xonanda Muhabbat Shamayeva (menga va boshqa yosh san'atkorlarga qarata): “Tanovar”, “Lazgi”, “Farg'ona ruboiysi”, “Ushshoq”, “Bozurgoniy”, “Feruz” kabi mumtoz ashulalarni ijro etishdan, yoshlarga o'rgatishdan, ularga qo'yilgan milliy raqslarni ijro etishdan aslo to'xtamanglar, iltimos, axir bu mangu meros, o'zbek xalqining mislsiz boyligi, dunyoda mavjudligidir. Biz Amerikada mana shu kuy-ashulalar va o'ziga xos raqslar lazzati bilan nafas olamiz”, — dedilar. Bu iltijo mening qalbimda manguga saqlanib qoldi.
— Sizningcha, musiqa va ashulaning raqsdagi ahamiyati qanday?
— Bilasizmi, meni raqsga tushirgan bu — kuy va ashula, sehrli musiqa asbobidan taralgan dilrabo kuylar, hofizlarning jo'shqin nolalari. Men, avvalo, musiqa va ashulani jon qulog'im bilan tinglayman. Ijro meni sehrlaydi, baytlar ma'nosi hislarimni junbishga keltiradi, so'ng uning mazmuniga muvofiq raqsga tushaman. Deyarli barcha raqslarimning ashulasi so'zlarini, kuylari yo'llarini yoddan bilaman. Ichimda kuylab turib, o'ynaganman.
Ko'pchilik mendan “Raqs nima?” deb savol beradi. Bu xuddi “Quyosh nima, suv nima?” deb so'rashdek gap. Raqs insonning kuy-ashulaga mos ravishda o'z jismoniy harakatlari bilan o'y-fikrini, dil muddaosini izhor qilishi, iltijosi, iltifoti, hayotga shukronasidir. Kuy-qo'shiq ong orqali ruhni beqaror qiladi. Tana esa ruhning izniga bo'ysunib, o'ynaydi. Bu o'yin tomoshabinda o'zgacha hissiyot hosil qiladi. Tomoshabin bu kuy-qo'shiqqa o'zi bu darajada o'ynay olmasligini anglab, raqqosaga tan beradi. Natijada raqqosa bilan tomoshabin o'rtasida zavq-shavq paydo bo'ladi. Ya'ni shavq raqqosadan, zavq esa tomoshabindan. Raqsga tusha bilish insonga berilgan noyob in'om.
Sharqning bir mashhur arbobi bir qabila xalqi chaladigan musiqa asbobini ko'rib, uning nimaligini so'rabdi. Qabila vakili: “Bu falon musiqa asbobi, bu bilan aqllar o'lchanur”, debdi. Qabilada bola tug'ilgandan keyin uning oldiga musiqa asbobini yaqinlashtirib, chalib ko'rishar ekan. Agar bola ko'zini katta ochib, u yoq-bu yoqqa qarasa yoki miyig'ida kulsa, bu bola sog'lom ekan, deb xotirjam bo'lishar ekan.
Afrikaning qaysidir davlatida yashovchi qabilada bola kasal bo'lib qolsa, gulxan atrofida raqsga tushirishar ekan, bola terlab-pishib o'ynab, charchab uxlab qolar, uyg'ongach yengil tortib, tuzuk bo'lib qolar ekan. Demak, raqs davolash, ruhni yengil qilish vositasi bo'lib ham xizmat qiladi.
— Muazzamxon, siz “Tanovar”, “Munojot”, “Dilxiroj”, “Lazgi” kabi mumtoz ashulalarimizga, doira sadolariga o'zgacha ixlos, muhabbat va e'tiqod bilan raqsga tushgansiz. Ushbu raqslaringiz bilan dunyo sahnalarida o'zbek san'ati durdonalarini namoyish etganingiz uchun xalqimiz mehri, olqishiga muyassar bo'lgansiz. Buni ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etiluvchi raqslaringizni tomosha qilgan muxlislarning dil so'zlaridan ham bilsa bo'ladi. Bunday samimiy so'zlarni odamlar har kimga ham yozavermaydi. Bu chinakam muxlislik, chinakam mehr izhorlari. Yuzlab muxlislar Muazzamxonning chaqmoqdek charaqlab, keyin ko'rinmay qolganidan afsus va nadomatlarini ham bayon etishgan.
— Hamma muxlislarimga raqs san'atini sevishgani, iste'dod uchun qayg'urishlari uchun minnatdorchilik bildiraman. Men bir oddiy raqqosaman, oddiy bir o'zbek qiziman. Yoshlikda o'ynadik, tarixda nimadir qoldi. Afsus, vaqt orqaga qaytmaydi. Baribir “Yoshlik bizni tashlab ketadi”, biroq dunyoda “Mehr qolur, muhabbat qolur”.
Keyingi paytlarda faqat kitob o'qidim, bilimsizligimni anglab, o'z-o'zimni kashf etishga intildim. Yurtimni kezib, poyi piyoda sayohat qildim. Tobora obod bo'lib, har sohada yuksalib borayotgan Vatanimiz ravnaqidan, odamlarning farovon yashashidan chin dildan quvonaman. Meni unutmagan, meni sevgan san'atsevar xalqimga ta'zim qilaman. Ayni kunlarda nafaqaga chiqib, do'stlarim bilan hayot zavqini surib yuribman. Ikki o'g'ilning onasiman. Uy-joyim bor. Muxlislarim bor. Armonim yo'q.
Vatanimizda raqs san'atini rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda. “Bahor” ansambli qayta tiklandi. Men ta'lim olgan maktab negizida O'zbekiston xoreografiya akademiyasi tashkil etildi. “Xorazm lazgisi” insoniyat nomoddiy boyliklari umumjahon ro'yxatidan joy oldi. Bolalar raqsini yanada rivojlantirish kerak, har tomonlama kamol topish uchun xizmat qiladi. O'g'il-qizlarimiz kuylasin, o'ynasin. Yoshlik kuylaydi, yoshlik o'ynaydi. Yoshlikda hamma narsa yarashadi! Biz onalar ularni duo qilaylik. Yurtimizda farovonlik ustuvor bo'lsin!
Ikromiddin OSTONAQULOV
suhbatlashdi.