Pokistondagi “Daily Ittehad” gazetasining O'zbekistonga bag'ishlangan maxsus soni chop etildi

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning O'zbekistonga rasmiy tashrifi arafasida ushbu mamlakatdagi

“Daily Ittehad” gazetasining O'zbekistonda kechayotgan islohotlar va ikki tomonlama munosabatlarga bag'ishlangan maxsus soni chop etildi.

Nashrda jurnalist Muhammad Abbas Xanning “Pokiston va O'zbekiston tinchlik va taraqqiyot yo'lida”, BMTning Inson huquqlari qo'mitasi a'zosi, akademik Akmal Saidovning “Yangi O'zbekiston diplomatiyasi: jadal va samarali qadamlar”, gazeta bosh muharriri Tahir Faruqning “Lahorda O'zbekiston sanoat mahsulotlari ko'rgazmasi o'tkazildi” va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovning “O'zbekiston – 2030: Yangi davlat dasturining aholi hayotidagi ahamiyati” sarlavhali maqolalari chop etilgan.

Jumladan, jurnalist Muhammad Abbas Xanning “Pokiston va O'zbekiston tinchlik va taraqqiyot yo'lida” sarlavhali urdu tilida chop etilgan maqolasida ikki mamlakat o'rtasida diplomatik va iqtisodiy aloqalar so'nggi yillarda izchil rivojlanib, yanada mustahkamlanayotgani ta'kidlangan. Bosh vazir Shahboz Sharifning O'zbekistonga bo'lajak tashrifi esa o'zaro hamkorlik va mintaqaviy taraqqiyotning yangi davrini ochib berishi, mamlakatlarimiz o'rtasidagi rishtalarni kuchliroq jipslashtirishi, bog'liqlik tashabbuslarini hayotga tatbiq etishni jadallashtirishiga urg'u berilgan.

“Oliy darajali tashrif chog'idagi ochiq va do'stona siyosiy muloqot iqtisodiy munosabatlarni ilgari surish maqsadida manfaatli savdo yo'laklaridan foydalanish va yangi mintaqaviy bog'liqlik tashabbuslarini kelishish, avtomobil va temir yo'l transport infratuzilmalarini rivojlantirish, milliy iqtisodiyotlar uchun bir-birlarining hamda yangi bozorlarga chiqish uchun sharoit yaratish, mintaqaviy tinchlik, xavfsizlik va barqarorlik uchun hamkorlik qilishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish uchun poydevor bo'lishi kutilmoqda”, – deb yozgan muallif. Muhammad Abbas Xan o'z xulosasida, O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi strategik hamkorlikning shaxdam qadamlar bilan rivojlanishi nafaqat ikki mamlakat, balki qo'shni mintaqalardagi taraqqiyot va umumiy farovonlikka ijobiy ta'sir o'tkazadi, deb ta'kidlagan.

Akademik Akmal Saidov muallifligidagi  maqolada esa mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024 yildagi faol, pragmatik va ochiq tashqi siyosati, xorijiy hamkorlar bilan oliy darajali uchrashuvlar doirasida erishilgan muhim kelishuvlar, diplomatiya yo'nalishida ko'lga kiritilgan yutuqlar hamda oldinda turgan maqsad va vazifalar to'g'risida batafsil ma'lumotlar berilgan.

Xususan:

“Yakuniga yetgan yilda Yangi O'zbekiston olib borgan faol tashqi siyosat sarhisobini xolis tahlil qilar ekanmiz, shubhasiz, global miqyosda shiddatli o'zgarishlar yuz berayotgan, sinov va tahdidlar sharoitida Yangi O'zbekiston diplomatiyasining mamlakatimiz iqtisodiy va siyosiy qudratini yanada yuksaltirish, milliy manfaatlar ustuvorligini ta'minlash, jahon hamjamiyatida ijobiy xalqaro imijini mustahkamlash bilan chambarchas bog'liq bo'lgan yutuqlariga guvoh bo'lamiz”, – deyiladi.

Shuningdek, muallif 2024 yil davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 ta xalqaro tashrifni amalga oshirgani, tashriflar doirasida 100 dan ortiq uchrashuv va muzokaralar o'tkazgani, 140 dan ortiq xalqaro tadbirlarda ishtirok etgani, 264 ta ikki va ko'p tomonlama xalqaro shartnoma va hujjatlar imzolangani, investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo'yicha kelishuvlar 2000 dan ortgani, investitsiya loyihalari va savdo bitimlari qiymati qariyb 120 milliard AQSh dollarini tashkil etganiga alohida e'tibor qaratgan.

“Daily Ittehad” gazetasi bosh muharriri Tahir Faruq qalamiga mansub maqolada joriy yil 11-13 fevral kunlari “Lahore Expo Centre” markazida mamlakatimizning “Made in Uzbekistan” sanoat ko'rgazmasi o'tkazilgani, uning doirasida umumiy qiymati 500 million AQSh dollariga teng 181 ta shartnoma imzolangani xabar qilingan.

Uch kun davomida O'zbekistonda ishlab chiqarilgan to'qimachilik, charm-poyabzal, elektrotexnika, qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat, mebel va yog'ochsozlik, kimyo, farmatsevtika sanoati mahsulotlari, qurilish materiallari hamda turizm salohiyatiga bag'ishlangan ko'rgazmaga 80 mingdan ortiq odam keldi. Tadbir doirasida ikki davlat biznes doiralari o'rtasida 500 dan ortiq “B2B” shaklida muzokaralar o'tkazildi.

Jurnalist Tahir Faruq o'zbek tadbirkorlari delegatsiyasi Panjob viloyatining yirik sanoat markazlari – Faysalobod, Sialkot, Gujranvala, Gujrat, Bahavalpur, Mo'lton va Sheyxpura shaharlariga tashrif buyurib, mazkur hududlardagi ixtisoslashgan korxonalar va ularning ishlab chiqarish quvvatlari bilan yaqindan tanishganini, aniq loyihalar bo'yicha dastlabki kelishuvlarga erishganini yuksak baholagan. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov o'z maqolasida yozganidek, mamlakatimizda 2025 yilga mo'ljallangan Davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik va ekspertlar muhokamasidan o'tkazildi, 100 ga yaqin konseptual hamda mingdan ortiq tahririy takliflari inobatga olingan holda, hujjat rasman qabul qilindi.

Maqolada davlat dasturi doirasida aholi hayot sifatini yaxshilash, ekologik barqarorlikni ta'minlash va “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy etish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangani, yashil hududlarni kengaytirish, piyodalar va velosiped yo'laklarini yaratish, ekologik toza jamoat transportini rivojlantirish, yomg'ir va oqova suvlarni qayta ishlash orqali suv resurslaridan oqilona foydalanish bo'yicha muhim choralar belgilab olingani ijtimoiy davlat qurish borasidagi muhim qadam deya ta'kidlangan.

“Hujjatda 2025 yilda iqtisodiy o'sish kamida 6 foiz, sanoat 6 foiz, bozor xizmatlari 14,5 foiz, qishloq xo'jaligi 4,1 foizga o'sishi maqsadli vazifa sifatida belgilangan. Maktabgacha ta'lim qamrovini oshirish maqsadida olis va chekka hududlarda mobil guruhlar, har bir tuman va shaharda inklyuziv ta'lim talablariga javob beradigan maktablar tashkil etiladi. Shuningdek, 3,5 ming kambag'al oila farzandlari oliy ta'lim muassasalariga grant asosida qabul qilinadi”, – deyilgan.

“Dunyo” AA,

Islomobod shahri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × two =